Birlashgan Arab Amirliklari G‘azo sektoriga navbatdagi gumanitar karvonlarni yubordi, deb xabar bermoqda “WAM” axborot agentligi.
“Sahovatli ritsar 3” amaliyoti doirasida yetkazilgan ushbu yordam yuklari oziq-ovqat to‘plamlari, qishki kiyim-kechak va isitish vositalarini o‘z ichiga olgan bo‘lib, Ramazon oyida mahalliy aholining asosiy ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan.
Shu bilan birga, 30 tonnaga yaqin dori-darmon va tibbiy jihozlardan iborat alohida karvon ham G‘azoga yetib keldi. Bu yuklar Rafohdagi BAA shifoxonasi hamda Xon Yunusdagi tibbiyot markazida laboratoriya va jarrohlik xizmatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan.

Ta’kidlanishicha, Al-Arish shahrida faoliyat yuritayotgan BAA tibbiy guruhi yordam yuklarini tayyorlash va jo‘natishni uzluksiz nazorat qilmoqda. Zaruriyatga qarab saralash va jo‘natish ishlari tezkor yetkazib berishni ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda.
Amaliyot rahbariyati qayd etishicha, Ramazon oyi davomida karvonlarning muntazam kirib borishi Amirliklarning an’anaviy insonparvarlik siyosati va G‘azodagi shoshilinch ehtiyojlarni qondirish, tibbiy xizmatlarni mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlarning davomidir.
Musulmon Ziyo, O‘zA