O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Oksford universitetida o‘zbek tilini o‘rganish dasturining rasmiy ochilish marosimida ishtirok etdi.
Oksford — Buyuk Britaniyadagi eng yetakchi o‘quv dargohlaridan biri sanaladi. Bu dargoh o‘zining «Osiyo va Yaqin Sharq tadqiqotlari» fakulteti ta’lim dasturiga o‘zbek va qadimiy o‘zbek (chig‘atoy) tillarini kiritgan birinchi universitet bo‘ldi.
O‘zbek tili dasturi ochilish marosimida ishtirok etgan Saida Mirziyoyeva Oksford universitetining insoniyat tamaddunidagi o‘rni, millatlar madaniyatining shakllanishidagi darajasi haqida fikr bildirdi.
— Uzoq yillar O‘zbekiston yopiq mamlakat bo‘lib keldi. Bugun esa u ilm-fan, texnologiya, taraqqiyot va muloqot uchun ochiq mamlakatga aylandi. Bu muloqotni boshlash uchun eng to‘g‘ri joy — Oksford, — dedi S.Mirziyoyeva.

Shuningdek, Saida Mirziyoyevaga ayollarning ta’lim olishiga bo‘lgan imkoniyatlarni kengaytirish, oilaviy zo‘ravonliklarni jinoyat deb malakalash haqidagi tashabbuslari hamda ayollarni ruhlantirish, ularning imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi faol va ibratli rahbarligi uchun Oksford universiteti mukofoti bilan taqdirlandi.
Dasturning tantanali ochilishida Volfson kolleji prezidenti ser Tim Xitchens, Buyuk Britaniya parlamenti Lordlar palatasi Xalqaro ishlar va mudofaa qo‘mitasi a’zosi lord Malkolm Bryus, professor va «Osiyo va Yaqin Sharq tadqiqotlari» fakulteti dekani o‘rinbosari Nikolay Sinay, Oksford shahar meri Luiza Apton hamda Oksford universitetining boshqa ilmiy jamoasi vakillari ishtirok etdi.

Tadbir doirasida Saida Mirziyoyeva Bodlean kutubxonasiga tashrif buyurdi. U yerda mamlakatimiz tarixi bilan bog‘liq noyob kitoblarni ko‘zdan kechirdi. XV asrga taalluqli Mirzo Ulug‘bekning "Ziji Ko‘ragoniy", Alisher Navoiyning "Xamsa", Husayn Boyqaroning "Devoni Husayniy" asarlari, Boburiylar davriga oid miniatyuralar va boshqa ko‘plab nodir kitoblar saqlanayotgan Bodlean kutubxonasi bilan tanishuv iliq taassurot qoldirdi.

O‘zA