Xabar berganimizdek, poytaxtimizdagi “Universal” sport majmuasida erkin va yunon-rum kurashlari bo‘yicha O‘zbekiston chempionati bahslari davom etmoqda.
Bundan ikki kun muqaddam yunon-rum kurashi ustalari musobaqalarni yakunlagan bo‘lsa, kecha 23 dekabr kuni erkin kurash bo‘yicha chempionat dasturidagi 5 ta vazn toifasida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.

57 kilogramm vazn toifasida olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi, xorazmlik G‘ulomjon Abdullayev, 65 kilogramda navoiylik Abbos Rahmonov, 70 kilogramm vaznda Andijon viloyati polvoni Begijon Qo‘ldoshev, 79 kilo og‘irlikda Jasurbek Usmonoxunov, 97 kilogramm vazn toifasida kutilganidek toshkentlik Muhammadrasul Rahimov O‘zbekiston chempioni maqomiga ko‘tarilishdi.
Bugun, 24 dekabrda chempionatning so‘nggi kunida 61, 74, 86, 92 va 125 kilogamm vazn toifalarida mamlakat chempionlari ma’lum bo‘ladi.
O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, bugungi bellashuvlarda Tokio olimpiadasining bronza medali sohibi Bekzod Abdurahmonov gilamga chiqadi.
Chempionat bahslarining yana bir qiziqarli tomoni, unda uchta olimpiada o‘yinlari ishtirokchisi, Osiyo o‘yinlari g‘olibi Mo‘minjon Abdullayev erkin kurash bahslarida ham o‘z omadini sinab ko‘radi.

U ikki kun avval yunon-rum kurashining 130 kilogramm vazn toifasida chempionatning oltin medalini qo‘lga kiritgan edi.
Agar u bugungi musobaqalarda ham qatnashib, 125 kilogramm vaznda ham g‘olib chiqsa, erkin va yunon-rum kurashida O‘zbekiston chempioni bo‘lgan ikkinchi kurashchiga aylanadi. Hozirgacha mazkur natijaga erishgan yagona sportchi O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasining amaldagi rahbari Salim Abduvaliyev hisoblanadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA