Prezidentimizning tomonidan imzolangan jamiyat hayotida faol bo‘lgan 28 nafar xotin-qizni Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risidagi qaroriga ko‘ra, Toshkent tibbiyot akademiyasining davolash fakulteti 1-bosqich talabasi Saida Abdullayeva ham ushbu nufuzli mukofotga sazovor bo‘ldi.
Qahramonimiz 2007 yil Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida tug‘ilgan. Navoiy shahridagi 11-sonli ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan ixtisoslashtirilgan maktabda tahsil olgan. Aynan shu yerda ustozi Sardor Samadov uning kimyo faniga bo‘lgan qiziqishini sezib, u bilan ko‘proq shug‘ullanishga harakat qildi.
O‘zbekiston terma jamoasi safiga qabul qilingach, ustozi Mohira Boltayeva bilan chuqurlashtirilgan amaliy mashg‘ulotlar soni yanada ortdi. Natijada Saida kimyo olamiga butkul sho‘ng‘ib ketdi.
– Atrofimizdagi barcha narsa va hodisalarga javobni kimyo orqali topish mumkinligini anglab yetdim, – deydi u. – Qolaversa, bu yo‘lda o‘zim uchun juda ko‘p narsalarni kashf qildim. Har bir kimyogarning sevimli joyi bu – laboratoriya. Men uchun ham shunday. Tajribalarim samarasini ko‘rib, xursand bo‘laman. Ustozim Mohira opa kimyoni amaliy tomondan tushunib yetishimga ko‘maklashdi.
Mashg‘ulotlar asta-sekin o‘z samarasini bera boshladi. 2023 yil Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan birinchi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Xalqaro kimyo olimpiadasida 10-sinf o‘quvchisi bo‘lgan Saida kumush medalni qo‘lga kiritdi.
2023/2024 o‘quv yilida fan olimpiadasining respublika bosqichida 1-o‘rinni egalladi.
O‘tgan yili esa Xitoyning Shenjen shahrida o‘tkazilgan 58-Xalqaro Mendeleyev olimpiadasi (IMChO)da bronza medali sohibasi bo‘ldi.
Uning 2024 yilda qo‘lga kiritgan yirik yutuqlaridan yana biri Saudiya Arabistonining Ar Riyod shahrida 87 ta davlat (340 nafar o‘quvchi) ishtirokida o‘tkazilgan 56-Xalqaro kimyo olimpiadasi (IChO)da olgan kumush medali bo‘ldi.
Erishgan muvaffaqiyatlari samarasi o‘laroq, Saida Toshkent tibbiyot akademiyasiga imtiyozli ravishda davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindi. Aslida kimyo fani unga boshqa ko‘plab kasblarni egallash uchun imkoniyat eshiklarini ochishi mumkin edi. Lekin u aynan shifokorlikni tanladi.
– Bunday qarorga kelishimga o‘z vaqtida hamshira bo‘lib ishlagan buvim sababchi bo‘lganlar, – deydi Saida. – Ular bolaligimdan tibbiyot xodimlari odamlarning dardiga darmon bo‘lishini ko‘p bor takrorlardilar. Eng katta orzulari – meni oq xalatda ko‘rish. Shu bois Toshkent tibbiyot akademiyasida o‘qishga qaror qildim. Qahramonimiz kelajakda endokrinologiya yo‘nalishida malakali shifokor bo‘lmoqchi. Saidaning aytishicha, bunga qandli diabet, qalqonsimon bez kasalliklarining butun dunyoda keng tarqalayotgani va odamlar ulardan aziyat chekayotgani sabab bo‘ldi. Istagi – kelgusida bu xastalikka chalingan insonlarning hayotini yengillashtirish uchun yechimlar topish.
Hozirda Saida fan olimpiadalariga tayyorlanayotgan tengdoshlariga yaqindan ko‘mak bermoqda. Bu orqali u o‘zi kabi yaxshi natijalarga erishgan yoshlar sonini ko‘paytirishni niyat qilgan.
– Ushbu yuksak mukofotga nafaqat mehnatim, balki davlatimiz rahbarining biz yoshlarga o‘z iqtidorimizni namoyon etish va chuqur bilim olishimiz uchun yaratgan imkoniyatlari, ustozlarim bergan bilimlar va ota-onamning ishonchi tufayli sazovor bo‘ldim, deb hisoblayman. Buning uchun ulardan cheksiz minnatdorman. Qolaversa, bu – ularning ham yutug‘idir, – deydi bo‘lajak shifokor. Aytish lozimki, Toshkent tibbiyot akademiyasida Saida kabi ulkan yutuqlarga erishib kelayotgan talabalar guruhlari tuzilgan bo‘lib, ular boshqa yoshlarni ham ortidan ergashtirmoqda.
Uning maqsadi – bakalavriatni tamomlab, magistraturani rivojlangan chet davlatlarda davom ettirish, ularning ilg‘or tajribalarini o‘zlashtirib, O‘zbekiston tibbiyotini rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shish.
Biz esa maqsadlari aniq va ular sari dadil borayotgan qizga muvaffaqiyatlar tilab qolamiz!
O‘zA