Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Salohiyatli yoshlar davlatimizning kelajagidir
10:08 / 2024-09-18

Davlat xizmatini rivojlantirish Agentligining Navoiy viloyat filiali tomonidan iqtidorli va istiqbolli yoshlarni izlab topish va tanlash, ularning xorijdagi nufuzli ta’lim va ilmiy muassasalarda, ishlab chiqarish, innovatsion va boshqa kompaniyalarda maqsadli ta’lim olishini hamda stajirovkadan o‘tishini tashkil etib kelmoqda. Shuningdek, professional, chuqur bilimga ega, zamonaviy fikrlaydigan va vatanparvarlik ruhida tarbiyalangan yangi avlod kadrlarini shakllantirish hamda ularni davlat xizmatiga jalb etish borasida ham bir qator ishlarni amalga oshirmoqda.

Jumladan, “El-yurt umidi” jamg‘armasi bilan hamkorlikda Prezidentimizning 2021 yil 11 fevraldagi “Davlat xizmatchilari va mutaxassislarni xorijda tayyorlash hamda ularning salohiyatini yanada oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmonining mazmun-mohiyati hamda jamg‘arma ochiq stipendiya tanlovlari tartibi bilan bog‘liq yangiliklarni boshqarma, idora va tashkilotlar xodimlariga, shuningdek, hududlardagi yoshlar orasida keng targ‘ib etishga qaratilgan amaliy-uslubiy seminarlar, uchrashuv va muloqot soatlari o‘tkazib borilmoqda.  

Bugungi kunda Navoiy viloyati bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasining 13 nafar stipendiatlari AQSH, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Xitoy, Rossiya federatsiyasining nufuzli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olmoqda.  

Jamg‘armaning ta’lim dasturlarini tamomlagan 9 nafar malakali mutaxassislar esa bugun turli vazirlik va idoralar, oliy ta’lim hamda sog‘liqni saqlash muassasalarida samarali faoliyat yuritmoqda.  

Joriy yilda ham Navoiy viloyatidan “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan xorijiy davlatlar nufuzli universitetlari va ilmiy markazlarida bakalavriat, magistratura hamda doktoranturada ta’lim olish uchun e’lon qilingan tanlovida ko‘pchilik yoshlar ishtirok etdi.  

– Tanlovga nomzodlar hujjatlarini qabul qilish respublikaning barcha hududlari vakillari uchun yagona tartib va teng imkoniyat asosida, onlayn rejimda hamda elektron tarzda bo‘lib o‘tdi, – deydi Davlat xizmatini rivojlantirish Agentligining Navoiy viloyat filiali bosh inspektori Abror Latipov. – Saralash tanlovi jarayonlarini o‘tkazish, jumladan, nomzodlarning intellektual, tahlil qilish va ijodiy qobiliyatlari darajasini aniqlashga qaratilgan qo‘shimcha test sinovlari o‘tkazildi. Nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalari darajasini aniqlashga qaratilgan davlat tilida suhbatlar bo‘lib o‘tdi. Ayni damda tanlovning yakuniy natijalari e’lon qilinishi kutilmoqda,  

Sunnatillo Murtazayev “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ “Korporativ munosabatlar” bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlaydi. U Amerika Qo‘shma Shtatlarining Janubiy Kaliforniya Universiteti magistraturasini “Xalqaro biznes va iqtisodiy huquq” yo‘nalishida tamomlagan.  

O‘tgan yil 18 sentyabr kuni Davlatimiz rahbari AQSHga amaliy tashrif doirasida Qo‘shma Shtatlarda yashayotgan va ishlayotgan bir guruh vatandoshlarimiz hamda ushbu mamlakatning yetakchi oliy ta’lim dargohlarida tahsil olayotgan “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari bilan uchrashgan edi. S.Murtazayev ham ushbu uchrashuvda Yurtboshimiz bilan muloqotda bo‘lgan edi.  

– Ochiq va jonli muloqot shaklida o‘tgan tadbirda davlatimiz rahbari Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida so‘zlab berdi, mamlakatimiz modernizatsiyasiga ko‘maklashishda vatandoshlarimizda ulkan salohiyat borligiga e’tibor qaratdi va qator tashabbuslarni ilgari surdi, – deydi Sunnatillo Murtazayev. – Biz ham qaratilayotgan katta e’tibor uchun yurtboshimizga samimiy minnatdorlik bildirib, Yangi O‘zbekiston rivojiga munosib hissa qo‘shishga tayyor ekanligimizni bildirgan edik. Bugungi kunda AQSHda magistraturani tamomlab, kombinatda bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlab kelmoqdaman.  

So‘nggi yillarda mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini tubdan isloh etish, ilm-fan sohasini rivojlantirish borasida qilinayotgan ishlar mamlakatni yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.  

Akbarjon Normurodov ham “El-yurt umidi” jamg‘armasining doktorantura dasturida ishtirok etgan va N.E. Bauman nomidagi Moskva davlat Texnika Universitetida ta’lim olgan. Hozirda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetining “Muhandislik mexanikasi” kafedrasida ishlab kelmoqda.  

– Jamg‘arma tomonidan biz kabi stipendiatlarning barcha xarajatlari, jumladan, viza olish, xorijda yashash, ovqatlanish va transport xarajatlari, zarur o‘quv va ilmiy adabiyotlar xarid qilish, maqola chop etish, ilmiy maqolalar ko‘chirib olish, maqolalar va ilmiy adabiyotlarning elektron bazasiga obuna bo‘lish, tibbiy sug‘urta kabi xarajatlar to‘lab berildi, – deydi A.Normurodov. – Bugun Yangi texnologiyalar davri, ya’ni “To‘rtinchi sanoat inqilobi”ni boshimizdan kechiryapmiz, bu esa zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlarga ehtiyojni tubdan oshiradi. Bu davrda ish beruvchilarning talabi oliy ta’lim muassasalarining asosiy tamoyili bo‘lishi kerak. Shu nuqtai nazarda, bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda.  

Jahon mehnat bozorida raqobatbardosh va yuqori malakali mutaxassislarni yetakchi xorijiy ta’lim muassasalarida tayyorlash va malakasini oshirish esa yurtimizning har tomonlama jadal rivojlanishi uchun nihoyatda zarur. Albatta, hech qaysi davlat o‘z-o‘zidan buyuk bo‘lib qolmaydi. Har bir davlat esa iste’dodli va salohiyatli yoshlari bilan qudratlidir  

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri