Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sahnaning Muqaddas ayoli
11:35 / 2025-04-15

O‘zbekiston xalq artisti Muqaddas Xoliqova ko‘ngli ochiq, samimiy, jaydari inson. O‘zbek Milliy akademik drama teatrida xalqimizning sevimli san’atkori ijodiga bag‘ishlangan ma’rifiy kecha bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu ijodiy kechaga teatr san’ati muxlislari, madaniyat va san’at namoyandalari, talaba-yoshlar taklif etildi.  

O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti, O‘zbek Milliy akademik drama teatri direktori Yodgor Sa’diyev Muqaddas Xoliqova teatr san’atimizda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan ijodkorlardan ekanini alohida e’tirof etdi.  

–1981 yilda Toshkent teatr va rassomlik instituti talabalari tomonidan “Mehmonxona bekasi” diplom spektakli  sahnalashtirilgandi, – dedi Yodgor Sa’diyev. – Unda bosh qahramon rolidagi  Muqaddasxonning ijrosi meni hayratlantirgan edi. Uning ijrosini ko‘rib, ko‘z o‘ngimga ustoz san’atkor Zaynab Sadriyeva kelgan. Ertasi kuni teatrga kelib, o‘sha paytdagi bosh rejissyorimiz Bahodir Yo‘ldoshevga Muqaddasxon haqida aytdim.  Uning teatrimizga kelishida qaysidir ma’noda mening ham hissam borligidan  juda mamnunman.  

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tojixonov mamlakatimiz teatr jamoalari orasida O‘zbek Milliy akademik drama teatri o‘zining novatorligi, ilg‘orligi, yuksak ijodiy salohiyati bilan ajralib turishini alohida ta’kidladi.  

–  Ushbu ijodiy jamoa tarkibidagi har bir aktyor haqida alohida kitob yozsa arziydi, – dedi Avazxon Tojixonov. – Muqaddas opa ham ana shu san’atkorlar safida milliy kino va teatr ravnaqi yo‘lida munosib hissa qo‘shib kelayotgan ijodkorlardan. O‘zbek Milliy akademik teatrining xalqimizga yanada yaqin va sevimli bo‘lishida O‘zbekiston xalq artisti Muqaddas Xoliqovaning o‘rni beqiyos.  

Muqaddas opa teatrda, kino va dublyaj san’atida ham o‘z o‘rni va o‘z ovoziga ega san’atkor. Ayniqsa, O‘zbek Milliy akademik drama teatrida yaratgan rollari – jumladan, “O‘tkan kunlar”da To‘ybeka, “Kelinlar qo‘zg‘oloni”da Sotti, “Chimildiq”da Ona, “Mirzo Ulug‘bek”da Gavharshodbegim va “Ko‘ngil”da Zuhra obrazlari bilan tomoshabinlarning qalbiga kirib bordi.

E’tirof etilganidek, Muqaddas opaning teatr va kinoda yaratgan rang-barang komik obrazlarini millionlab muxlislar doimo katta qiziqish va e’tibor bilan kutib oladi.  

Kechada O‘zbekiston xalq artisti Muqaddas Xoliqovaga “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni topshirildi.  

Tadbirda teatrshunos olima Maxsuma Hojimatova tomonidan atoqli aktrisa haqida yaratilgan kitob-monografiyaning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, “San’atning Muqaddas ayoli” nomli hujjatli filmning namoyishi o‘tkazildi.  

–Otam erta vafot etib ketganlar, – xotirlaydi O‘zbekiston xalq artisti Muqaddas Xoliqova. – O‘shanda qattiq betoblanib, sihatgohda davolanishimga to‘g‘ri kelgandi. Sanatoriydagi klubda ilk bor sahnaviy ko‘rinishda rol ijro etganman. Keyinchalik drama to‘garagiga qatnay boshladim. Shundan buyon bir umr teatrga, san’atga oshnoman. Sahnada mard va jasur qahramon ayol – To‘maris siymosini gavdalantirishni orzu qilaman. Bugun yoshlarimizning sahnaga, san’atga xiyonat qilmasliklarini istardim. Shundagina ular ko‘zlagan maqsadlariga erishadilar. San’atkorlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor uchun Prezidentimizdan, teatrimizdan, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutidan chin yurakdan minnatdorman.  

Muqaddas Xoliqova milliy teatrda 1981 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. 2002 yili "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist” faxriy unvoni, 2014 yili "O‘zbekiston xalq artisti” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.   

Muqaddas opa 1981 yil O‘zbek davlat akademik drama teatriga – hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatriga yo‘llanma olgan va shu jamoada o‘z mehnat faoliyatini boshlagan. Bu mo‘’tabar dargohning sahnasida u 100 ga yaqin obrazlarni gavdalantirgan.

Ustoz san’atkor teatrdagi ijodiy faoliyati bilan bir qatorda 50 dan ziyod kino va videofilmda rang-barang rollarni mahorat bilan ijro etgan. U dublyaj sohasida ham 300 ga yaqin filmga hamda bir nechta teleseriallarga ovoz bergan.

Ijodiy kechada tomoshabinlarning sira ko‘ngliga urmaydigan sahna asari “Ko‘ngil” spektakli namoyish etildi. Bosh rolni esa O‘zbekiston xalq artisti Muqaddas Xoliqova ijro etdi.  

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri