Olis Qizilqum bag‘ridagi olovkorlar maskani – Buxoro viloyati Romitan tumanining Gazli shahrida 6 ming 169 nafar aholi istiqomat qiladi. Aholiga 29 o‘ringa ega kasalxona tibbiy xizmat ko‘rsatar edi. Bu maskan terapeya, tug‘ruq va ichki kasalliklar bo‘limlaridan iborat bo‘lib, birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish talab darajasida emasdi.
Davlat rahbarining tashabbusi bilan sahroda zamonaviy tibbiyot maskani foydalanishga topshirildi.
Yangi yil arafasida kasalxonaning yuqumli kasalliklar bo‘limi kapital ta’mirlandi. Ushbu kapital ta’mirlashda "Feruz quruvchi" MCHJ bunyodkorlari tomonidan 1 milliard 600 million so‘mlik ish bajarildi.
Tibbiyot maskanining ochilish marosimida Romitan tumani hokimi Umedjon Barnoyev, Gazli shahar hokimi Sherali Po‘lotov, sektor rahbarlari, Xalq qabulxonasi mudiri, tuman hokimi o‘rinbosarlari, mahalla faollari va mutasaddilar qatnashdi.
Tadbirda eng chekka hududlarda ham zamonaviy tibbiyot maskanlari qurilib, eng so‘nggi rusumdagi tibbiy asbob-anjomlar bilan ta’minlanayotgani aholiga o‘ziga xos qulaylik ekanligi ta’kidlandi. Shu yerda yashaydigan ayni paytda tibbiyot oliygohlarida tahsil olayotgan talabalar va keyingi yilda shu yo‘nalishda o‘qiydigan yoshlarning kontrakt to‘lovlari davlat tomonidan to‘lab beriladi. Bo‘lajak shifokorlar esa o‘zi tug‘ilib o‘sgan joylarga qaytib, aholiga namunali tibbiy xizmat ko‘rsatadi.
Bunday qulayliklar Gazli xalqi uchun chinakam Yangi yil sovg‘asi bo‘ldi.
Zarif Komilov, O‘zA