Yangi yil bayrami arafasida Andijon viloyatining eng olis hududi Ulug‘nor tumanida “Salomatlik karvoni” shiori ostida aholi salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan qator tadbirlar o‘tkazildi.
Viloyat hokimligi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirlarda aholi salomatligini mustahkamlash, aholining sog‘lom turmush tarzi borasidagi bilimlarini oshirish, tibbiy madaniyatni yanada yuksaltirish xususida so‘z yuritildi.

Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari Komiljon Komilov, sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Shohruhmirzo Mamajonov fuqarolarning sog‘liqni saqlash sohasiga oid murojaatlarini eshitdi, ko‘tarilgan muammo va masalalarning aksariyati joyida hal etildi.
Tadbirlar doirasida tashkil etilgan tibbiy ko‘rik davomida 81 nafar tor soha mutaxassisi, 23 nafar ixtisoslashgan tibbiyot markazlari rahbarlari tomonidan 2 ming 500 nafarga yaqin fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Fuqarolarga salomatligini yaxshilash bo‘yicha zarur tavsiya va maslahatlar berildi, bir guruh fuqarolarga davolanish hamda qo‘shimcha tekshiruvlardan o‘tish uchun yo‘llanmalar rasmiylashtirildi.

Shuningdek, tadbir jarayonida onkologik, ko‘z, o‘pka hamda ayollar kasalliklari bo‘yicha skrining tekshiruvlarini o‘tkazish uchun maxsus jihozlangan avtobuslar xizmat ko‘rsatdi.
Tadbirlar doirasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etuvchi “Salomatlik maydonchasi” hamda “Sog‘lom ovqatlanish yarmarkasi” tashkil etildi. Aholiga to‘g‘ri ovqatlanish, qandli diabet, gipertoniya kabi kasalliklarning oldini olish, zararli odatlardan saqlanish bo‘yicha tavsiyalar berildi, maxsus bukletlar va eslatmalar tarqatildi.

F. Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari