Ko‘ngil yuzin ko‘z ichidan axtaring, Ko‘klam izin kuz ichidan axtaring. So‘zdan libos kiymish, iztirobdan toj, Sa’dulloni so‘z ichidan axtaring!
Ushbu misralar el suygan ijodkor, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining sobiq raisi, ham jurnalist, ham shoir marhum Sa’dulla Hakim qalamiga mansubdir.
Sa’dulla Hakim tajribali ijodkor, tashkilotchi sifatida ko‘plab yosh iste’dod egalariga ustozlik qilgan. Ustoz tavalludining 70 yilligi munosabati bilan Milliy matbuot markazida xotira kechasi o‘tkazildi.
Xotira kechasida ommaviy axborot vositalari xodimlari, shoir va yozuvchilar, oliy o‘quv yurti professor-o‘qituvchilari, talabalar va keng jamotchilik vakillari ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar Sa’dulla Hakimning o‘z yurtini, xalqini sevgan inson sifatida kechirgan hayoti va ijodiy faoliyati haqida o‘z xotiralarini so‘zlab berishdi.
– Sa’dulla aka matbuot sohasida samarali ijod qilish bilan birga ko‘plab xorij shoirlarining she’rlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima ham qildi, –deydi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov. –U kamtar, birovning dilini og‘ritmaydigan, qattiq gapirmaydigan inson bo‘lgan. Shogirdlarining ba’zilari ustoz har doim ijodkorlarni qo‘llardi desa, ayrimlar ustozdan ko‘p narsalarni o‘rganganman, deb eslashadi.
Ta’kidlanganidek, Sa’dulla Hakim o‘ziga xos ijodiy uslubi, she’riy asarlari bilan iste’dodini namoyon etgan. Uning “Sen kutgan bahor”, “Yoz oqshomi”, “Ona so‘z”, “Ko‘ngil yuzi” to‘plamlari alohida ahamiyatga ega bo‘lib, unda inson, tabiat va jamiyat muammolari o‘z poetik yechimiga ko‘tariladi.
– Ko‘pincha Sa’dulla akaning she’rlarini o‘qib, unga rassom shoir deb baho berardim, –deydi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, filologiya fanlari doktori Xurshid Do‘stmuhammad. – Sababi, uning har bir misrasini o‘qiganingizda ko‘z oldingizda obrazlar xuddi rassom qalamda chizayotgandek gavdalanaveradi. Masalan, bir she’rida: “Yarim tunda ko‘z ochsam, yonimda yotibdi oy”, desa, yana bir misrasida: “Qo‘ng‘iroq chalsa yomg‘ir, Gul ko‘tarib uyg‘onay!” deydi.
Sa’dulla aka shaxmat o‘ynashni juda yaxshi ko‘rardi. Ko‘pincha tushlik payti qo‘ng‘iroq qilib, “Xonamga bir chiqing, siz bilan maslahatlashadigan gap bor” deb qolardi. Biror maqolani muhokama qilsak kerak, deb chiqsam, shaxmat donachalarini terib, kutib o‘tirgan bo‘lardi. Gaplashib o‘tirib, mot qilib qo‘yardilarda “E, sezmay qolibman”, deb qo‘yardilar.
Tadbir so‘nggida ijodkorning oila a’zolari, do‘stlari, shogirdlari uning ijodiy faoliyatiga, xotirasiga hurmat-ehtirom ko‘rsatgan insonlarga minnatdorchilik bildirishdi.
Nigora Rahmonova, O‘zA