Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sahnada dunyo kompozitorlarining asarlari yangradi
14:23 / 2025-11-14

O‘zbekiston davlat konservatoriyasida O‘zbekiston davlat simfonik orkestri jo‘rligida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sayyora G‘afurovaning “Fortepiano konsertining evolyutsiyasi: I.S.Baxdan P.I. Chaykovskiygacha” deb nomlangan konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.

Aytish kerakki, mamlakatimizda milliy va jahon musiqa san’atining ravnaq topishiga katta ahamiyat qaratilmoqda. 

Mazkur konsert dasturida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Sayyora G‘afurova va xalqaro tanlovlar sovrindori, Abbosbek Vahobov dirijyorligidagi O‘zbekiston davlat simfonik orkestri jo‘rligida Iogan Sebastian Bax, Yozef Gaydn, Volfgang Amadey Motsart, Lyudvig van Betxoven, Friderik Shopen va Pyotr Ilich Chaykovskiy kabi yetuk kompozitorlarning ijodiga mansub durdona musiqiy asarlar ijro etildi.

Sayyora G‘afurova O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, professor, xalqaro tanlovlar sovrindori hisoblanadi. U qirq yildan ortiq ijodi davomida yurtimizda, shuningdek, Markaziy Osiyo va Yevropaning bir qancha davlatlarida yakkaxon konsert dasturlari hamda nufuzli orkestrlar jo‘rligidagi chiqishlari bilan tomoshabinlar e’tirofiga sazovor bo‘lgan. Uning repertuarida fortepiano va orkestr uchun yigirma beshdan ortiq asarlar mavjud bo‘lib, ularning aksariyati O‘zbekistonda birinchi marta aynan uning ijrosida yangragan. Shuningdek, S.G‘afurova madaniyat va san’atga doir bir qancha loyihalar muallifidir. 

Sayyora G‘afurova yurtimiz musiqa san’ati rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun 2010 yilda “Shuhrat” medali, 2016 yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

Mazkur konsert dasturi musiqa ixlosmandlari, fortepiano ijrochilik san’ati muxlislari hamda san’at shaydolari uchun unutilmas lahzalarni taqdim etdi. 

N.Usmonova, O‘zA