Mumtoz musiqa insonga huzur, sokinlik, zavq bag‘ishlaydi. Poytaxtimizdagi “Turkiston” san’at saroyida O‘zbek milliy maqom san’ati markazi Yunus Rajabiy nomidagi “Maqom” ansamblining iste’dodli xonandalari ishtirokida “Yangi O‘zbekiston yulduzlari” deb nomlangan konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur loyiha an’anaga muvofiq tashkil etilib, milliy maqom san’atining izchil davom etayotganini yana bir bor namoyon etdi.

Dastur davomida o‘zbek milliy musiqa san’atining nodir namunalarini o‘zida mujassam etgan maqom yo‘llari, an’anaviy kuy-qo‘shiqlar hamda mumtoz asarlar jonli ijroda yangradi.
Milliy ruh va zamonaviy badiiy yondashuv uyg‘unligi orqali maqom san’atining badiiy-estetik qimmati tomoshabinlarga, ayniqsa, yosh avlodga g‘oyat ta’sirchan tarzda yetkazildi.

Musiqiy dastur davomida o‘zbek mumtoz adabiyoti va zamonaviy she’riyatining yirik namoyandalari — Ogahiy, Alisher Navoiy, Huvaydo, Abdulla Oripov, Turob To‘la, Omon Matjon, Sulaymon Shodiyev, Botir Ergashev hamda O‘lmas Jamol asarlari asosidagi kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
Shuningdek, konsert dasturida taniqli san’atkorlar Munojat Yo‘lchiyeva, Jenisbek Piyavoz, Zamira Suyunova, Ra’no Yarasheva, Toir Asqar hamda Abdulla Shoma’rupov mehmon sifatida ishtirok etdi.

Konsert dasturi 700 ga yaqin tomoshabinni qamrab oldi. So‘nggi ikki yil davomida an’anaga muvofiq “Turkiston” san’at saroyida “Maqom” ansambli tomonidan 10 dan ziyod konsert dasturi muvaffaqiyatli tashkil etilgan.
Tadbirning bosh maqsadi aholiga, xususan yoshlar auditoriyasiga yuqori saviyadagi madaniy xizmat ko‘rsatish, milliy maqom san’atiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish, yosh ijrochilarning ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda boy madaniy merosimizni asrab-avaylash va izchil rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.

Ayni paytda ansambl jamoasi 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar bayrami hamda Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan o‘tkaziladigan davlat tadbirlariga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Shuningdek, jamoa yaqin kunlarda “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyi sahnasida hamda xorijiy mamlakatlarda konsert dasturlarini tashkil etishni rejalashtirmoqda.
N.Usmonova, O‘zA