(Sharof Rashidov va Mirzamahmud Musaxonov munosabatlari misolida)
Yaqin kunlarda O‘zbekiston taraqqiyoti uchun beqiyos darajada hissa qo‘shgan buyuk davlat arboblari Sharof Rashidov va Mirzamahmud Musaxonov tavallud topgan qutlug‘ sanalar nishonlanishi jamiyatimizning alohida e’tiboriga arziguli voqealar qatoriga kiradi. Ularning amaliy faoliyatlari haqida ma’lumotlar xalqimizga yaxshi ma’lum.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, «Sharof Rashidov o‘ta mashaqqatli yillarda O‘zbekistonga qariyb chorak asr davomida rahbarlik qildi. Uning rahnamoligida respublikamiz iqtisodiy taraqqiyot, ilm-fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’at sohalarida ulkan muvaffaqiyatlarga erishdi... U fidoyi rahbar, betakror va benazir shaxs edi». Xuddi shunday, Sh.Rashidovning eng yaqin safdoshi, u bilan uzoq yillar yonma-yon faoliyat yuritgan M.Musaxonovning rahbarlik davri ham katta yutuq va natijalarga to‘liq bo‘lgan.
Ayni paytda bu unutilmas shaxslarning ajoyib insoniy xislatlari, ma’naviy fazilatlari, o‘zaro samimiy do‘stlik aloqalari kam yoritilgan. Yangi-yangi avlod bunday misollardan xabardor bo‘lishlari, o‘rnak olishlari lozimligi kelajagimizning ma’naviy zaminini mustahkamlovchi omillardan ekanligi bu axloqiy mavzuning ahamiyatini ko‘rsatadi.
Odatda yoshlikdan birga o‘qigan, birga o‘sgan, birga xizmat qilgan, turli paytlarda tanish-bilish bo‘lib qolgan «yon» do‘stlar anchagina bo‘ladi. Ayniqsa, ishlar yurishganda, moddiy imkoniyatlar borida ular safi kengayaveradi. Bironta amal, mansabga erishilganda bu toifa «og‘a-ini»lar nihoyatda ko‘payishadi. Ammo haqiqiy, kerak bo‘lganda jonini ham tikishga tayyor, butun qalbi bilan birga, «jon» do‘stga ega bo‘lish hammaga ham nasib qilavermaydi. Bu bor haqiqat. Umr bo‘yi turli shirinu-achchiq sinovlardan birga o‘ta olgan, sinalgan, rostgo‘y, to‘g‘ri xulq, har tomonlama ishongan, suyangan do‘sti bor odam bu dunyoda eng omadli, baxtli inson hisoblanadi.
Sharof Rashidov va Mirzamahmud Musaxonov o‘rtasida o‘ta murakkab davru-zamonlar davomida, turli nihoyatda og‘ir hayotiy vaziyatlarda shakllangan, sinalgan, toblangan insoniy aloqalar ana shunday eng yuksak andozaga to‘la mos keluvchi haqiqiy do‘stlikning noyob tarixiy misoli sifatida saqlanib qoldi.
Avvalo Sharof Rashidovning Mirzamahmud akaga hurmati nihoyatda yuqori bo‘lganligi hammaga ma’lum edi. Bunday samimiy e’tirof ochiq namoyon qilinib, vaqti-vaqti bilan juda samimiy, kishiga katta dalda beruvchi, uni ruhlantiruvchi satrlar yozilgan maktublarni yo‘llash hayajonli voqeaga aylanardi. Birgina misol.
«Qadrli Mirzamahmud Mirzarahmonovich! Sizni – o‘zbek xalqining ajoyib farzandi, sodiq do‘stimiz va safdoshimizni oltmish besh yoshga to‘lganingiz munosabati bilan chin yurakdan tabriklaymiz! Sizning butun hayotingiz – Vatan va xalqqa fidokorona xizmat qilishning yorqin misolidir. Bevosita rahbarligingiz asosida Toshkent viloyati so‘nggi yillarda sanoat, qurilish va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish borasida katta yutuqlarga erishdi. Siz qobiliyatli rahbar, yirik tashkilotchi, mohir tarbiyachi sifatida respublika faollari orasida hurmat-e’tiborga sazovor bo‘ldingiz. Aziz birodarim, Sizga metinday sog‘liq, baxt va shodlik, xalqimiz farovonligi yo‘lida yangidan-yangi muvaffaqiyatlar tilayman! Sharof Rashidov. 1977 yil, 22 oktyabr».
Sharof Rashidov yillar davomida, yoz paytida, ayniqsa saraton mahalida kecha-yu-kunduz tinimsiz mehnat faoliyatiga berilib ketgan poytaxt viloyati rahbari M.Musaxonovni majburlab dam olishga jo‘natar va u kishiga: «Mirza Mahmudovich, shu kundan e’tiboran Toshkent obkomi sekretari bo‘lib biz ishlab turamiz. Siz xotirjam dam olib keling. Hordiq chiqarib, qaytganingizdan so‘ng, ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin, yana o‘rningizni bo‘shatib beramiz», deya yoqimli hazil-mutoyiba bilan yaqin safdoshining sog‘lig‘i haqida qayg‘urishi va samimiy mehribonlik qilishi ko‘plab ularning yaqin safdoshlari xotirasida qolgan.
Sharof akaning o‘zi ham respublikamiz taraqqiyotining barcha sohalarini qamrab oluvchi ulkan faoliyati bilan barchaga o‘rnak ko‘rsatardi. Albatta murakkab davrlarda O‘zbekistondek katta davlatga rahbarlik qilish katta va og‘ir mehnat bo‘lib, mustahkam sog‘liqni talab qilardi. Bu to‘g‘rida uning sadoqatli umr yo‘ldoshi Xursanoy G‘afurovna xotirlashicha, «ayniqsa 50 yillarning ikkinchi yarmi Sharof Rashidov uchun oson kechmadi. Oliy Sovet Prezidiumi Raisi bo‘lib ishlab turganlarida, bir yilda 300 kunga qadar xizmat safarlarida bo‘lardilar. Sharof aka bir viloyatdan uchib kelib, bir samolyotdan tushib, ikkinchisiga o‘tirib, navbatdagi uchrashuvga, majlisga jo‘nardilar. 1957 yili Sharof akaning sog‘lig‘i anchagina yomonlashib, bizni qattiq tashvishlantirdi. U paytdagi respublika rahbariyatidagi ichki holat, guruhbozlik ham u kishini ozmuncha ezmas edi. O‘sha yili Sharof akani Kreml kasalxonasiga yotqizishga to‘g‘ri keldi. Hamon esimda, uni aeroportda respublika faollaridan ikki yaqin kishi – M.Musaxonov va S.Ziyodullayev kuzatib qo‘yishgandi»...
«Men Sharof Rashidovich bilan 1948 yilda tanishganman, – deb yozadi o‘z xotiralarida M.Musaxonov. – U «Qizil O‘zbekiston» gazetasining bosh muharriri, men esa Respublika Yengil sanoat xalq komissarining birinchi muovini edim. Oradan yillar o‘tdi. 1959 yili VSSPS (Kasaba uyushmalari Markaziy kengashi) Sekretari bo‘lib Moskvada ishlab yurgan kezlarimda, Toshkentga xizmat safari bilan keldim. Sharof Rashidovichni tabriklash uchun Markazqo‘mga kirdim. U yaqinda respublikada eng yuqori lavozim hisoblangan Markazqo‘mning birinchi sekretarligiga saylangan edi.
Uzoq davom etgan suhbatimiz paytida kutilmaganda mendan so‘rab qoldilar:
– Mirza aka, nima deb o‘ylaysiz, uddalay olarmikanman?
– Tajribangiz, bilimingiz bor, hayotni yaxshi bilasiz, boshqalardan kam joyingiz yo‘q, hech ikkilanmang, – dedim dadil.
Aytganlarim to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Sharof aka tez orada o‘zlarining amaliy ishlari bilan og‘izga tushdilar. Nimalarga qodir ekanliklarini ko‘rsata boshladilar, xalqning ularga bo‘lgan ishonchi, mehr-muhabbati oshib bordi.
Oradan ikki yil o‘tdi. 1961 yili ular yana Moskvaga keldilar, uchrashdik. Menga: «Toshkentni qo‘msamadingizmi, qaytsangiz yaxshi bo‘lardi, birga ishlardik», deb qoldilar. Bu taklif menga qanot bag‘ishladi. Rozilik berdim. Menda ona yurtimga qaytish ishtiyoqi kuchaydi. «Bajonidil boraman», dedim qat’iy.
Xuddi shu – 1961 yil meni Toshkentga taklif qilib, to‘ppa-to‘g‘ri O‘zbekiston Kompartiyasi Markazqo‘miga olib kelishdi. Shu kuni Plenum chaqirilgan ekan, men Markazqo‘m a’zosi edim. Yig‘ilishda ishtirok etishimni aytishdi. Hech gapdan xabarim yo‘q. Tashkiliy masala ko‘rila boshlagach, majlis raisi mening nomzodimni tilga oldi. O‘zim uchun kutilmagan holatda Markazqo‘m sekretariva byuro a’zosi etib saylandim. Shu kundan boshlab butun faoliyatim Sharof Rashidov bilan bog‘landi, u kishi bilan chorak asr yonma-yon turib, turli rahbarlik lavozimlarida ishladim.
Sharof Rashidovich tabiatan og‘ir-vazmin, andisha va mulohazali, ziyrak va sinchkov, mushohadasi keng, ma’naviy dunyosi boy va juda madaniyatli odam edi. Hamisha muloyim, shu bilan birga talabchan edi. Vazifa va topshiriqlarni shu qadar aniq va lo‘nda qo‘yardiki, izohga hojat qolmasdi. Ma’muriy buyruq bilan emas, yotig‘i bilan: «Bu ishlarni siz bilan biz bajarmasak, kim qiladi?» derdilar. Shundan so‘ng topshiriqni uddalay olmaslik u yoqda tursin, chalaroq bajarishga ham uyalardik, hammamiz. Muomala madaniyati kuchli edi u odamda. Menga, masalan, yoshimni hurmat qilib: «Mirza aka», deb murojaat qilardilar».
Aytish joizki, xuddi shunday odat M.Musaxonovga ham xos edi. Biz, barcha shogirdlar, safdoshlar ham rasmiyatchilikni yoqtirmaydigan rahbarimizni yaqinlarimizdagi kabi qisqa «Mirza Mahmudovich», undan ham ko‘proq «Mirza aka» deb murojaat qilardik, bunda qandaydir samimiylik, iliqlik sezilardi. Mirza aka ko‘plab muloqotlarda ko‘rishayotgan odami kim bo‘lmasin, o‘zining o‘tkir xotirasini namoyon qilib, avvallari tanishgan, uchrashgan suhbatdoshi bilan albatta uning ismini aytib so‘rashardi. Yana bir bu rahbarga xos nozik xususiyat – u har bir murojaat qilinayotgan erkak kishiga, yoshidan qat’i nazar, qandaydir samimiyat bilan «aka» so‘zini qo‘shib ishlatardi. Bunday yuqori hurmatni his qilgan suhbatdoshlar nihoyatda ruhlanib, «Mirza aka meni shaxsan biladilar», deb, g‘ururlanardilar.
M.Musaxonov ta’kidlaganidek, «Sh.Rashidov O‘zbekistonni boshqargan yillarda barcha ittifoqdosh respublikalar uchun markazdan yagona rahbarlik siyosati hukmron bo‘lgan. Masalaga shu nuqtai nazardan yondashsak, u kishiga rahbarlik mas’uliyati qanchalik og‘ir bo‘lganligini chuqurroq his etamiz.
Gap shundaki, butun taraqqiyotimiz, iqtisodiyotimiz markazga bog‘lanib qolgandi. Yuqoridan – Gosplan (Ittifoq Davlat reja qo‘mitasi) tomonidan belgilangan cheklovlar, hamma narsaning taqchilligi respublikamizni har jihatdan cheklab qo‘ygandi. Bu eng zaif joyimiz ekanligini men yaxshi bilardim. Sababi, bir paytlar O‘zbekiston Davlat reja qo‘mitasining raisi, so‘ngra Markazqo‘m sekretari, keyin Ministrlar Soveti raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlaganimda, men Moskvada, Davlat reja qo‘mitasining hatto o‘zi belgilab bergan rejalarni ham amalda tasdiqlab olish, uning asosida moliya, pul, materiallar va asbob-uskunalarni undirish qanchalik azob bo‘lganligini o‘z boshimdan kechirganman. Har doim rejalarda pul va moddiy-texnik ta’minot yetishmaydigan qilib tasdiqlanardi.
Sharof Rashidov ana shunday murakkab sharoitda respublikamizga mohirona rahbarlik qildi. U kuchli ijodiy fikrlash qobiliyatiga ega bo‘lib, keng qamrovli faoliyatida har bir ishga yangicha yondashish mahoratini namoyon qilardi. Hamma vaqt xalq orasida bo‘lishga intilardi. Yozuvchi sifatida u hayotning ma’naviy sohasini juda yaxshi o‘zlashtirish bilan birga, yirik davlat arbobiga xos barcha qobiliyat va fazilatlarga ega edi. Sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish, fan va madaniyatning nozik va murakkab masalalarini tushunib yetardi. U odamlarni ruhlantira olish, ularni eng murakkab vazifalarni hal etishga safarbar qilishdek noyob fazilatga ega edi».
Sh.Rashidov o‘zining to‘la ishongan, suyangan safdoshi M.Musaxonovga eng murakkab, katta tashkilotchilik qobiliyatini talab qiluvchi, o‘ta mas’uliyatli vazifalarni topshirardi. Buni unga Toshkentda 1966 yil 26 aprel tonggi soat 5 dan 23 daqiqa o‘tganda ro‘y bergan kuchli zilzilaning og‘ir oqibatlarini tugatish vazifasi yuklanishida ham ko‘rishimiz mumkin. Zilzila o‘chog‘i shaharning markazida, qariyb 8 km. chuqurlikda bo‘lib, uning epitsentridagi qimirlash kuchi 8 balldan oshgandi. Dastlabki kuchli zarbadan keyingi 500 dan ortiq silkinishlar oqibatida shaharning barcha tizimlari katta zarar ko‘rib, ayniqsa markaz qismi vayronaga aylangandi. 300 ming aholi boshpanasiz qolgandi. 1966 yili 709 marta, 1967 yili esa 194 marta qaytarilgan yer osti silkinishlari katta fojiaga aylanib, toshkentliklar jami 803 marotaba tabiiy ofat sinovidan o‘tgandilar.
M.Musaxonov xotirlashicha, «zilzila ro‘y bergan 26 aprel kuni soat 8:00 da men Sh.R.Rashidov qabuliga chaqirildim. U yerda zilzila oqibatlarini tugatish bo‘yicha respublika komissiyasining raisi etib tayinlanganim e’lon qilindi. Sharof Rashidovich menga yuzlanib: «Endi siz hamma ishlardan, majlislardan, hisobotlaru qog‘oz yozishlardan ozodsiz, endi faqat zilzila oqibatlari bilan shug‘ullanasiz. Sizga hamma ishlarda keng huquq beriladi, ya’ni nima lozim topsangiz qilavering, hammasi men bilan kelishilgan, deb hisoblang», dedi. Men qilinadigan ishlar qanchalik chegarasiz ekanligini hatto tasavvur qilolmayotgan bo‘lsam ham, bildirilgan shunchalik ishonchdan, o‘ta mas’uliyatli ish ayni mening zimmamga yuklanayotganidan faxrlangan edim.
Komissiya tarkibiga markazqo‘m sekretarlari, vazirlar va ularning muovinlari, barcha idora va tashkilotlar rahbarlari kiritilgandi. Men berilgan nihoyatda katta vazifani ortig‘i bilan bajarish uchun barcha kuch va bilimlarimni sarflashga, yengil bo‘lmagan vaziyat taqozo qilayotgan holatda kunu-tun ishlashga tayyor edim. bugungi Toshkent – O‘zbekistonning husnu jamoli va faxridir. Sh.Rashidov Toshkentga doimo katta e’tibor berar, uni jondan sevardi. Bu ayniqsa dahshatli zilziladan keyin shaharni tiklash ishlarida yaqqol namoyon bo‘lgandi. Men Respublika komissiyasi raisi bo‘lganligim sababli ham barcha belgilangan va bajarilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari kunma-kun, soatma-soat, har bir daqiqada mening ko‘z o‘ngimdan o‘tardi».
Bunday og‘ir vaziyatda M.Musaxonovning kuchli irodasi, boy rahbarlik tajribasi, chuqur bilimi va katta tashkilotchilik qobiliyati katta ta’sir kuchiga ega bo‘ldi. Toshkentliklar og‘ir imtihonga chidadilar va o‘z shaharlarini qayta tikladilar. Albatta, bu jarayonda Sh.Rashidovning shaharni tiklash masalalari bilan shaxsan shug‘ullanganligi, hukumat komissiyasi ishini qo‘llab-quvvatlashi hal qiluvchi asosiy omil edi. Uning kuch-g‘ayrati bilan barcha qurilish ishlari ilmiy-texnik jihatdan aniq va puxta rejaga asoslanib, poytaxtni yuzaki ta’mirlash emas, balki yangi Toshkent qurish bosh dasturi asosida amalga oshirildi.
1966–1970 yillar mobaynida qariyb 4 mln. kv. metr turar-joylar qurilib, foydalanishga topshirildi, 60 mingta kvartira qayta tiklandi, 77 maktab to‘la ta’mirdan chiqarildi va yangidan qurildi, 74 bolalar bog‘chasi va boshqa qator madaniy-maishiy binolar bunyod etildi. Bu ko‘rsatkichlar avvalgi yigirma yilda bajarilgan ishlarning hajmiga teng edi.
Har bir davrda ham rivojlanish rejalarining amalga oshirilishi respublika, viloyat, shahar va rayon rahbarlarining tashkilotchilik qobiliyati va tashabbuskorligiga bog‘liq bo‘lgan. Sh.Rashidov tomonidan respublika bo‘ylab rahbar kadrlarni tayyorlash va tanlash siyosati to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganligi sababli sanoat korxonalari, kolxozlar, sovxozlar, qurilishlarning aksariyat tashkilotchilari bilimdon, ishga layoqatli mutaxassislardan iborat edi.
Bu sohaga xuddi shunday yondashishni M.Musaxonov poytaxtda va Toshkent viloyatida amalga oshirgandi. Uning ta’biri bilan aytganda, «shahar va qishloq mehnatkashlaridan fidokorona ishlash talab qilinardi. Odamlarimiz shunga yarasha belgilangan rejalar bajarilishini ta’minlab, vaqtdan o‘zib ishlardilar».
Sh.Rashidovning M.Musaxonov kabi safdoshlari bilan mamlakatimizning ko‘pgina viloyat va shaharlarida amalga oshirgan bunyodkorlik ishlarining yaqqol namunasi sifatida ketma-ket qurilgan Kabelsozlik, Aviatsiya, Tashselmash, Traktor, Foton, Mikond kabi zavodlarni, yangi To‘qimachilik kombinatidek yirik korxonalarni ko‘rsatish mumkin. Ayniqsa poytaxt va Toshkent viloyatidagi o‘zgarishlar juda salobatli edi. Chirchiqdagi Elektrokimyo kombinati, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, Bekobod metallurgiya zavodi, Toshkent metropoliteni, Xalqlar do‘stligi saroyi, Markaziy Osiyodagi eng baland Teleminora singari murakkab inshootlar shular jumlasidandir.
Eng og‘ir muammolar, doimiy qiyin ahvol qishloq xo‘jaligi sohasida bo‘lgan. Yangi yerlarni o‘zlashtirish, melioratsiyani tashkil qilish, ayniqsa, paxtani parvarish qilib, yig‘ishtirib olishni mexanizatsiyalash yuzasidan katta ishlar olib borildi. Ayni paytda ittifoq hukumati har yili tinimsiz paxta yetishtirishni ko‘paytirishni talab qilardi. Paxta terish mashinalarini, irrigatsiya-melioratsiya mexanizmlarini yaratish va ishlab chiqarishdek murakkab masalalar ham O‘zbekiston zimmasiga yuklatilgan edi. Bu ishlarning bosh tashkilotchisi Sh.Rashidov va uning suyangan safdoshi M.Musaxonovning Moskvadagi kuchli aloqalari, obro‘ va qat’iyatlari ko‘p ishlarni ittifoq hukumati darajasida hal qilish imkonini berardi.
Har bir kutilmagan murakkab vaziyatlar vujudga kelganda, ularni hal qilish uchun tuzilgan Hukumat komissiyalariga rahbarlik qilish mas’uliyatini M.Musaxonov zimmasiga yuklash ham odat tusiga kirgandi.
Jumladan, bunday holat 1968–1969 yillardagi nihoyatda og‘ir kelgan qishda paydo bo‘lgandi. Surunkasiga besh kun to‘xtamay qor yog‘ib, sovuq uni muzga aylantirgan, ba’zi joylarda qor uyumlarining qalinligi bir yarim metrga yetgan. Harorat-26, -28, goho -30 darajagacha pasayib ketgan. Daryo havzalarida 1968 yil oktyabr–1969 yil fevral oylaridagi yog‘inlar miqdori odatdagi me’yordan ikki baravar oshgan. Bularning hammasi, tabiiy, aholi hayotini sezilarli darajada qiyinlashtirib, korxona, qurilish, kolxoz va sovxozlar ishini izdan chiqargan. Amudaryoning tekislik qismi boshdan-oyoq muzlab, yanvarning o‘rtalarida undagi temir yo‘l ko‘prigidan bir necha kilometr yuqorida va quyida daryo o‘zaniga muz tiqilib, suvi muz ustidan oqa boshlagan. 17 yanvar kuni ertalab suv muz sathidan 3 metr chamasi ko‘tarilgan va qirg‘oqdagi dambalarni yorib o‘tib, Chorjo‘y shahrining shimoliy qismidagi xonadonlarni va sanoat korxonalarini bosgan, Forob tumani qisman suv ostida qolgan. Surxondaryo, Buxoro, Qashqadaryo viloyatlarida sel toshgan. Qoraqalpog‘iston bilan Xorazm viloyatida vaziyat favqulodda keskinlashgan.Bunday kutilmagan holatning asoratlarini bartaraf qilish maqsadida tuzilgan hukumat komissiyasini yana M.Musaxonov boshqargan.
Yana bir favqulodda o‘ta xavfli holat 1965 yil avgust oyida Qoraqalpog‘istonda boshlanib, u yerda vabo tarqalishi natijasida kuniga yuzlab odamlar o‘limi keskin ko‘paya borgan. Bu tez tarqaluvchi kasallikni zudlik bilan oldini olish, uni chegaralash bo‘yicha ish boshlagan Hukumat komissiyaga raislik qilishni ham Sh.Rashidov M.Musaxonovga topshirgan.
Bunga o‘xshash misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Ular ikki yirik davlat rahbarining yaqin do‘stligi, hamkorligi, qanchalik bir-birlariga ishonishgani, suyanishlari, qo‘llab-quvvatlashgani mamlakatimiz taraqqiyotidagi turli yengil bo‘lmagan vaziyatlarni yengib o‘tishda muhim omil bo‘lganligini aks ettiradi.
... Taqdir Mirza akaga u keksaygan paytida haqiqiy, asl do‘stlikni, sadoqatli birodar bo‘la olishni yana bir sinash bo‘yicha shunchalik og‘ir sinov berdiki, undan bu buyuk inson oliy axloqiy jasorat ko‘rsatgan holda o‘tib, kelajak avlodlarimizga unutilmas ibrat qoldirdi.
... 1983 yil oktyabrda ittifoq miqyosida eng tanilgan yirik rahbar, o‘zbek xalqining sodiq farzandi Sharof Rashidov olamdan ko‘z yumdi. Bitmas-tuganmas ijodiy g‘ayratga ega, faoliyat doirasi nihoyatda keng, hamisha o‘z yurti, millatining farovonligi haqida qayg‘urgan, bu borada oxirigacha jonini fido qilgan insonning yuragi urishdan to‘xtadi. Bu og‘ir judolik barchani larzaga soldi...
Sharof akaning bebaho fazilatlariyu benihoya iste’dodi haqida cheksiz gapirish mumkin. Taniqli adib, «inson qalblari muhandisi» – u hayotning ma’naviy sohasini yaxshi bilibgina qolmay, balki yirik davlat arbobi sifatida sanoat, qurilish, qishloq xo‘jaligi, fan va madaniyatga oid nozik masalalarni ham chuqur tushunardi. U bilan oxirgi vidolashuv xalqimizning bu buyuk insonga bo‘lgan samimiy mehr-muhabbati va hurmat-e’tiborini namoyon etdi, dafn marosimi ommaviy tus oldi. Darhaqiqat, O‘zbekistonning butun bir davri bu xalqparvar rahbarning nomi bilan chambarchas bog‘liq edi.
71 yoshida kutilmaganda eng yaqin, mehribon do‘stidan ayrilgan Mirza aka, qanchalik qiyin va mushkul bo‘lmasin, u bu og‘ir judolikni – Allohning irodasini ongiyu qalbi bilan his qilgan holda qiynalib qabul qildi. Ammo asosiy sinov hali oldinda edi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, «Sharof Rashidov vafot etishi bilan uning xotirasini xo‘rlab, qabrini ko‘chirdilar, oila a’zolari, qarindosh-urug‘larini, do‘stlari va shogirdlarini quvg‘in qildilar. «Paxta ishi», «O‘zbek ishi», «Rashidovchilik» degan bo‘hton gaplar bilan u kishining aziz nomini, butun xalqimizni yomonotliq qildilar».
Butun umrini ona yurti, millati, xalqi taraqqiyoti va farovonligiga bag‘ishlagan rahbar sha’niga shunday tuhmatlar, bo‘htonlar, sanoqsiz ayblar yog‘dirila boshlandiki, bunga chidashning iloji yo‘q edi. U davrdagi ittifoq rahbariyati tomonidan tashkil qilingan bu jarayonda Mirza aka oldiga ham ochiqdan-ochiq o‘limga teng shart qo‘yildi: u ham butun O‘zbekistonni, o‘z millatini, yaqinda dafn qilingan rahbarni qoralash, ayblash jarayonida faol ishtirok etadi, do‘stining yo‘q «ayblarini» «fosh qiladi», buning evaziga yuqori amali va mavqe’ni saqlab qoladi, yangi mukofotlar, mansablarga erishadi, yoki aks holda, «Moskva siyosatiga» qarshi chiqqanligi uchun jazolanadi, ko‘rmagan, eshitmagan azobu-uqubatlarga duch keladi. Bu markazning ochiq ultimatumi edi.
1984 yil O‘zbekistonga qarshi boshlangan yangi «qatag‘on» jarayonida M.Musaxonov eng birinchi bo‘lib Sh.Rashidov xotirasiga xiyonat qilishdan qat’iyan bosh tortdi. Ongli ravishda kerak bo‘lsa, do‘sti uchun zahar yutishga ham tayyor ekanligini namoyish qildi. Keyingi nimaiki bor qiynoqlar, hibslar, xo‘rlanishlar, azobu-uqubatlar, ayriliqlarga holsizlanib qolgan paytlarida ham mardonavor chiday oldi. Hech qanday qiynoqlar uni o‘zining do‘stiga xiyonat qilishga, yaxshini yomon, oqni qora deyishga majbur qila olmadi... Bu bilan u yana bir marta o‘zining mustahkam hayotiy e’tiqodlariga, asl axloqiy qadriyatlariga, oliy fazilatlarga ega komil inson ekanligini xalqimizga namoyon eta oldi.
Mirza akaning keyinchalik aytgan millatparvar so‘zlari hamon qulog‘im ostida jaranglaydi: «Hayotim so‘nggida menga berilgan barcha azobu-uqubatlar ittifoq rahbariyati tomonidan butun xalqimga, millatimga qarshi uyushtirilgan o‘ta adolatsizlik, haqsizlik, zo‘ravonlik, kallakesarlik, xo‘rlashning bir uchqunigina bo‘ldi, xolos... O‘zim uchun bir kuyunsam, xalqim uchun ming kuyundim».
Ming afsuski, Sh.Rashidovning yillar davomida yuzlab birga ishlagan eng yaqin safdoshlarining aksariyati bunday qaltis vaziyatda yetarlicha qat’iyat va shijoat ko‘rsata olmadi. Hattoki, bu vaziyatga moslashib, markaz tomonidan va’da qilingan yangi amal va martabalar evaziga avvalo o‘ziga, o‘z xalqiga, ona yurtiga xiyonat qilishga tayyor bo‘lgan «kadrlar» ham kam bo‘lmadi...
M.Musaxonov besh yillik zindon azoblaridan qutulib chiqqandan so‘ng, o‘zining yaqin do‘sti haqida yozgan mulohazalari, xulosalari saqlanib qolgan. Bu hayajonli esdaliklarning bir qismi «O‘zbekiston ovozi» gazetasida 1992 yil 21 oktyabrda «Chorak asr yonma-yon» sarlavha ostida e’lon qilingan. Bu Sharof Rashidov vafotidan deyarli o‘n yildan so‘ng respublikamiz matbuotida u haqda e’lon qilingan birinchi ijobiy maqola edi. Bu unutilmas satrlar yaqin o‘tmish tariximizning og‘ir sahifalari, murakkab qirralari, ziddiyatli vaziyatlarini yanada chuqurroq, xolisona o‘rganishda muhim tarixiy manba hisoblanadi.
“... Men jonajon do‘stim Sharof Rashidovichning samarali ish faoliyati bilan birga shaxsiy hayotidan ham xabardorman, deya olaman, – deb yozadi Mirza aka. – U imkon boricha o‘z oilasi bilan birga bo‘lishga harakat qilardi. Uyda, oila davrasida u kishini hamisha tetik, chehrasi ochiq va xushchaqchaq holda ko‘rish mumkin edi. "O‘xshatmasdan uchratmas", deganlaridek, Sharof Rashidovichning rafiqasi Xursandoy opa ham u kishiga uzukka ko‘z qo‘ygandek mos edi. Sharof akadagi barcha xislatlar bu opada mujassamlashgan bo‘lib, u o‘ta mehribon, dilkash va zukkoligi tufayli ko‘pchilikning e’tiborini qozongan edi. Xursandoy opa Sharof Rashidovichga rafiqagina emas, balki mustahkam tayanch va maslahatgo‘y ham edi. Umuman, bu oila ibrat olsa arziydigan ahil, inoq, totuv bir xonadon edi. Farzandlar esa o‘ta boadab, aqlli, hushli bo‘lib, ota-onaning izzat-hurmatini o‘rniga qo‘yardilar va ularning izmida edilar.
Sharof Rashidovichning bevaqt vafoti va shundan so‘ng yuz bergan voqealar tufayli bu oila qancha vaqt ruhiy azob va kulfat chekdi, lekin padari buzrukvori xotirasi, qadr-qimmati va hurmatini hamma narsadan yuqori qo‘ya oldi.
Sharof Rashidovichda yuksak insoniy fazilatlar mujassam edi. 40 yildan ortiqroq vaqt bu ulug‘ zotni yaqindan bilganligim sababli, bunga ko‘p marta iqror bo‘lganman. Birgina misol: 1976 yili rafiqam bilan Germaniya demokratik respublikasida dam olish safari davomida Jamilaxon qattiq betob bo‘lib qoldi. O‘sha yerdagi vrachlar har qancha urinishmasin, yordam berisholmadi. Qandayligini bilmadim, bu voqea Toshkentda Sharof Rashidovichga darhol ma’lum bo‘libdi. O‘sha kundan boshlab u men bilan birga rafiqamning hayotini saqlab qolishga harakat qildi, astoydil qayg‘urdi. Rafiqam darhol harbiy gospitalga yotqizildi, uni malakali vrachlar davolay boshladi. Sharof Rashidovich shaxsan muolaja qanday ketayotganligi to‘g‘risida muntazam xabar olib turdi. Ahvol juda og‘irlashib qolganda, uning yordami bilan o‘sha kuniyoq farzandlarimni Toshkentdan Germaniyaga yetkazib kelishdi. Ahvol yana ham murakkablashgach, Sharof Rashidovich harbiy ma’murlar orqali maxsus samolyotda rafiqamni Moskvaga olib kelishga va Kunsevo kasalxonasiga yotqizishga yordamlashdi. Bu insonning men uchun, oilam uchun qanchalik odamiylik qilganini, do‘stona mehribonligini so‘z bilan ta’riflay olmayman! Bilamanki, bularning hammasi men yuqori mansabni egallab turganligim sababli emas, balki Sharaf akaning birovlarga muruvvat qilish, og‘ir paytda yordam berishga odatlanganliklarining yorqin isboti edi.
Ming afsuski, ana shunday buyuk rahbar, ulug‘ insonning bevaqt vafotidan so‘ng respublikamizdan omad ketdi. Bir-biridan og‘ir, sertashvish kunlar boshlandi. Baxtsizlik ketma-ket keladi, deyishadi. Xalqimiz 1984-1989 yillarda «o‘zbeklar ishi», «paxta ishi» deb atalgan mash’um uydirmadan iborat fojiani boshidan kechirdi. Minglab begunoh odamlar ta’qibga uchradi, qamaldi, nobud qilindi. Xalq va respublika sha’niyu obro‘si oyoq osti qilindi.
Mutlaqo begunoh azoblanganlardan biri men edim. Menga mash’um ayb qo‘yishdi: go‘yo poraxo‘rlik bilan shug‘ullangan emishman. Sud jarayonida bunday ayblar uchun hech qanday asos yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Aslida men uzoq vaqt Toshkent viloyat partiya qo‘mitasining birinchi sekretari, Markazqo‘m byurosi a’zosi bo‘lganligim va ko‘p vaqt Sharof Rashidovich bilan birgalikda ishlaganligim uchungina qamoqqa olingan edim. Meni qamashganligining yana bir muhim sababi shunda ediki, men o‘sha shov-shuv qilingan «mashhur 16-plenumda» yirik viloyatning rahbari sifatida nutq so‘zladim. Yuqoridan qat’iy va ma’lum topshiriq bo‘lganligiga qaramay, men o‘shanda o‘z so‘zimda Sharof Rashidovich sha’niga mendan juda ham kutilgan biron bir yomon gap aytmadim, vijdonimni sotmadim, do‘stimga, buyuk o‘zbek farzandi xotirasiga xiyonat qilmadim. Bunday «o‘zboshimchalik» plenum «rejissyorlari»ga nihoyatda yoqmadi, albatta. Ana shundan keyin meni namoyishona jazolash jarayoni boshlangandi...
Hozir o‘zimdan o‘zim so‘rayman: respublika nega Sharof Rashidovichning bevaqt vafotidan so‘ng kutilmaganda bunchalik dahshatli ahvolga tushib qoldi? «O‘zbeklar ishi», «paxta ishi» aslida qanday paydo bo‘ldi? Menimcha, bu savollarga darhol va bir xil javob berish mushkul.
Lekin, men shuni ishonch bilan ayta olamanki, O‘zbekistonning buyuk rahbarlaridan biri bo‘lgan Sh.Rashidov vafotidan so‘ng eng yuqori lavozimlarni egallagan vorislar bu yuksak ishonchga munosib bo‘la olishmadi. Ular respublikamiz qadri, obro‘-e’tiborini, adolat va haqiqatni, xalqimizni asossiz ta’na-dashnomlardan, bo‘hton va uydirmalardan, zo‘ravonlik yo‘li bilan qilingan ommaviy ta’qiblardan, qonunlarning oyoq osti qilinishidan himoyalashga ojizlik qilishdi, o‘z shaxsiyatlari, martabalari yo‘lida xiyonatkorona tobelikni afzal ko‘rishdi, go‘yoki «to‘g‘rilik» niqobi ostida markazdagilarga «labbay» deb, ularning «tegirmoniga suv quyishdi», «respublikamizda tartib o‘rnatib beringlar», deb yalinishga, iltijo qilishgacha borib yetishdi. Bunday vaziyatda hamjihatlik, ahillik va uyushqoqlik yetishmadi, parokandalik avj oldi.
Sharof Rashidov amalga oshirgan barcha ulug‘vor ishlar taftish qilinib, hasadgo‘ylik bilan «qora pardaga» o‘rab ko‘rsatildi. Uning safiga birlashgan ko‘pgina tadbirkor, ishbilarmon, fidoyi rahbarlar kamsitilib, chetga surib tashlandi, yomon otliqqa chiqarildi.
Insof bilan, xolisona aytganda, Rashidovning O‘zbekiston ravnaqi yo‘lida qilgan buyuk xizmatlari, amalga oshirgan ulkan bunyodkorlik ishlari uning pok nomi bilan abadiyatga daxldor emasmi?
Barpo etilgan yirik sanoat korxonalari, inshootlar, elektr stansiyalari, muhtasham uy-joylar va binolar, bir-biridan ko‘rkam shahar va qishloqlar, fan va madaniyatning muazzam koshonalari Sharof Rashidovning jasorati, tashkilotchiligi va qat’iyat bilan olib borgan sa’y-harakatlari tufayli bunyod etilgan tarixiy obidalar emasmi? Ular bunyodkorlikning tilsiz, lekin yorqin timsoli sifatida mag‘rur qad rostlab turibdiku! O‘zlashtirilgan yuz minglarcha gektar yayloq sahrolar, suvsizlikdan qaqragan cho‘lu biyobonlar bugun o‘z boyliklari, bepoyon paxtazorlari, serhosil dalalari, obod va serfayz qishloqlari, anvoyi noz-ne’matlari, so‘lim go‘shalari va go‘zal bog‘-rog‘lari bilan qadamidan gullar ungan tashabbuskor bosh rahbar yetakchiligida amalga oshirilgan qudratli mehnatning naqd samaralari emasmi?
Men shularni o‘zimcha sarhisob qilar ekanman, hamkorlik yillarini xotirlar ekanman, u kishining naqadar ulug‘vor, noyob va ulkan shaxs ekanligini yanada teran his etaman. Rashidov bilan birga o‘tkazgan chorak asr men uchun chinakam hayot va tajriba maktabi, dorilfununi ekanligiga takror-takror iqror bo‘laman. Uning nomini ulug‘laylik, odamlar, deb hayqirgim keladi.
Sharof Rashidov orzu qilgan kunlarga yetkazganiga, istiqlolga erishganimizga behisob shukronalar aytaman.
… bugungi O‘zbekistonning qadr-qimmati, mag‘rur ovozi bilan har qancha faxrlansak arziydi. Qo‘lga kiritilgan Mustaqillikni mustahkamlashga hissa qo‘shish esa har birimiz uchun muqaddas burch, farz va qarzdir!»
Tariximizda chuqur iz qoldirgan shunday tabarruk insonlar haqida fikr yuritar ekanman, men ularni yaqindan taniganim, ko‘plab marotaba ochiq muloqotlar qilganim, samimiy, sermazmun, o‘ta ibratli suhbatlarining guvohi bo‘lganimdan, doimo ularni minnatdorlik bilan eslab, ibrat olishga intilganimdan, ularning shogirdi ekanligimdan o‘zimni baxtli sezaman va faxrlanaman.
Saidmuxtor Saidqosimov, professor