Namanganda bo‘lib o‘tayotgan 64-xalqaro “Gullar festivali” doirasida xorijiy mamlakatlarning nufuzli delegatsiyalarining yurtimizga tashrifi davom etmoqda.
Jumladan, gullar shahriga kelgan Yaponiyaning Fukuoka prefekturasi Dayzaifu shahri meri Kusuda Daizo Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov bilan uchrashdi.

Samimiy ruhda kechgan muloqotda Namangan viloyati hamda Dayzaifu shahri bo‘yicha ma’lumotlar almashildi. Hozirda 70 ming aholisi bor kunchiqar o‘lka shahriga yiliga 10 million sayyoh tashrif buyurishi turizm yo‘nalishida o‘zaro hamkorlik va tajriba almashish istiqbolidan darak beradi.
Kusuda Daizo Namanganda har yili an’anaviy ravishda o‘tkaziladigan xalqaro “Gullar festivali” haqida xabardorligi va unda ishtirok etishni rejalashtirganligi, Namangan shahri bilan o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolangani kelgusi aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi. Uchrashuvda, gullar zaminida Yaponiyaning dunyoga mashhur Sakura daraxtlarini ko‘paytirish borasida hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Amaliy suhbat yakunida, sharqiy osiyolik mehmonlarga xalqaro “Gullar festivali” ramzi tushirilgan esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov ishtirok etdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.