Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Safar chizgilari
16:22 / 2022-07-13

Uzilmagan o‘q

Qishloqdan ota-onam, singlim, tog‘alar, qaynukalar kelishgan. Ertaga tug‘ilgan kunim. Tadorik odatdagidan boshqacha. Dadamning yaqinda og‘ir jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazgan 45 yillik kursdoshini ko‘rgisi keldi. Yo‘qlab bordik. Miriqib suhbatlashishdi. Gap mavzusi Qoraqalpog‘iston Respublikasiga burildi. 70 yoshga yaqinlashgan ziyolilar vaziyatni aql tarozisiga solib, ne-ne xotiralarni yodga olib, muhokama qilishdi.   
  
Xayrlashib, ortga qaytayotganimizda ishxonadan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. «Yig‘in» signali bo‘yicha hamma yetib borishi kerak edi.   
  
Bir lahzada tug‘ilgan kunim, qadrdonlar diydori unut bo‘ldi. O‘sha kuni hamkasbim, katta leytenant Orifjon Mamajonov bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasiga xizmat safariga borishimiz haqida buyruq oldim.   

Safar oldidan uyga qaytdim. Soat 14:00 da poyezdimiz o‘z joyidan jilishi kerak.   

I guruh nogironi bo‘lgan otam, onajonim xavotir olmasliklari uchun Navoiy viloyatiga shoshilinch ketayotganimni aytdim. Oq fotihalarini olib, yo‘lga tushdim.   

Hamkasbim Orifjon bilan Sibir sovuqlarini birga yengganmiz. Qadrdon hamroh. Samarqandgacha tik oyoqda gaplashib ketdik. Yo‘loldi qalbimizni chulg‘agan noxush xavotir nari ketgandek bo‘ldi.   

Kupeda qoraqalpoq hamrohlar bilan birga tushib qoldik. Ular bizni «bovurlarim» deb yaxshi ko‘rdi. Biz esa, «og‘alarimiz» deb qalbimizni ochdik. O‘z shahar, ovullariga xavotir bilan oshiqayotgan hamrohlarimiz, buzg‘unchi kuchlar shuncha odamning halovatini buzganini, et bilan tirnoqni ajratmoqchi bo‘lganlarni aytib, boshlarini sarak-sarak qilishardi. Ulardagi samimiyatdan, vaziyatga to‘g‘ri yondashuvdan ancha dadillandik. Yetib borishlari bilan mahalla-ko‘yga o‘zlarining fikrlarini yetkazishga, odamlarni tinchlantirishga va’da berdi. Nazarimizda ular bizdan xijolat edi.  

Temir yo‘l vokzalida bizni Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati boshlig‘i podpolkovnik Temur Narziyev kutib oldi.   

Tinchlik, salomatlik qarshisida qolgan hamma narsa juda mayda bo‘lib ko‘rinardi. Ana shu bebaho osoyishtalikni saqlash, olomonga shikast yetkazmasdan tarqatish og‘ir vazifa edi. Qolaversa, ularni tinchlantirishga chiqqan harbiy xizmatchilarga har qanday holatda ham bittayam o‘q uzmaslik, odamlar qurbon bo‘lmasligi vazifasi qo‘yilgandi.   
  
Tartibbuzarliklar tarqagach, Vatan himoyachilarining cheksiz mardligi va botirligini qancha madh etsak shuncha kamligini tushunib yetdim.   

Asli buxorolik kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi harbiy gospitalda davolanar ekan, olomon ulardan 10 nafarini garovga olganini bosiqlik bilan gapirib berdi.   

– Yonimizda qurol bor, ammo ishlatishga ruxsat yo‘q. Yuzlab odamlar qo‘llarimizni qattiq qayirib, harbiy liboslarimizni yechib oldi. Kiyimlarimiz va guvohnomalarimizni bir joyga yig‘ib, lovullatib yoqib yuborishdi. Bizni ham olovda kuydirish maqsadida ustimizga benzin sepishdi. Uchqun chiqarayotgan chog‘larida qayerdandir bir qoraqalpoq abi paydo bo‘ldi. U arslonday hayqirgancha o‘zini bizning ustimizga otdi. Uning tezkor harakatlari olomonni bir muddat shokka solib qo‘ydi. Qayerdandir topib kelib, suv sepdi.   

Farhodjonning boshqa gaplari qulog‘imizga kirmaydi. Ularni qutqarib qolgan, ellikdan oshgan, eshik ortida turgan qoraqalpoq amakini yoniga hol so‘ragani, fikrini qalamga olgani kiramiz. Nigohlarimiz, kameralar ularning ko‘zlariga qaratilgan. Xoh ishoning, xoh yo‘q, ular ota-boladek ko‘zda yosh bilan quchoqlashib qolishdi. Yengil tortdik.   

– Nechta farzandingiz bor?   

– 2 qiz, 1 o‘g‘il.   

– Endi sizning 2 nafar o‘g‘lingiz bor, – deymiz yengil hazil bilan. – Nabiralaringiz ham bor.  

Keyin yotoqxonaga qaytamiz. Kalitni uzatgan qoraqalpoq ayol so‘raydi:   

– Toshkentdan keldilaringma?   

– Ha, 4-5 kun bo‘ldi.   

– Bolalarim, men xalqim nomidan sizlardan juda xijolatman. Qancha odamning halovati buzildi. Shuncha ishning orasida Prezidentimiz ikki marotaba Nukusga kelib-ketdilar. E’tibor qilgan bo‘lsalaring, tashqi kuchlar asosan yoshlarni chalg‘itishgan, biz o‘zbek xalqidan yomonlik ko‘rmaganmiz va doim birga yashaganmiz, bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi.   

Xolaning jismu jonidan chiqayotgan bu gaplarini tinglab, ko‘nglimiz taskin topdi.

Shunday sinovli va murakkab damlarda faollik ko‘rsatgan o‘z jonini ham ayamay harakat qilgan bir guruh harbiy xizmatchilarni mudofaa vaziri nomidan tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Biz bilan bir safda turgan qorako‘z askarlarimizning jangovar ruhi, alplardek shijoati, o‘ziga bo‘lgan mustahkam ishonchidan qalbim to‘lqinlanib ketdi. Jonajon Vatani tinchligi uchun o‘z jonini xavf ostida qoldirgan, jonbozlik ko‘rsatgan harbiy xizmatchilarga qarab cheksiz faxrlandim.   

Bunday salohiyatli, zuvalasi pishiq askarlarimiz bor ekan, chetdan turib fitna va fasod qo‘zg‘ovchi, millatlararo totuvlikka raxna soluvchi yot kuchlar o‘zlarining yomon niyatlariga, turli «rahnamolari»ning «uzoqni ko‘zlagan» maqsadlariga hech qachon erisha olmasliklariga yana bir marotaba iymon keltirdim.   

Kapitan Aziz NORQULOV,   
«Vatanparvar» gazetasi muxbiri,   
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

O‘zA