Respublika Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining shu mart oyida qabul qilingan tegishli buyrug‘iga ko‘ra, maktabgacha yoshdagi iste’dodlarni aniqlash, ijodiy qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish, ularni milliy madaniyat va san’atga jalb etish vazifasi belgilangan.
Namangan shahridagi “Barkamol avlod” bolalar maktabida viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan “Jajji nurli yulduzlar” festivali ayni shu maqsadga xizmat qildi. Unda mazkur festivalning shahar va tuman bosqichida g‘olib chiqqan bolajonlar ishtirok etdi. Malakali hakamlar kichkintoylar iqtidorini nizomda qayd etilgan “Sehrli harakat”, “Jajji xonanda”, “Mo‘’jizaviy kuylar” va “Ajdodalar merosi” shartlarida raqs, ovoz, soz va folklor janrlarida baholadi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, “Sehrli harakat” yo‘nalishi bo‘yicha Namangan tumanidagi 16-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi Oyshaxon Raimberdiyeva g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Festivalning “Jajji xonanda” yo‘nalishida Mingbuloq tumanidagi 1- sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi Hadicha Haydaraliyeva faxrli birinchi o‘rinni egalladi. Bahsli kechgan “Mo‘’jizaviy kuylar” yo‘nalishida omad Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 4-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi Shoaziz Fazliddinovga nasib qildi.

Ko‘rikning “Ajdodlar merosi” yo‘nalishi o‘n nafarli jamoaviy folklor ko‘rinishiga ega bo‘lib, unda Namangan tumanidagi 1-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining jajji folklor jamoasining chiqishlari eng yuqori baholandi.

Taqdirlash marosimida Namangan viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Muzaffar Mo‘minov iqtidorli bolajonlarga samimiy tilaklarini bildirib, g‘oliblarga esdalik sovg‘alarini taqdim etdi.

Ta’kidlash joiz, faxrli birinchi o‘ringa sazovor bo‘lgan ishtirokchilar “Jajji nurli yulduzlar” festivalining respublika bosqichida viloyat nomidan qatnashadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.