Buxoro viloyati delegatsiyasining Eron Islom Respublikasiga safari davom etmoqda.
Viloyat delegatsiyasi a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi U.Shodiyev va O‘zbekistonning Erondagi favqulodda va muxtor elchisi F.Nasriyev bilan birgalikda Hamadon viloyatida bo‘ldi.
Dastlab ulug‘ mutafakkir, olim Abu Ali ibn Sino mangu qo‘nim topgan majmua ziyorat qilindi. Shu yerning o‘zida Ibn Sino muzeyi va fondi faoliyati bilan tanishildi.
Abu Ali ibn Sino nomidagi Hamadon tibbiyot universiteti rasmiylari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Mazkur ta’lim dargohi va Buxoro tibbiyot universiteti o‘rtasida har tomonlama manfaatli munosabatlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari to‘g‘risida muzokaralar diqqat markazida bo‘ldi.
Hamadon viloyati ma’muriyatida o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023 yilda Eronga amalga oshirgan davlat tashrifi munosabati bilan ikki viloyatning birodarlashuvi haqidagi bitim imzolanganligi tomonlarning yanada samarali hamkorligiga keng imkoniyatlar yaratgani ta’kidlandi.
Muzokaralarga ko‘ra, Buxoro va Hamadon viloyatlarining turizm, madaniyat, madaniy meros va hunarmandchilik sohasidagi salohiyati har ikkala viloyatning ommaviy axborot vositalari orqali keng targ‘ib qilinadi. Turizm, madaniyat, madaniy meros va muzeyshunoslik yo‘nalishlarida tajriba almashinadi. Buxoroda Hamadon madaniyati kunlari hamda Hamadonda Buxoro turizm kunlari o‘tkaziladi. Hamadon turistik kompaniyalari, ishbilarmon va biznes vakillari uchun Buxoroda tanishuv sayohatlari tashkil etiladi. Eronning tibbiyotdagi katta yutuqlarini e’tiborga olib, Hamadon tibbiyot tizimi vakillarining Buxoroga tashrifi tashkillashtiriladi. Buxoroda Abu Ali ibn Sino sharafiga Eron investorlari tomonidan mehmonxona barpo etish loyihasi amalga oshiriladi.

Qabul yakunida “Ibn Sino hayot va ijod yo‘liga sayohat” dasturini amalga oshirishga kirishish to‘g‘risida bitim imzolandi.
Ma’lumot uchun: ushbu dastur Buxoroning Afshona qishlog‘idan boshlanib Buxoro shahri, Nisha, Isfaxon va Hamadon shaharlari yo‘nalishini qamrab oladi. Yiliga 10 mingdan ko‘proq sayohatchini jalb qilish imkoni yaratiladi.
Shuningdek, Buxoro viloyati madaniy meros boshqarmasi hamda Hamadonning madaniy meros boshqarmasi o‘rtasida bir qator kelishuvlarga erishildi.

Jumladan, viloyatdagi arxeologik ob’ektlarda izlanishlar olib borish, ularni konservatsiya qilish hamda muzey ashyolarini restavratsiya qilish bo‘yicha hamkorlik aloqalari bog‘landi. Shuningdek, joriy yilning 3-choragida Buxoro viloyatida mashhur tabib, alloma va qomusiy olim, Buxoro farzandi Abu Ali Ibn Sino hazratlari mangu qo‘nim topgan Hamadondagi Ibn Sino muzeyining ko‘rgazmasini tashkil etishga kelishib olindi.
Bu ko‘rgazma minglab sayyohlar va ilm ahli uchun buyuk mutafakkir hayot yo‘li, ilmiy va ijodiy yo‘nalishdagi nomoddiy madaniy merosi bilan yaqindan tanishish uchun imkoniyat yaratadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri