Saida Mirziyoeva: “Qani yarim soat ko‘zingizni chirt yumib yashab ko‘ring”
Inklyuziv muhitni yaratishga doir xayriya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va hayotga tatbiq etish katta vazifadir. Bunday tadbirlar, dasturlar ko‘p bo‘lishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Samarkand Half Marathon – ilk xalqaro xayriya marafoniga bag‘ishlangan matbuot anjumanida Agentlik direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoeva o‘z fikrlarini bildirdi:
Samarqand yarim marafoni jamiyatda faol yashash tarzi g‘oyasini ilgari suradi va madaniyatning barcha uchun, shu jumladan, nogironligi bor insonlar uchun ochiqligini ta’minlash xayrli g‘oyasini qo‘llab-quvvatlaydi.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ushbu tashabbus tarafdori. Ma’lumki, bizning agentlik ham shu borada faoliyat olib boradi. Joriy yilda biz “Ko‘ngil ko‘zi” loyihasi xaritasini ishlab chiqdik. U nogironligi bo‘lgan insonlarni ijtimoiy ko‘nikmasi bo‘yicha, ko‘zi ojiz va yaxshi ko‘ra olmaydigan insonlarni o‘quv, badiiy, ilmiy va boshqa adabiyot bilan ta’minlash bo‘yicha aniq harakatlarni ko‘zda tutadi.
Inklyuziv muhitni yaratishga doir xayriya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va hayotga tatbiq etish katta vazifadir. Bunday tadbirlar, dasturlar ko‘p bo‘lishi kerak.
Biz, shukrki ko‘ramiz, cheklovsiz harakat qilish, his etish imkoniyatiga egamiz. Lekin oramizda shunday insonlar borki, ular biz kabi orzu qiladi. Faqat farqli jihati biz kabi imkoniyatga ega emas. Inklyuziya – bu butun jahonda ilgari surilayotgan ijtimoiy konsepsiya. Unga ko‘ra, salomatligidan qat’i nazar, jamiyatdagi har bir odamga moddiy va ma’naviy boyliklardan bahramand bo‘lish va o‘zini namoyon etishga imkon berilishi lozim. Samarqand yarim marafoni loyihasining asosiy maqsadi ham shu. Biz bu tadbir orqali avvalo jamoatchilik e’tiborini madaniyat va san’at ob’ektlaridagi inklyuzivlikka qaratmoqchimiz. Bejizga Samarqand tanlanmadi. Milliy, madaniy, tarixiy merosimizning katta qismi aynan shu hududda jamlangan. Biroq bu madaniy boyliklardan hamma ham foydalana oladimi yoki yo‘q. Shuningdek, imkoniyati cheklangan shaxslarga qanchalik imkoniyat yaratilgan.
Ushbu loyihaga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida madaniyat va san’atni rivojlantirish fondi tomonidan qator tadqiqot ishlari olib borildi. Bunda teatrlar, muzeylar, bog‘lar va Toshkent shahridagi boshqa madaniyat muassasalarining imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ochiqligi, ularda bunday insonlar e’tiborga olingan yoki olinmagani, sharoitlar borligi muammosi o‘rganildi.
Siz hozir ko‘zingizni yumib, xonadan chiqib, zinadan tushib, avtobusda yurib ko‘ringchi. Yarim soat ko‘zingizni chirt yumib, yashab ko‘ring. Ba’zilar bor bir umr shunday yashashga majbur. Shu bois, barchamizning maqsadimiz bir – mamlakatimizda yashovchi hamma insonlar uchun qulaylik yaratish, imkoniyati cheklanganlarni jamiyatga to‘liq ijtimoiy integratsiya bo‘lish chorasini ko‘rish va shart-sharoit yaratish.