Saudiya Arabistonining Dammam shahrida U18 yosh toifasidagi atletlar o‘rtasida o‘tayotgan Osiyo chempionatining ikkinchi kunida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Jumladan, musobaqaning 2000 metr masofaga yugurish bahslarida Sadafbonu Nusratilloyeva 6 daqiqa 44,99 soniya vaqt bilan marraga birinchi bo‘lib yetib keldi. Uning ushbu natijasi mazkur yo‘nalishdagi qit’a va O‘zbekiston rekordini yangiladi. Shuningdek, chempionatning kumush medali Nasimaxon Mamirovaga nasib etgan bo‘lsa, bronza medal xitoylik Vu Venga topshirildi. Bu masofadagi erkaklar poygasida Shohjahon Xayrullayev kumush medali bilan taqdirlandi.

Chempionatning yettikurash bahslarida mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Sofya Nikolayeva 4904 ochko bilan kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur musobaqaning birinchi kunida bosqon uloqtirishda Shahribonu Zaripova, 1 ming 500 metr masofaga yugurishda Marjona Saydullayeva bronza medalini qo‘lga kiritgan edi.

Osiyo chempionatida O‘zbekiston umumjamoa hisobida 1 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza jamg‘arib, 4-o‘rinda bormoqda.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA