14 iyun kuni Polshaning Belostok shahrida yengil atletika bo‘yicha an’anaviy xalqaro turnir bo‘lib o‘tadi. Tarixda yettinchi bor o‘tayotgan mazkur musobaqada dunyo bo‘ylab taniqli yengil atletikaning 40 nafarga yaqin yulduzlari ishtirok etadi.
Bu yilgi bellashuvlarda ayollar o‘rtasida yadro uloqtirish va balandlikka sakrash, erkaklar o‘rtasida esa yadro uloqtirish, balandlikka hamda langar cho‘pga tayanib sakrash bahslari bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar nomi aniq bo‘ladi.
Ayollar o‘rtasidagi balandlikka sakrash bo‘yicha bahslarda Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatlarida yuksak natijalar qayd etgan sportchilar ishtirok etadi. Quvonarlisi, ular orasida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, o‘tgan yilgi mazkur turnir g‘olibi Safina Sa’dullayeva ham bor. Umid qilamizki, bu safargi musobaqada ham atletimiz muvaffaqiyatli ishtirok etadi.
Ma’lumot o‘rnida: Safina Sa’dullayeva 2024 yilgi musobaqada 1,93 metr natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritgan edi. Musobaqa tarixidagi rekord esa polshalik atlet Mariya Jodzikka tegishli bo‘lib, u 1,95 metr balandlikka sakragan. E’tiborli jihati, o‘tgan yilgi turnirda Mariya aynan S.Sa’dullayevadan to‘rt santimetrga kam natija ko‘rsatgan edi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA