Farg‘onada “Sadoi Farg‘ona” gazetasi ilk soni chop etilganining 110-yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi faollar zalida “Sadoi Farg‘ona” gazetasining milliy matbuot shakllanishi va jadidchilik harakatidagi o‘rni” mavzuidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasining asosiy tadbirlari tashkil etildi. Viloyat hokimligi hamda Jurnalistlar uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan mazkur anjumanda respublikamizdagi qator ommaviy axborot vositalari rahbarlari, oliy o‘quv yurtlari, Fanlar akademiyasi tizimi vakillari, adabiyotshunos va tarixchi olimlar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, markaziy ommaviy axborot vositalari rahbarlari, ustoz va taniqli jurnalistlar ishtirok etdi.
XIX asrning ikkinchi yarmida yurtimizga bugungi gazeta ko‘rinishidagi axborot vositasi olib kelingan edi. 1870-yillardayoq “Turkestanskiy vestnik”, uning o‘zbekchasi – “Turkiston viloyatining gazeti”, XX asrning birinchi o‘n yilligida jadidlarning “Taraqqiy”, “Xurshid”, “Shuhrat” gazetalari paydo bo‘ldi. Keyinroq Samarqandda “Samarqand” (1913), Toshkentda “Sadoi Turkiston” (1914) gazetalari chop etila boshladi. Farg‘onada esa jadidchilik harakati yetakchilaridan biri, ham ijodkor, ham tadbirkor inson Obidjon Mahmudovning fidoyiligi natijasida “Sadoi Farg‘ona” gazetasiga asos solindi. Uning birinchi soni 1914-yil 3-aprelda chop etilgan.
[gallery-16954]
– Bugungi anjumanning maqsad-muddaosi Farg‘onada chop etilishni boshlagan birinchi gazetaning sanasini aniqlash, Farg‘onada gazetachilik, matbuot paydo bo‘lganiga bir asrdan ziyodroq vaqt bo‘lganini ta’kidlashgina emas, balki bosma OAVning o‘sha paytdan buyon davom etib kelayotgan asosiy missiyasi, jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni va ahamiyatini ochib berishdan ham iborat. Shu ma’noda ushbu konferensiyaning dolzarbligi beqiyos, – deydi filologiya fanlari doktori, professor Xurshid Do‘stmuhammad. – Barcha qatnashchilar milliy matbuotimiz va uning tarixiy taraqqiyoti, jadidchilik va matbuot hamkorligi, davrlar silsilasida matbuotning yurt va millat taraqqiyotidagi o‘rni xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Qimmatli ma’lumotlar ulashildi.
Darhaqiqat, dastlab ma’rifatparvar jadidlarimiz xalqimiz turmush sharoitini, ma’naviy hayotini yuksaltirish, dunyodagi taraqqiy etgan millatlar qatoriga olib chiqish maqsadida gazetadan foydalanishgan bo‘lsa, ma’lum davrda u sho‘ro hokimiyatining targ‘ibot vositasiga ham aylandi. Bu gazeta tahririyatida Ashurali Zohiriy, Hamza, Cho‘lpon kabi ma’rifatparvarlar xizmat qilishgan, bir asr mobaynida “Sadoi Farg‘ona”, “El bayrog‘i”, “Mehnat bayrog‘i”, “Farg‘ona”, “Yangi Farg‘ona”, “Kommuna”, “Oltin vodiy”, “Farg‘ona haqiqati” degan nomlar ostida chop etilgan.
Ilmiy-amaliy konferensiya ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Tadbir davomida uzoq yillar ushbu tahririyatda mehnat qilgan faxriy jurnalistlar munosib taqdirlandi. Bir piyola choy ustida ham davom etgan bahs-u munozaralar anjuman yakunida tashkil etilgan konsert dasturiga ulanib ulanib ketdi.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri