Qirg‘iziston Respublikasining O‘sh shahrida “Salom, O‘sh – 2025” II Xalqaro ko‘p tarmoqli turizm ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.
Ko‘rgazmada Germaniya, Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Ozarbayjon va Qirg‘izistondan turizm sohasida faoliyat olib borayotgan tashkilotlar, muassasalar va turoperatorlar qatnashmoqda.

Unda Navoiy viloyati delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.
Viloyat turizm boshqarmasi axborot xizmatining xabar berishicha, tadbirning ochilish marosimida viloyat hokimining o‘rinbosari Sa’dulla Mirzayev so‘zga chiqib, bugungi kunda ikki mamlakat o‘rtasida madaniy va ijtimoiy sohalarda, shuningdek, turizm sohasida ham hamkorlik keng yo‘lga qo‘yilganligini ta’kidladi. Qolaversa, ushbu ko‘rgazma turli xalqlarning madaniyati, an’analari va san’atini bir sahnaga jamlab, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik hamda barcha sohalarda hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishini alohida qayd etdi.

Ko‘rgazmada turizm va xalq hunarmandchiligi, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, idora anjomlari, texnologiya, qurilish materiallari, kiyim-kechak, uy-ro‘zg‘or buyumlari kabi yo‘nalishlardagi tovar va xizmatlar hamda oliy ta’lim muassasalari imkoniyatlari namoyish etilmoqda.
Mintaqaga turistlar oqimini oshirish, xalqaro va mahalliy turoperatorlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, mahalliy aholining turizm haqida xabardorligini oshirish, madaniy merosni ommalashtirish hamda tovar va xizmatlarning ichki va tashqi bozorlarga chiqishini ta’minlashga xizmat qiluvchi “Salom, O‘sh – 2025” ko‘rgazmasi ikki kun davom etadi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri