Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sahna san’atiga bag‘ishlangan ko‘rgazma
13:40 / 2025-09-19

O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida «Muloqot: Meros va nigoh» ko‘rgazmasi tashkil qilindi.

Ko‘rgazma O‘zbekistondagi taniqli teatr rassomi Georgiy Brim tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan bo‘lib, ustozning va uning iqtidorli shogirdi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, teatr rassomi Shuhrat Abdumalikovning asarlari muxlislar e’tiboriga havola etilgan.  

Teatr rassomligi o‘ziga xos yo‘nalish bo‘lib, u nafaqat ijodiy qarashni, balki tashkilotchilik mahoratini hamda rejissurani chuqur anglashni talab qiladi. Georgiy Robertovich Brim ana shunday ustoz edi.  

Georgiy Robertovich Brim (1935–1999) — mashhur teatr rassomi-ssenograf, O‘zbekiston SSRning xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, Adabiyot, san’at va arxitektura sohasidagi Davlat mukofoti sovrindori. U Ozarbayjonda tug‘ilgan, bolaligi evakuatsiyada o‘tgan, Ashxobod va Toshkentda ta’lim olgan. 1950 yillar oxiridan Turkmaniston teatrlarida rassom-ssenograf bo‘lib ishlagan, keyinchalik yigirma yildan ortiq O‘zbekistonning yetakchi teatrlarida bosh rassom sifatida faoliyat yuritgan. Milliy an’analarni zamonaviy ssenografiya bilan uyg‘unlashtirgan holda yuzlab drama va opera spektakllarini bezagan. Toshkent teatr va rassomlik oliygohida dars berib, ko‘plab yosh ssenograflarni tarbiyalagan. 1999 yilda Germaniyada vafot etgan.  

Georgiy Brimning hayoti teatr, uning rejissyorlari va aktyorlari bilan uzviy bog‘liq edi. Uning yangicha qarashlari sahnadagi har bir spektaklga yaxlit va obrazli olam bag‘ishlab, dramaturgiyaning haqiqiy hamnafas hamkori sifatida shakllandi. Brim asarni shunchaki tasvirlab qolmasdan, unga o‘zining chuqur va mustaqil ruhini o‘rnatish orqali O‘zbekiston teatr san’atidagi eng yirik islohotchilardan biriga aylandi. Uning ssenografiya taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi beqiyos va yuksak bahoga loyiqdir.

Georgiy Brim tomonidan bezatilgan eng mashhur spektakllar qatorida: «Og‘ir ayblov» (1967), «Asr dramasi» (1968), «Shoh Edip» (1969), «Mariya Styuart» (1969), «Oltinchi iyul» (1969) asarlari bor.  

Ko‘rgazmada shuningdek, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, ssenograf va Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti professori Shuhrat Abdumalikovning asarlari ham namoyish etilgan.

Shuhrat Abdumalikov 1970 yilda Samarqandda tug‘ilgan. U Toshkent teatr va rassomlik institutida Georgiy Brimning so‘nggi va eng sevimli shogirdlaridan biri bo‘lgan. Talabalik davridanoq  Yosh tomoshabinlar teatri va Abror Hidoyatov nomidagi teatrda spektakllar bezashni boshlagan va institutni tugatgandan so‘ng o‘qituvchilik faoliyatini davom ettirgan.

Shuhrat Abdumalikov o‘z ijodiy faoliyati davomida O‘zbekiston, Buyuk Britaniya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston teatrlarida 300 dan ortiq spektakllarni bezagan. U Mark Vayl, Bahodir Yo‘ldoshev, Avliyaquli Xo‘jaquli va Barzu Abdurazzoqov kabi mashhur rejissyorlar bilan hamkorlik qilgan.

Taniqli tanqidchi Eldor Muxtorovning fikricha, Shuhrat Abdumalikov nafaqat rassomlik mahoratiga, balki rejissyorga o‘ziga xos, g‘ayrioddiy obrazli yechimlarni taklif qilish qobiliyatiga ham ega.

Ustoz va shogird ijodini birlashtirgan ushbu ko‘rgazma avlodlar o‘rtasidagi izchillikni yaqqol namoyon etib, Georgiy Brimning yangicha g‘oyalari bugungi O‘zbekiston san’atida qanday davom etayotganini ko‘rsatadi.

Ekspozitsiyada Georgiy Brimning 35 ta (O‘zbekiston Badiiy akademiyasi  Ko‘rgazmalar direksiyasi va Shuhrat Abdumalikov shaxsiy kolleksiyasidan), Shuhrat Abdumalikovning 29 ta asari va ikki installyatsiya namoyish etilmoqda.  

N.Usmonova, O‘zA