French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sabr-matonat va jasorat egasi
14:18 / 2022-10-15

Buxoro viloyati Jondor tumani Demun mahallasida yashovchi Ilhom Oripov 4–5 yoshida tayanch harakat a’zolari, ya’ni oyoqlarida suyak yemirilishi boshlanib, yurolmay yotib qolgan.

– O‘qituvchilar oilasida tug‘ilganman, – deydi Ilhom Oripov. – Otam Ismoil Niyozov, onajonim Mamlakat Oripovalar qishlog‘imizdagi maktabda dars beradi. Oyoqlarimdagi kasallik sababli ular meni yoshlikdan asrab-avaylab, kezi kelganda hunar o‘rgatib voyaga yetkazdi. 1982 yil 21 yoshimda Toshkentdagi (PTU) texnikumga o‘qishga borganman. Uch yil davomida erkaklar kostyum-shimini tikishni o‘rgandim. 1985 yilda uyga qaytib Jondor tumani markazidagi maishiy xizmat uyi artelida ishladim. Shu orada erkaklar kostyum-shimini bir necha andozada tikish–bichishni o‘zlashtirib, mijoz orttirdim.

Boshiga tushgan g‘amdan esankirab qolmagan yigitning poytaxtga borib, hunar o‘rganib qaytishining o‘zi katta jasorat. U garchi bolaligida oyoqlarini boy bergan bo‘lsada, aql-tafakkuri teranligini hayoti davomida isbotlab kelayotgan sabr-matonatli inson. Hunarini ardoqlagani, igna-ipini qo‘lidan qo‘ymay, tikuv mashinkasi oldidan nari ketmay, o‘z ta’biri bilan aytganda, “ermagi bilan mashg‘ulligi” tufayli mahallada “Usta Ilhom” nomini olgan.  

Mana ko‘p yillik astoydil mehnat, izlanish, harakat bilan kezi kelganda, yetti muchasi soppa-sog‘ odamlarga yaqqol namuna qilib ko‘rsatsa arzigulik darajaga yetdi. Ta’bir joiz bo‘lsa, nochorlikdan o‘ziga chora izlagan va hunaridan najot topgan Ilhom Oripov davlatimizning yuksak mukofoti “Jasorat” medali bilan taqdirlandi.  

 

– Bu hayot va unda odamzodni turfa sinov va mashaqqatlar kutishi hech kimga sir emas, – deydi Ilhom Oripov. – Kishini nogiron-notavon deya jamiyatdan ajratib qo‘yish, uning haq-huquqi va imkoniyatini cheklash mutlaqo noto‘g‘ri ish. Ulardan beqiyos ahamiyatga ega tashabbus va loyihalar chiqishi, bundan davlatimiz, barcha birday manfaatdor bo‘lishi mumkinligini ortiqcha izohlashga hojat yo‘q, nazarimda. Zotan, davlatimizning insonparvar siyosati zamirida ham yurtimizda istiqomat qilayotgan har bir fuqaroning emin-erkin yashashi, o‘z imkoniyati va iste’dodini to‘laqonli namoyon etishi mujassam.

Yaqinda Ilhom Oripovni yo‘qlab Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov va boshqa mutasaddilar Demun qishlog‘iga bordi. Davlatimiz rahbari nazariga tushgan bu kamtarin va kamsuqum qahramonimiz bilan dildan suhbat qurildi. Sabr-matonat va jasorat egasi bo‘lgan usta tikuvchiga zamonaviy tikuv mashinasi, yana ro‘zg‘or uchun zarur jihozlar topshirildi.  

– Keyingi yillarda Prezidentimiz e’tiborlariga tushib, ko‘p rag‘bat va  mukofotlarga sazovor bo‘ldim, ana shu qo‘llab-quvvatlash tufayli bugunga kelib elektron harakatlanadigan aravachamga ham egaman, – deydi Ilhom Oripov. – Lekin so‘nggi model tikuv mashinkasi men uchun alohida ahamiyatga ega. Sababi bu mening tirikligim vositasi, daromadim manbai, zarur ish qurolimdir.

 

Zarif Komilov, O‘zA