Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Marqabay Jiyemuratovning “Makariya suluv” baleti yana bir bor san’at ixlosmandlarini sehrli sahna olamiga chorlab, tomoshabin qalbida chuqur taassurot qoldirdi.
Mazkur balet O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Tileubergen Jumamuratovning shu nomdagi poetik romani asosida yaratilgan bo‘lib, unda muhabbat, sadoqat va insoniy tuyg‘ular nafis raqs harakatlari orqali ifoda etiladi.
Balet librettosi Gauhar Rahmanova hamda Sultan Duysenbayev tomonidan yozilib, asarning sahnadagi hayotini yaratishda ijodiy jamoaning katta mehnati mujassam bo‘lgan. Sahnalashtirgan baletmeyster – Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Sultan Duysenbayev. Assistent baletmeyster Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Ayjamal Tolegenova ham ijodiy jarayonga munosib hissa qo‘shdi.
[gallery-28006]
Baletning musiqiy ohangi O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston san’at arbobi, Berdaq nomidagi davlat mukofoti sovrindori Qurbanbay Zaretdinov boshchiligida jaranglab, sahnadagi har bir harakatga o‘ziga xos ruh bag‘ishladi. Sahna bezaklari rassomi – Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Zauqi Saypov bo‘lib, u yaratgan sahna muhiti tomoshabinni asar voqealari kechayotgan olamga yetaklaydi. Kostyumlar rassomi Sarbinaz Daukarayeva esa qahramonlarning obrazini yanada yorqin ifodalovchi liboslar yaratgan.
Premerada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vaziri B.Temirbayev, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatri direktori P.Mamutov so‘zga chiqib, ushbu balet milliy sahna san’atining go‘zal namunalaridan biri ekanini, u xalqimizning boy madaniy merosi va badiiy tafakkurini yuksak darajada ifoda etishini ta’kidladi.
“Makariya suluv” baleti nafis raqs, jozibali musiqa va chuqur badiiy ifodaning uyg‘unligi bilan tomoshabinlarni o‘ziga rom etdi. Sahna harakati, obrazlarning jonli talqini va ijodkorlarning mahorati tufayli balet kechasi haqiqiy san’at bayramiga aylandi. Tomoshabinlar ijodiy jamoaning fidokorona mehnatini katta olqishlar bilan qarshi olib, unga yuksak baho berdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.