O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yangi kitob
Taniqli shoir Salim Ashurning “Hayotning davomi...” nomli kitobi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida nashrdan chiqdi.
Kitobdan shoirning O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurov, taniqli adib Xurshid Do‘stmuhammad, adabiyotshunos Qozoqboy Yo‘ldosh, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali, yozuvchi Nazar Eshonqul kabi so‘z ustalari, sinchilari bilan suhbatlari, adabiyotshunoslikka oid maqolalari, adabiy kuzatuvlari joy olgan.
Suhbatlar, adabiyotshunoslikka oid maqolalar, kuzatuvlar – hamma-hammasi deyari bir muhim masala – adabiyot atrofida aylanadi. Milliy va jahon adabiyoti tahlili, belgi va alomatlari, xususiyat hamda yo‘nalishlari hozirgi davrning dolzarb ijtimoiy muammolariga, masalalariga tatbiq etilgan holda qiyosiy tahlil qilinadi. Ularning bari kitobxonga adabiyot hayotning, hayot adabiyotning davomi, degan taassurot qoldiradi.
Mazkur suhbat va maqolalar ularning ularning tagzaminidagi mushohadalarning chuqurligi, haqqoniyligi, “o‘zbekning o‘q ildizi nima?” degan savolga javob izlangani bilan ham kitobxonni befarq qoldirmaydi. Suhbatlarda berilgan savollar sizning ham qalbingiz og‘riqlari o‘laroq yangraydi:
– Adabiyot – adab va tarbiya vositasi, lekin u bugungi kunda o‘zining ana shu azaliy vazifasidan chekinmayaptimi?..
– Yomon kitoblar yomon kitobxonni tarbiyalaydimi yoki yomon kitobxon tufayli yomon kitoblar yoziladimi?..
– Bugungi globallashuv sharoitida madaniyat, jumladan, adabiyotning milliy o‘ziga xosligini saqlab qolishda ziyolilarning vazifalari nimalarda ko‘rinadi?..
– Milliy ong, milliy mafkura, milliy g‘oya... – Bular jamiyatda, millatga nima uchun kerak? Ularning shakllanishi va rivojlanishida adabiyot va san’atning ahamiyati va ta’siri qay darajada deb o‘ylaysiz?..
– Bir qoida bor: o‘qituvchining o‘zi o‘qigan bo‘lishi kerak. Shunday ekan, o‘zbek tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi qanday o‘qitilishi, qanday tayyorlanishi lozim, deb hisoblaysiz?..
– Adabiyot millatni ruhlantiradigan, bunyodkorlik kayfiyatini uyg‘otadigan bemisl ma’naviy kuch. Ya’ni “atomdan kuchli”. So‘z san’atining ana shu buyuk qudrati, sizningcha, hozirgi paytda qanday ishlamoqda?... kabi savollarga javoblarni diqqat bilan o‘qiysiz va muallifdan ham, uning suhbatdoshlaridan ham minnatdor bo‘lasiz.
O‘ziga xos mushohada tarziga ega, adabiyot, millat dardini yurak-yurakdan his etib qalam tebratadigan beg‘ubor shoir Salim Ashurning “Hayotning davomi...” nomli kitobini, albatta, o‘qing...
O‘zA