French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Saida Zunnunova – matonatli o‘zbek ayolining yorqin timsoli
17:05 / 2026-02-16

Atoqli ijodkor Saida Zunnunova mushfiq, munis onalar, matonatli o‘zbek ayolining yorqin timsoli. Bu jihatlar uning ham she’riy, ham nasriy asarlarida yaqqol ko‘zga tashlanadi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida ustoz adiba Saida Zunnunova tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan tantanali adabiy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Dastavval shoirlar, yozuvchilar, adabiyot ixlosmandlari, yoshlar shoiraning Adiblar xiyoboniga o‘rnatilgan haykali poyiga gul qo‘ydi.  

Tadbirning asosiy qismi Yozuvchilar uyushmasida davom etdi. Uni uyushma raisining o‘rinbosari, ustoz shoira Farida Afro‘z Saida opa Zunnunova milliy adabiyotimizda o‘ziga xos o‘rin tutgan qalamkash ekani, nazm va nasrda birdek samarali ijod qilgani, bugungi kunda ham adabiyotshunos olimlar uning ijodiga doir ko‘plab ilmiy tadqiqotlar olib borayotganini ta’kidladi.  

Tadbirda filologiya fanlari doktori, professor Hamidullo Boltaboyev, G‘afur G‘ulom uy-muzeyi direktori, jurnalist va adiba  Olmos Ahmedova, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Munojotxon Nurmatova va boshqalar  so‘zga chiqdi.

–  Saida opaning salkam 50 yillik hayoti juda dardli o‘tdi, – dedi filologiya fanlari doktori, adabiyotshunos olim Hamidulla Boltaboyev. – Agar uning tarjimaiholiga nazar tashlasangiz, iste’dodi baland, ijodga, oilasiga juda sadoqatli ekanini anglash mumkin. Saida opa o‘z ijodi, ibratli faoliyati bilan mayin jimirlab, shovqin solmasdan, izzattalablik qilmasdan yashab o‘tdilar. Ular turmushda ham, ro‘zg‘orda ham, ijodda ham yuksak e’tiqod bilan yashadilarki, o‘zbek ayolining tashvishlari, dardu iztiroblari uning ijod namunalarida yaqqol ko‘zga tashlanadi.  

Anjumanda so‘zga chiqqanlar Saida Zunnunovaning hayoti, ijodiy faoliyati, qoldirgan asarlarining ahamiyati haqida batafsil so‘z yuritdi. She’rlari o‘qildi, iliq xotiralar yodga olindi.

Iste’dodli shoira, jozibali nasriy asarlar muallifi Saida Zunnunova 1926-yilda Andijon shahrida xizmatchi oilasida dunyoga kelgan. U yangi zamon ayollar o‘zbek adabiyotining asoschilaridan biri. Yozuvchi Said Ahmadning rafiqasi.  

Oliy o‘quv dargohlarini tamomlagach, “Gulxan” jurnali (1953-56), “O‘zbekiston madaniyati” gazetasida adabiy xodim (1956-57), Badiiy adabiyot nashriyotida muharrir (1957-58), O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi (1962-67) bo‘lib ishlagan.

   Saida Zunnunovaning “Yangi she’rlar” (1950), “Gullar vodiysi” (1954), “Qizlarjon” (1962), “She’rlar” (1964), “Bir yil o‘ylari” (1967), “Nilufar” (1972) she’riy to‘plamlari nashr etilgan.

Shoira go‘zal lirik she’rlar bilan bir vaqtda “Sodiq va Anor” (1947), “Xayrixon” (1949), “Surat bilan suhbat” (1966), “Qo‘shnilarim” (1968) singari dostonlar ham yaratgan. Uning “Gulbahor” (1956), “Povest va hikoyalar” (1957), “Gulxan” (1959), “Do‘stlik” (1960), “Qanot” (1961), “Olov” (1962), “Ko‘chalar charog‘on” (1965), “Bo‘ylaringdan o‘rgilay” (1972) singari nasriy kitoblarida xotin-qizlar hayoti haqqoniy badiiy tajassumini topgan.

“Yangi direktor”, “Olov”, “Odamlar orasida” qissalari, “Ona” (1966) va “Ko‘zlar” (1968) pesalari ham bor.  

 Adabiyotimizning ikki buyuk namoyandalarining hayoti, muhabbat va sadoqati aks ettirilgan, O‘zbekiston san’at arbobi, marhum Shuhrat Abbosov va Nodira Husanxo‘jayeva (Said Ahmadning qizi) ssenariy mualliflari hisoblanmish «Said bilan Saida» filmi 2018-yil tasvirga olingan.  

Anjumanda Saida Zunnunova ijodi, uning mashaqqatli hayoti haqida batafsil so‘z yuritildi.  She’rlari asosidagi qo‘shiqlar ijro etildi.  

Nazokat Usmonova,  

O‘zA muxbiri