Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali yaqinda Bishkek shahrida sodir bo‘lgan qotillik bilan bog‘liq tergov jarayoni haqida ma’lumot berdi.
Mamlakat rahbari ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoqda tarqalgan, kuzatuv kameralari muhrlagan video tasvir jamoatchilik orasida keng muhokamaga sabab bo‘lgan. Xususan, ayrim fuqarolar voqeaga noto‘g‘ri baho berib, militsiyani asossiz ayblash holatlari ham kuzatilgan.
Prezident “Xavfsiz shahar” tizimi orqali gumonlanuvchi tezda qo‘lga olingani, faqat uning shaxsini aniqlash maqsadida yordam so‘rab jamoatchilikka murojaat qilishga to‘g‘ri kelgani haqida gapirgan. Qayd etilishicha, bunday tizim tufayli jinoyatchi jazodan qochib qutula olmaydi.
– Odamlar jinoyat sodir etib, jazodan qochish mumkin ekan, deb o‘ylamasin, – degan Japarov. – Hozir shaharda juda ko‘p kamera o‘rnatilgan. Bunday nuqtalar soni yangi hududlar hisobiga ortib boryapti. “Xavfsiz mamlakat” tizimi butun respublika bo‘ylab samarali ishlamoqda. Masalan, yaqinda Aysuluu ismli fuqaroning qotili shu tizim orqali qo‘lga olindi. Poytaxtda jinoyatchi 15-20 daqiqa ichida ushlangan holatlar ham kuzatildi.
Shu bilan birga davlat rahbari mamlakat militsiyasiga nisbatan ishonch hanuz yetarli emasligini tan oldi. Bunga sabab qilib, avvalgi yillarda ayrim xodimlar “hisobot uchun” begunoh kishilarni qo‘lga olganini keltirdi.
– Bunday holatlarga endi yo‘l qo‘yilmaydi, – dedi Japarov. – Militsiya bugun vijdonan va samarali faoliyat olib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, 3 oktyabrga o‘tar kechasi Bishkekdagi uylardan birida 1991 yilda tug‘ilgan erkak va uning 1987 yilda tug‘ilgan opasining jasadi topilgan. Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, erkakka 18, ayolga esa 11 marta pichoq bilan jarohat yetkazilgan. “Xavfsiz mamlakat” tizimi yordamida aniqlanib, qo‘lga olingan gumondor hozir qamoqda. Tergov davom etyapti.
D.Hakimov, O‘zA