“Uzbekistan airoports” AJ tomonidan sohada faoliyat yuritayotgan faol yoshlar uchun «Salohiyatli yoshlar – soha taraqqiyotining muhim omili»nomli forum uyushtirildi.
Tadbir “Uzbekistan airoports” AJ binosida videomuloqot shaklida tashkil etilgan davra suhbati bilan boshlandi. Unda hududiy aeroportlar bilan ishlash, tizimga yangi, ilg‘or g‘oyalarni targ‘ib etish, yoshlarni har tomonlama qo‘llab quvvatlash mavzulari bo‘yicha mas’ullarning ma’ruzalari tinglandi. Davra suhbati doirasida yoshlarning qator takliflari, ularni qiynayotgan muammolari tinglandi, forum ishtirokchilari tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar atroflicha javob berdi.
– Hozirgi kunda sohadagi xodimlarning 40 foizdan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi, – deydi “Uzbekistan airoports” AJ Bosh raisining yoshlar ishlari bo‘yicha maslahatchisi Akmalxon O‘rmonov.
– Boshqa sohalar singari bizda ham yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga katta ahamiyat qaratilmoqda. bugungi tashkil etilgan forumdan ko‘zlangan maqsad ham yoshlarni sohani sevishga undash, o‘z kasb sirlarini chuqur egallashga chorlash, ularga motivatsiya berishdan iborat. Forum doirasida berilgan takliflarni inobatga olib, kelgusida tizimda faoliyat yuritayotgan yoshlar o‘rtasida ilmiy tanlovlar, festivallar va sport musobaqalarini tashkil etishga kelishib oldik.
Forum doirasida ishtirokchilar O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasiga va Innovatsion rivojlanish vazirligiga tashrif buyurdi. Ekskursiya davomida ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasidagi mavjud tarixiy ahamiyatga ega kitoblar, Birinchi Prezidentning oilaviy suratlari,unvonlari, turli shakllardagi haykallari va davlat ahamiyatiga molik qimmatli ma’lumotlar bilan tanishdi. Innovatsion rivojlanish vazirligi ko‘rgazmalar zalida fan va texnikadagi so‘nggi texnologiyalar bilan tanishib, yosh olimlarning faoliyati, ularning intellektual mahsulotlari natijalarini sinovdan o‘tkazib, yangi loyihalarni ko‘zdan kechirdi.
Kunning ikkinchi qismida forum ishtirokchilari uchun treninglar tashkil etildi. Unda liderlik san’ati, turli vaziyatlarda ruhiy tetiklikni ta’minlash, jamoa bilan ishlash bo‘yicha ko‘nikma va tavsiyalar olishdi.
Faol yoshlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
D.Mamatova, O‘zA