O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning taklifiga binoan bugun, 29 yanvar kuni rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.
Shu munosabat bilan Turkiyaning ilg‘or biznes va iqtisodiy tahlillarga ixtisoslashgan “Business Turk” jurnalida TURKSOY Bosh kotibi o‘rinbosari Said ЮСUФнинг O‘zbekiston – Turkiya munosabatlarining bugungi holati va istiqbollariga bag‘ishlangan maxsus maqolasi chop etildi. Unda turkiy dunyoning umumiy tarixiy va ma’naviy ildizlari, O‘zbekistonning turkiy sivilizatsiya rivojida tutgan o‘rni hamda mamlakatning boy ilmiy-madaniy merosi keng yoritilgan.
–Turkiy dunyo – bu umumiy tarix, til va buyuk ma’naviy merosga tayanadigan ulkan sivilizatsiya makonidir. U Sharq va G‘arbni bog‘lab turuvchi muhim hudud sifatida jahon taraqqiyotida katta o‘rin egallaydi. Turkiy xalqlar yaratgan davlatchilik an’analari, ilmiy-ma’rifiy meros va madaniy boyliklar insoniyat sivilizatsiyasi rivojiga salmoqli hissa bo‘lib qo‘shilgan. Turkiy dunyoning har bir manzilida o‘lmas madaniy meros mavjud bo‘lib, bu borada, ayniqsa, O‘zbekistonning ahamiyati beqiyosdir, – deya ta’kidlagan Said Yusuf.

Zero, Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Termiz kabi go‘zal va betakror shaharlar qadimdan madaniyat va ilm-fan beshigi bo‘lgan. Turkiy dunyoning bu tabarruk zaminidan Muhammad al-Xorazmiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Zamaxshariy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy kabi buyuk allomalar yetishib chiqqan. Ularning ilmiy merosi – matematika, astronomiya, tibbiyot, falsafa va hadis ilmi kabi yo‘nalishlar nafaqat o‘sha davrda, balki bugungi kun ilm-fani va ma’naviy taraqqiyotida ham mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Masalan, VIII-IX asrlarda yashab ijod etgan ulug‘ alloma Muhammad al-Xorazmiy “nol” raqamini va o‘nlik sanoq tizimini hamda qutblar koordinatalarini birinchilardan bo‘lib asoslab bergan va amaliyotga tatbiq etgan. U yaratgan algebra va algoritmlashga oid ilmiy nazariyalar zamonaviy matematika, informatika va raqamli texnologiyalar rivojining poydevori sanaladi. Imom Buxoriy va Imom Termiziyning hadis ilmidagi merosi esa islom ma’naviyati, axloq va ijtimoiy munosabatlar shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Abu Rayhon Beruniy matematika, astronomiya, tarix, geografiya singari turli fan sohalari bilan shug‘ullangan. Yerning quyosh atrofida aylanishi haqidagi fikrini ilgari surgan, Yerning dumaloq shaklda ekanligini asoslab bergan va dunyoning geografik xaritasini tuzgan.
Abu Ali ibn Sinoning tibbiyot va falsafa sohasidagi asarlari hozirgi zamon tibbiy ta’limi va ilmiy yondashuvlar uchun asos bo‘lmoqda. Mirzo Ulug‘bekning astronomik kuzatuvlari va ilmiy hisob-kitoblari esa zamonaviy astronomiya fani rivojiga katta ta’sir ko‘rsatgan.
Bunday misollarni yana uzoq davom ettirish mumkin. Eng muhimi, bugungi kunda O‘zbekiston ana shu buyuk merosni, madaniyatni, qadriyatlarni asrab-avaylash, o‘rganish va targ‘ib etish bilan bir qatorda, ajdodlarga munosib avlodlarni yetishtirishga ham juda katta e’tibor qaratmoqda.
Ayniqsa, Hurmatli Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi O‘zbekistonni va Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo‘lida tarixiy islohotlarni amalga oshirayotgani, ochiq, amaliy va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga katta ahamiyat berayotgani diqqatga sazovordir.
O‘zbekistonning, jumladan, turkiy xalqlar bilan aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilgani nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun turkiy dunyoda mutlaqo yangi siyosiy muhit shakllanishiga katta turtki berdi. Binobarin, bizning tarixiy o‘tmishimiz bir bo‘lgani kabi porloq kelajagimiz ham faqat birlik va hamjihatlik, yangi ijodiy yutuqlar bilan mushtarak sivilizatsiyamizni rivojlantirish orqali bunyod etiladi. Bugungi kunda butun insoniyat, balki har qachongidan ham ko‘proq aynan mana shunday birlikka muhtojdir.
Xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlik munosabatlarini mustahkamlashda Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOYning o‘rni va ahamiyati katta. O‘zbekiston mazkur nufuzli tashkilotning ta’sischilaridan biri hisoblanadi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga asosan mamlakat 2022 yildan e’tiboran TURKSOYni yuksak darajada qo‘llab-quvvatlash orqali uning faoliyatida faol ishtirok etmoqda. Shu tariqa O‘zbekiston TURKSOY faoliyatiga yangicha ruh bag‘ishladi. Bugun tashkilot doirasida amalga oshirilayotgan har bir loyihada o‘zbek xalqining boy madaniyati, san’ati, an’analari va mehmondo‘stlik fazilatlari yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
O‘zbekistonda turkiy mamlakatlar madaniyati va san’ati kunlari, yoshlar va teatr festivallari, ijodiy forumlar uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda. Tashkilot doirasidagi ilmiy-ma’rifiy anjumanlar, turkiy tillar va adabiyotlari rivojiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyalar, madaniy tadbirlar va loyihalarda O‘zbekiston vakillari faol qatnashmoqda.
O‘zbekistonning brendi darajasiga ko‘tarilgan Xalqaro baxshichilik san’ati festivali, Xalqaro maqom san’ati anjumani, “Sharq taronalari” festivali, “Lazgi” xalqaro festivalida TURKSOY faol ishtirok etmoqda. Tashkilotimiz tomonidan o‘zbek xalqining buyuk shoir va mutafakkirlari, tarixiy shaxslari tavallud sanalari keng nishonlanmoqda.
O‘zbekistonda TURKSOYning 30 yilligi juda katta tantana sifatida nishonlandi.
Turkiy dunyoning siyosat, ilm-fan, tibbiyot, adabiyot va san’at sohalarida ulkan yutuqlarga erishgan namoyandalarini rag‘batlantirish maqsadida buyuk shoir va mutafakkir Mir Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot ta’sis etilgani madaniy hayotimizda muhim voqea bo‘ldi.
Madaniyat va san’at sohasidagi hamkorlikda har yili turkiy davlatlardagi shaharlardan birining “Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” deb e’lon qilinishi eng go‘zal an’analarimizdan biri hisoblanadi. Bu, ana shu shahar timsolida har bir mamlakatning o‘ziga xosligi, madaniyati, san’ati, qadriyatlarini xalqaro miqyosda yanada keng namoyish etishga katta turtki beradi. 2021 yilda O‘zbekistonning Xiva shahri “Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” deb e’lon qilingan edi. Joriy yilda Andijon shahri shunday yuksak maqomga ega bo‘ldi. Shu ma’noda, 2026 yilda TURKSOY faoliyatining muhim qismi O‘zbekiston bilan bog‘liq bo‘ladi.
O‘tgan yili Qo‘qon shahri “Turkiy dunyoning hunarmandlari shahri” degan e’tirofga sazovor bo‘ldi.
Ma’lumki, TURKSOY Bosh kotibiyatida har bir a’zo davlatning vakili faoliyat ko‘rsatadi. Quvonarli jihati shundaki, o‘tgan yili Bosh kotibiyatimizda ilk bor O‘zbekiston vakili rasman faoliyatini boshladi. Bu hamkorligimizni yanada rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonamiz.
O‘zbekiston Yetakchisining TURKSOY faoliyatiga doimo e’tibor bilan qarashi bizga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi. Jumladan, TURKSOY tashkilotining 30 yilligi munosabati bilan O‘zbekistonda o‘tkazilgan madaniyat kunlari ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida Hurmatli Shavkat Mirziyoyev: “Biz azaldan tarixi, tili va dini, urf-odat va an’analari, bugungi orzu-intilishlari mushtarak bo‘lgan xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik munosabatlarini mustahkamlashda TURKSOYning ulkan o‘rni hamda ahamiyati borligini minnatdorlik bilan e’tirof etamiz”, deya ta’kidlagan edi.
Hurmatli Shavkat Mirziyoyev TURKSOY faoliyatini rivojlantirish borasida ham takliflarini ilgari surib kelmoqda. Xususan, 2025 yil 21 may kuni Budapesht shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida O‘zbekiston rahbari davlatlarimiz o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni rivojlantirishda Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY alohida o‘ringa ega ekanligi e’tirof etib, bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqish va TURKSOYning nufuzini yanada oshirish uchun uning faoliyati va tuzilmasini zamon talablariga mos ravishda takomillashtirish zarurligini bildirdi. Shu asosda o‘tgan yili 7 oktyabrda Ozarbayjon Respublikasining Gabala shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining 12-yig‘ilishida Davlat rahbarlari tomonidan “Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti “TURKSOYni rivojlantirish va mustahkamlash to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi. Hozirgi vaqtda TURKSOY Bosh kotibiyati ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida a’zo davlatlar bilan birgalikda faol ish olib bormoqda.
2025 yil yakunlanishi arafasida yana bir quvonchli voqea guvohi bo‘ldik. Noyabr oyida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon Prezidentlari ishtirokida “Kelajak merosi” xalqaro mukofoti sovrindorlarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Ahamiyatli jihati shundaki, ushbu nufuzli mukofotning ilk sohiblari qatorida TURKSOY Bosh kotibi, Qirg‘iziston xalq yozuvchisi Sulton Rayev “Adabiyot” nominatsiyasida taqdirlandi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonning turkiy dunyoda tutgan o‘rni nafaqat boy tarixiy meros, balki porloq kelajakka qaratilgan strategik ezgu intilishlar bilan belgilanadi. Hurmatli Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasi va TURKSOY doirasidagi yangilanishlar qardosh xalqlarimizning ma’naviy birligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ajdodlar sharafi va avlodlar saodati yo‘lidagi bunday hamjihatlik turkiy sivilizatsiyaning jahon maydonidagi nufuzini yanada yuksaltirishi shubhasiz. O‘zbekiston esa o‘zining ilmiy-madaniy salohiyati bilan turkiy olamning ma’naviy yuragi bo‘lib qolaveradi.
O‘zA muxbiri
Marhabo HOJIAKBAROVA
tayorladi.