French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Said Rizo Alizoda – ulug‘ ma’rifatparvar
20:00 / 2022-10-11

Samarqandda ma’rifatparvar olim, jurnalist va tarjimon Said Rizo Alizoda tavalludining 135 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida “Said Rizo Alizoda – muharrir, tarjimon, olim va ma’rifatparvar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.

Anjuman qatnashchilari dastlab Said Rizo Alizodaning qabrini ziyorat qildi. Shundan so‘ng alloma uy-muzeyi bilan tanishdi. Ulug‘ ma’rifatparvarning nevarasi Farhod Alizoda mazkur ma’rifat maskanining tashkil etilishi, bobosining hayoti va ijodi haqida mehmonlarga so‘zlab berdi.

Said Rizo Alizoda ulug‘ ma’rifatparvar, olim va adib, jadidchilik harakatining ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan biri edi. Olti yil madrasada o‘qigach, 1904 yilda jadid maktabida dars bergan, keyin o‘zi maktab ochgan. Bu maktablar uchun 12 ta darslik yozgan. Samarqandda yashaydigan ruslar uchun kechki kurslar tashkil etib, o‘zbek va fors-tojik tillarini o‘qitgan. Keyinchalik Samarqand davlat universitetida talabalarga saboq bergan. O‘zbek, rus va fors-tojik, shuningdek, jahon adabiyotining eng sara asarlarini tarjima qilgan. O‘zi ham “Turkiston tarixi”, “Islom tarixi”, “Diniy qonunlar” singari ilmiy asarlar muallifi. Ikki jildli, 61 ming so‘zni o‘z ichiga olgan birinchi ruscha-tojikcha lug‘at tuzgan.

[gallery-9096]

Said Rizo Alizoda milliy matbuot rivojiga ham katta hissa qo‘shgan. Samarqandda gazeta va jurnallar tashkil etishda faol ishtirok etib, o‘zi ham bu nashrlarning muharriri va muallifi bo‘lgan. Afsuski, 1937 yilda uni josuslikda ayblab, hibsga olishadi. Nohaq ayblovlar bilan ozodlikdan mahrum qilishadi. Said Rizo Alizoda 1945 yilda qamoqda vafot etadi.

– Samarqand viloyati hokimining qaroriga ko‘ra, joriy yilda viloyatda alloma tavalludining 135 yilligi keng nishonlanmoqda va bundan biz – Alizoda avlodlari minnatdormiz, – dedi Farhod Alizoda. – Sana munosabati bilan bobomning hayoti va ilmiy-ijodiy merosini o‘rganish bo‘yicha ko‘p xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu ishlarda o‘zim ham tashkilotchilar va tadqiqotchilarga yordam beryapman, o‘zim to‘plagan materiallarni ularga taqdim qildim.

Uy-muzeyi ta’mirlanib, yangi ashyolar bilan boyitildi. Alloma asarlari nashr etildi. Bunday ishlar davom etmoqda va bu nafaqat Said Rizo Alizoda merosini o‘rganish, balki Turkiston, jumladan, Samarqand adabiyoti, matbuoti va tarjimashunoslik, ma’rifatparvarlik maktabi an’analarini tadqiq etishga xizmat qiladi.

Xalqaro konferensiyaning ochilish marosimida Samarqand davlat universiteti rektori, professor R.Xolmurodov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” davlat muzeyi direktori B.Hasanov, “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari bosh muharriri F.Toshev, Samarqand viloyati hokimligi mas’ullari Said Rizo Alizodaning hayoti va merosi, uni o‘rganish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, anjumanda yurtimiz olimlari bilan birga xorijdan kelgan adabiyotshunos va tilshunoslar, tarixchilar buyuk ma’rifatparvar alloma ijodi, ilmiy faoliyati yuzasidan ma’ruza qildi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA