Gap Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanidagi 51-umumta’lim maktabi haqida bormoqda.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, jamoat arbobi Safar Ostonov Olchintepa qishlog‘ida yashab, shu yerdagi maktabda o‘qigan.
Yetuklik attestatini olgach, Toshkent davlat universitetiga o‘qishga kirgan va shu bilan hayoti poytaxtga bog‘langan. Qariyb ellik yil jurnalistika sohasida, davlat idoralarida mehnat qildi. “Sport”, “O‘zbekiston futboli”, so‘ngra “O‘zbekiston ovozi” va “Golos Uzbekistana” gazetalari tahririyatlarida bosh muharrir lavozimlarida ishladi.

O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi tashabbusi bilan yaqinda ijodkor tahsil olgan maktabda Safar Ostonov xotirasiga bag‘ishlangan maxsus burchak tashkil etilgan, kelgusida muzey ochish rejalashtirilgan edi.
Kuni kecha maktabda Sport vazirligi va uning Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan ijodkor xotirasi yod etilib, o‘quvchilarga sport jihozlari va kiyim-kechaklar sovg‘a qilindi.
Tadbir qatnashchilari ushbu maktab o‘quvchilari orasidan mahoratli sportchilar yetishib chiqishiga umid bildirdilar.
G‘. Hasanov, O‘zA muxbiri