French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sahnalarimizda qardosh xalq asarlari
09:39 / 2025-12-15

Ozarbayjonda “O‘zbekiston Respublikasi madaniyat kunlari” katta muvaffaqiyat bilan o‘tkazilayotgan shu kunlarda mamlakatimiz teatrlarida ham qardosh yurt ijodkorlarining asarlari tomoshabinlarga taqdim qilinayotgani e’tiborli.

Aslida ozarbayjonlik dramaturglarnig asarlari mamlakatimiz teatr jamoalari repertuaridan ham o‘rin olgani muxlislarga havola etilayotgan spektakllarning rang-barangligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.  

O‘zbek Milliy akademik drama teatrida Uzayr Hojibekovning “Arshin mol olon” asari asosidagi spektakl namoyish etildi.  

Mazkur asarni yurtimiz teatrlarida sahnalashtirishda ustoz rejissyor, O‘zbekiston xalq artisti Bahodir Yo‘ldoshevning xizmatlari katta. Shu sababli ham spektakl namoyishi milliy teatrimiz darg‘asining xotirasiga bag‘ishlandi.  

Aytish kerakki, ushbu sahna asari O‘zbek Milliy akademik drama  teatri jamoasi aktyorlari ijrosida o‘ziga xos, juda zavqli tarzda taqlin etilgani bilan ahamiyatli. Spektakl yengil kulgu, hazil-mutoyibaga boyligi diqqatga sazovor. Aktyorlar asar mazmunini yanada ochish va boyitishda tomoshabinlar bilan ijodiy muloqotga kirishi spektakl jarayonida yanada samimiy muhitning qaror topishiga xizmat qiladi.  

Qardosh xalqning betakror va jo‘shqin raqslari, musiqa,  qo‘shiqlarini aktyorlarimiz yuksak mahorat bilan ijro etishi sahna asarining qimmati va ahamiyatini tobora kuchaytiradi.  

Spektakl rejissyori – O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Farhod Abdullayev. Rassom – O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Baxtiyor To‘rayev. Asosiy rollarni Arofat Ergasheva,  Baxtiyor Yusupov, Saida Umarova,  Davron Karimov, Kumush O‘ktamova, Ulug‘bek Xoliqjonov, Zebiniso Ergasheva va boshqa aktyorlar ijro  etgan.

Shuningdek, Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatrida Ozarbayjon dramaturgi Majid Shamxalov asari asosidagi “Qaynona” spektakli muxlislar hukmiga havola etildi.  

Sahnalashtiruvchi rejissyor Doston Haqberdiyev, sahnalashtiruvchi dirijyor Akmal To‘rayev hamda teatrning katta ijodiy jamoasi tomonidan tayyorlangan ushbu spektakl muxlislarga manzur bo‘ldi.

Nazokat Usmonova,

O‘zA muxbiri