Andijonda “Saida Zunnunova sadoqat timsoli” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Abdulhamid Cho‘lpon jamoat fondi tashabbusi bilan viloyat Ko‘zi ojizlar maxsus kutubxonasida o‘zbek adabiyotining yorqin vakilasi, iste’dodli shoira, jozibali nasriy asarlar muallifi Saida Zunnunova tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlanib o‘tkazilgan tadbirda yozuvchi va shoirlar, oliy o‘quv yurtlari talabalari, umumta’lim maktablari o‘quvchilari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olganlar shoira ijodi, asarlarining o‘ziga xos jihatlari, shuningdek, uning murakkab hayot sinovlarida ko‘rsatgan matonati, turmush o‘rtog‘i Said Ahmadga bo‘lgan cheksiz sadoqati haqida gapirdi.
– Saida Zunnunovaning ijodi, ayniqsa, she’rlari samimiyligi va hayotiyligi bilan o‘zbek adabiyotida alohida o‘rin tutadi. Uning she’rlarida ayol qalbi, ona mehri va vatanga bo‘lgan muhabbat, oilaga sadoqat o‘zgacha joziba bilan tarannum etilgan, – deydi Abdulhamid Cho‘lpon jamoat fondi rahbari Muhammadrasul Mamatqulov.
Kechada Abdulhamid Cho‘lpon jamoat fondi O‘zbekiston Ekologik partiyasi viloyat kengashi bilan hamkorlikda Saida Zunnunovaning boy adabiy merosini o‘rganish va targ‘ib etish maqsadida ijodiy tanlov o‘tkazilishi e’lon qilindi.
O‘quvchi va talabalar shoira qalamiga mansub she’rlardan namunalar o‘qidi, shoira she’rlari bilan aytilgan qo‘shiqlar ijro etildi.
Jozibali she’rlari, go‘zal hayotiy hikoyalari bilan xalqimiz, adabiyot muxlislari qalbidan joy olgan shoira xotirasiga bag‘ishlangan tadbir ishtirokchilarda unutilmas taassurot qoldirdi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari.