Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, faxriy jurnalist, shoira Salima Umarovaning qutlug‘ 70 yoshi hamda ijodkorning 4 jildlik “Saylanma” asarlari taqdimoti munosabati bilan “Sajdagohim – Vatan, suyukligim – xalq” nomli adabiy-ma’rifiy kecha bo‘lib o‘tdi.
Unda respublikamizning bir qator taniqli ijodkorlari, yozuvchi va shoirlar, adibaning yaqinlari, shogirdlari, talaba yoshlar, adabiyot muxlislari ishtirok etdi.
Salima Umarova 1954 yilda Karmanada tug‘ilgan. Uzoq yillar viloyat matbuotida, xususan “Do‘stlik bayrog‘i” gazetasida samarali faoliyat olib borgan. 2001 yilda “Shuhrat” medali, 2008 yilda esa “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan. Bugungi kunda uning 15 dan ortiq turli janrlardagi kitoblari chop etilgan. “Inson haqida qo‘shiq”, “Qalb daftari”, “Yurakning ranglari”, “Rayhon hidi”, “Mening kelinchak qizim”, “Saodat yo‘li”, “Saodat qo‘rg‘oni”, “Ruhafzo tuyg‘ular”, “Oftobli kunlar”, “Bir qatim nur” kabilar shular jumlasidan.
– Men taniqli shoiramiz, adibamiz, hamkasbimiz Salima Umarovani bundan 37 yil oldin taniganman, – deydi shoir va tarjimon Vafo Fayzulloh. – Opa jamiyat haqida, davlat haqida, atrofidagi kishilar haqida yozadimi, barcha asarlarida mehr balqib turadi. Doimo uni tushunishga, uning muammosi bo‘lsa aytishga harakat qiladi. Ikkinchi bir fazilati esa saxovatliligidir. Shu orqali jamiyatda o‘z o‘rnini topgan insonlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Sadoqat opa hamisha yoshlarni, shogirdlarini qo‘llab-quvvatlagan. Ularning jamiyatda o‘z o‘rnini topishida ham ma’nan, ham moddiy jihatdan yordam berib kelgan. Buni yoshlar, qator ijodkorlarning asarlarini to‘plab chiqargan bayozlarida, kitoblarida ham ko‘rish mumkin.
[gallery-19370]
– 2006 yili oliy ta’limni bitirib, viloyat gazetasida ish boshlaganman. Viloyatimizda matbuot sohasida o‘z so‘zi, qalamiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmasi a’zosi, o‘nlab kitoblar muallifi, davlatimizning yuksak mukofotlari sohibi, zabardast jurnalistning qarshisida turish, o‘gitlarini olish ham aslida ancha zalvorli va quvonchli edi, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi raisi Otabek Aslonov. – Ustozimiz Salima Umarovani o‘quvchilik davrimdan yaxshi bilganim, maktabimiz kutubxonasida kitoblarini o‘qiganim bois, sirtdan tanirdim, hatto ayrim she’rlarini yod ham olgandim.
Salima opa muharrir o‘rinbosari sifatida biz yosh mutaxassislarga hamisha to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib, kamchiliklarimizni tuzatishimizga ko‘maklashishdan tolmasdi. Maqola tayyorlash bo‘yicha mavzu va yo‘nalishlar berardi. Ammo o‘sha paytda aytgan bir so‘zlari hech esimdan chiqmaydi: “Jurnalistikaning noni qattiq, ammo shirin. Sen hamisha yaxshi narsalar yozishga harakat qil, so‘zning qadriga yet. Ko‘proq kitob o‘qish inson tafakkurini charxlaydi. Yaxshi maqolalar ham ko‘p kitob o‘qiganda yoziladi”. Darhaqiqat, hayotim va faoliyatim davomida bu so‘zlarning amaliy ifodasini ko‘rib kelyapman. Ustozimiz Salima Umarovaning faoliyati, tinib-tinchimasligi, tashabbuskor va tashkilotchiligi, mehribonligi hamisha biz yoshlarga ibrat maktabi bo‘lib kelgan.
O‘sha davrda har hafta boshida tashkil etiladigan tahririyat umumiy yig‘ilishida gazetaning yangi soni xodimlarning biri tomonidan tahlil qilinishi an’anaga aylangan edi. Qaysi material eng yaxshi, qaysi materialda kamchiliklar bor, ro‘y-rost aytilardi. Bu ham aslida biz yoshlar uchun mahorat maktabi edi. Shunday kezlarda mabodo qaysidir materialimizda kamchiliklar mavjud bo‘lsa-da, Salima opa hamisha: “Bular hali yosh kadr, asta-sekin iziga tushib ketadi. Kelgusida bu xatolarni qaytarmaydi”, deb rahbariyat oldida bizni ayardi. Balki shu xulosalar sabab bugun shunday xatoliklarni qaytarmaslikka harakat qilib kelyapmiz.
S.Umarova tomonidan tashkil etilgan “Nihol” to‘garagida saboq olgan yoshlarning bugun aksariyati respublikamizning turli nufuzli ommaviy axborot vositalarida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Bu to‘garak necha yillar davomida yosh jurnalist kadrlarni kashf etish va ularni sohaga kirib kelishiga mustahkam zamin yaratgani bilan ahamiyatlidir.
Badiiy kechada so‘zga chiqqanlar shoira haqida va serqirra ijodi yuzasidan samimiy fikrlar bildirdi. She’rlaridan namunalar o‘qidi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari