Namangan viloyat musiqali drama teatrida Respublika Madaniyat vazirligi, Namangan viloyati hokimligi, O‘zbek milliy maqom san’ati markazi hamkorligida ilk bor O‘zbekiston Xalq artisti Zulayho Boyxonovaning boy san’atini o‘rganishga bag‘ishlangan “Zulayho Boyxonova ijodiy asarlari” respublika ko‘rik-tanlovi boshlandi. Mazkur tanlovda yurtimizning barcha hududlaridan turli yosh va kasbga egalari bo‘lgan 50 dan ziyod iste’dod sohiblari o‘z mahoratini namoyon etmoqda.
Tadbirning tantanali ochilishida Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Botirxon Nuriddinov, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston Xalq artisti Munojot Yo‘lchiyeva so‘zga chiqib, san’at va madaniyatni rivojlantirish, ayniqsa, milliy maqom san’atini yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish hamda ommalashtirishda o‘zbek san’ati darg‘alarining ijodiga bag‘ishlangan tanlovlarning ahamiyati katta ekanligini ta’kidladi.


Tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad musiqa va san’at yo‘nalishida yangi nom va iste’dodlarni kashf etish, yosh iste’dod egalarining qobiliyatini ro‘yobga chiqarish borasida keng ko‘lamli ishlarni doimiy qo‘llab-quvvatlash, xalqimizning ma’naviy merosini asrab-avaylash hamda milliy madaniyatni keng targ‘ib etishdan iboratdir.
O‘zbekiston xalq artisti Abduhoshim Ismoilov boshchiligida “Maqom” ansambli, Tojikiston Respublikasi Xo‘jand davlat universiteti, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda O‘zbek milliy maqom san’ati markazi mutaxassislaridan iborat hakamlar hay’ati tomonidan tanlov ishtirokchilari jonli ijro mahorati, professional tayyorgarligi, sahna madaniyati, asarni yoshga qarab tanlanishi bo‘yicha baholashmoqda.


– Maqom yo‘nalishida kuylash shu yurtning farzandiman, degan xonanda uchun ham sharaf, ham mas’uliyatdir. Bunday nufuzli tanlovda, elimiz adog‘idagi ustoz san’atkorlar qarshisida ilk bor sahnaga chiqdim, – deydi Toshkent viloyati Angren shahridan kelgan qatnashchi, Chirchiq davlat pedagogika universiteti talabasi Feruza Normatova. – Tanlovda Zulayho Boyxonovaning “Gar sog‘insam” ashulasini ijro etdim. Katta hayajonni his etdim, ammo, jonli ijroda bor iste’dodimni ko‘rsatishga intildim.
Eslatib o‘tamiz, tanlov g‘oliblari maxsus Gran-pri, pul mukofotlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.


Tanlov qizg‘in ruhda davom etmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.