Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sabohat Jalolova: “Har bir bola Bahodirdek chempion bo‘lishi mumkin” (+video)
16:55 / 2025-04-18

O‘zbekistonning faxri, ikki karra jahon chempioni, Olimpiya o‘yinlarining ikkita oltin medali sohibi Bahodir Jalolovning orqasida – qalbi sabr, matonat va mehrga to‘la ona bor.

Ayni paytda Bahodir Jalolov nomidagi boks sport mahorati maktabida psixolog bo‘lib faoliyat yuritayotgan Sabohat Jalolova bilan suhbatimiz, sportchining ortida turgan asl kuch – oilaning, ayniqsa, onaning hissasi haqida bo‘ldi. 

– Maktabimizda ayni paytda 160 nafardan ortiq o‘g‘il-qiz sport bilan shug‘ullanadi. Biz ularni nafaqat jismonan, balki ruhan kuchli shaxs sifatida tarbiyalashga harakat qilamiz. Motivatsiya, o‘ziga ishonch, sabr sportda g‘alaba qozonish uchun zarur bo‘lgan eng muhim vositadir. Farzandlarimiz bu yerda yashaydi, o‘qiydi, sport bilan shug‘ullanadi. Yotoqxona, ovqatlanish, dars mashg‘ulotlarining barchasi davlat tomonidan ta’minlangan. Eng asosiysi, bu yerda ular orzulariga ishonishni o‘rganishadi. Chunki, Bahodirning o‘zi ham shunday muhitdan chiqqan, hozir endi ular uchun ilhom manbaiga aylangan.

– Maktabdagi mashg‘ulotlar qanday tartibda o‘tadi?

– Maktabda juda aniq va qat’iy tartib mavjud. Har bir bola bu rejimga ko‘nikadi va aynan shu tartib ularni intizomli qiladi. Ertalabki soat 8 dan 10 gacha 5, 6 va 7-sinf o‘quvchilari darsga kiradi. So‘ng soat 10 dan boshlab 8, 9 va 10-sinflar shug‘ullanadi. 

Mashg‘ulotlar ikki mahal o‘tkaziladi. Bolalar 5 mahal ovqatlanishadi. Har kuni ularning sog‘lig‘i, holati nazorat qilinadi. Tushdan keyin to‘garaklar, kechqurun esa uyquga tayyorlanish vaqti belgilanadi. Dam olish kunlari asosan, psixologik mashg‘ulotlar, motivatsion suhbatlar, shaxsiy rivojlanish mashg‘ulotlari o‘tkaziladi. Hozirda o‘quvchilarimiz Andijonda musobaqada, tez orada Qozog‘istonga yo‘l olishadi. 3 maydan boshlab esa Ozarbayjonda Prezident sovrini uchun o‘tkaziladigan musobaqada ishtirok etamiz. Bular – ulkan tajriba maktabi. Har bir o‘quvchimizning yutug‘i – biz uchun faxr.

– Bahodirning bolalikdagi xotiralari bilan bugungi sport maktabidagi bolalarni taqqoslaganingizda qanday farqlarni ko‘rasiz? Uning yoshligida ajralib turgan jihatlar nimalar edi?

– Rostini aytsam, bugungi sharoitlar bilan o‘sha davrni taqqoslashning o‘zi qiyin. Farq – yer bilan osmoncha. Hozir imkoniyatlar ancha keng. Bahodirning bolaligida esa bizga har bir qadam mehnat evaziga tushardi. Bahodir o‘ziga xos bola bo‘lgan. O‘qishda faol, bayram tadbirlariga ssenariy yozar, hayvonlarga juda mehribon edi. Ayniqsa, qo‘y va itlarni parvarish qilishni yaxshi ko‘rardi. Bir safar telefonini itga almashtirib kelgani hamon esimda, kulgili-yu, g‘ururli xotira. Eng ajralib turadigan jihati – to‘g‘riso‘zligi. Yolg‘on gapirmasdi. Hozir ham yolg‘onni yoqtirmaydi. Shu pok qalbi, samimiyati uni bugungi Bahodirga aylantirgan, deb o‘ylayman.

– Bahodirning ilk g‘alabalari siz uchun qanday eslanadi?

– Har bir ona farzandining ilk yutug‘ini yuragiga muhrlab oladi. Bahodir dastlab futbol bilan shug‘ullangan, boksga esa keyinroq kirib keldi. Lekin ilk musobaqasida yutganida, ichimda bir tuyg‘u uyg‘ongandi: “Bolam hali dunyoni hayratda qoldiradi”, deb o‘ylagandim. Bu oddiy g‘alaba emasdi, bu, bizning fidoyiligimiz, birga kechgan tunlar, qilgan duo va mehnatlarimizning ilk mevasi edi. Endi esa u professional boksda. 

– Ayrim murabbiylar Bahodirni yoshligida erinchoq bo‘lgan deyishadi. Uning o‘zi ham intervyularida “sportni tashla” degan gaplarni eslagan. Siz ona sifatida bu fikrlarga qanday qaraysiz?

– Ochig‘ini aytsam, bu gaplarga unchalik qo‘shilmayman. Erinchoq bo‘lganida, bu darajaga chiqolmasdi. Har bir bolaning hayotida bir pasayish davri bo‘ladi.  Bu normal holat. Shunchaki, o‘sha davrda uni to‘g‘ri yo‘naltirish kerak bo‘ladi. Bahodirning ham shunaqa damlari – o‘ylanib qolgan, ikkilanib turgan paytlari bo‘lgan. Shunda ba’zi murabbiylar: “Bundan sportchi chiqmaydi”, deb xulosa qilishgan. U paytda bu so‘zlar biz uchun og‘ir edi. Ammo ustozlari Rustam Saidov va To‘lqin Qilichevlar undagi ichki kuchni ko‘rishdi. “Bu boladan hali zo‘r bokschi chiqadi,” deb himoya qilishdi. Haqiqatda, vaqt o‘tib, o‘sha ustozlarning ishonchi o‘zini oqladi. Demak, bolada “erinchoqlik” emas, balki o‘z yo‘lini izlash, ichki kurash bo‘lgan. Asosiysi, biz ota-ona sifatida o‘sha davrlarda uni tushunishga harakat qildik, yonida bo‘ldik.

– Bahodir ringda og‘ir jarohatlar olgan. Shu kabi holatlarda siz ona sifatida unga qanday dalda bergansiz?

– To‘g‘risini aytsam, Bahodirni ilk bor Chirchiqdagi sport maktabiga olib borganimizda, uchinchi kunning o‘zida yuzlari ko‘karib, burni sinib qaytdi. Menimcha, har qanday onaning yuragi bunday holatga chidolmaydi. Men ham darrov: “Yur, bolam, bu sport bizga kerak emas, sog‘-salomat yuraver,” deb, uni olib ketmoqchi bo‘ldim. Ammo u o‘sha paytda ham yonimda o‘zining kuchini ko‘rsatdi. “Onajon, men orqaga qaytmayman”, dedi. Shunda tushundimki, bu bola tanlagan yo‘lidan qaytmaydi. Shundan beri janglarini hech qachon to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘ra olmayman. Yuragim ko‘tarolmaydi. Faqat yutganini eshitib, keyin videoni ko‘rib yig‘layman, sevinaman. Ayniqsa, Rio Olimpiadasidagi mag‘lubiyati yuragimni ezgandi, lekin bu unga kuch berdi. O‘shandan beri u: “Siz duo qiling, men g‘alaba bilan qaytaman,” deb kelmoqda. Shukr, hozirgacha va’dasining ustidan chiqyapti.

– Har bir ona farzandining yutuqlarga erishishini xohlaydi, lekin Bahodir Jalolov maktabiga kelgach, ba’zan mag‘lubiyatlarni ko‘radi. Ana shunday holatlarda ota-onalar va bolalar bilan qanday ishlaysiz?

—Ota-ona uchun farzandi eng yaxshi, eng iqtidorli bola. Bu tabiiy. Lekin sport bu, real hayot. Yutqazish ham bor, mag‘lubiyat ham. Men psixolog sifatida ota-onalarga birinchi navbatda shuni tushuntiraman: “Sizning farzandingiz hamma vaqt yutolmasligi, g‘olib bo‘lmasligi mumkin. Muhimi, u harakatda bo‘lishi, ishonchini yo‘qotmasligi lozim”.  Ko‘p  hollarda bolalarning ko‘ngli cho‘kadi, ota-onalarning hafsalasi pir bo‘ladi. Aynan shu paytda men ularning yonida bo‘laman. Ular bilan gaplashaman, ko‘nglini ko‘taraman. O‘zim ularga: “Men sizlar uchun psixolog emas, tirik tajribaman,” deyman. Bahodirning hayotini misol qilib keltiraman: “U ham o‘sha yillarda yutqazgan, hafsalasi pir bo‘lgan, ammo kurashdan to‘xtamagan. Demak, yutqazish yo‘lning oxiri emas, boshi bo‘lishi mumkin”.

– “Olim bo‘lish oson, odam bo‘lish qiyin”, deyishadi. Bahodir inson sifatida qanday shakllandi? Siz qanday qadriyatlarni singdirdingiz?

– Bahodir men uchun avvalo, farzand, keyin chempion. Biz uni tarbiyalashda har doim birinchi o‘ringa insoniylikni qo‘yganmiz. Eng avvalo, samimiyat, to‘g‘riso‘zlik, xalqimizga hurmat, oddiylik – mana shu qadriyatlarni berishga harakat qilganman. Har doim aytaman: “Agar odamlar yoningga rasmga tushishga kelishsa, charchagan bo‘lsang ham yo‘q dema. Chunki, bu martaba senga xalq orqali nasib qilgan. Olloh seni xalq orqali yuksaltirgan. Bir nojo‘ya harakating bilan u ne’matni olib qo‘yishi mumkin”. Bahodirda bu xislatlar bor. Notiqlik unga nasldan o‘tgan fazilat. Otasi, bobosi ham so‘zga usta bo‘lishgan. Shuning uchun Bahodir nafaqat ringda, balki hayotda ham kuchli bo‘lishi kerak edi va shunday bo‘ldi. Medal va unvonlar vaqtincha, insoniylik abadiy.

– Agar imkon bo‘lsa, Bahodir bilan bir kunga yoshlikka qaytganingizda, o‘sha kunni qanday o‘tkazgan bo‘lardingiz?

– Bilasizmi, har bir ona o‘z farzandining bolaligini sog‘inadi. Men ham shundayman. Bahodirning o‘sha beg‘ubor, mehrga chanqoq bolalik paytlarini eslab, yuragim eziladi. Agar vaqtni orqaga qaytarish imkoni bo‘lsa, men aynan u bilan yana bir kunni bolaligidek o‘tkazishni istar edim. Ko‘proq suhbatlashardim, qiziqishlariga chuqurroq e’tibor berardim. Har kuni yonida yurib, o‘sha damlarni ko‘proq qadrlardim. Balki yana ko‘proq kitoblar o‘qitardim, chunki bilaman: aql, tafakkur aynan kitob bilan shakllanadi. O‘sha vaqtni qo‘ldan boy bermaslikka harakat qilardim. Chunki, hozir u ulg‘aygan, band, mendan uzoqda. 

– Har bir insonda kamchilik bo‘ladi. Bahodir qachondir sizni ranjitganmi?

–  Yo‘q.  Bahodir meni hech qachon ranjitmagan. Balki onalik mehrim shunaqa bo‘lsa kerak, lekin men uning harakatida yomonlik ko‘rmaganman. U doim menga nisbatan ehtiyotkor, hurmatda bo‘lgan. Uzoqda bo‘lsa ham, telefon orqali bo‘lsa-da, doimo “Ayajon, yaxshi yuribsizmi?”, deb holimni so‘raydi. U meni birinchi o‘ringa qo‘yadi, bu menga eng katta sovg‘a. Har bir ona farzandining mehribon bo‘lishini istaydi. Qachonki, og‘ir holatda bo‘lsam, Bahodirning birgina gapi bilan ko‘nglim taskin topadi. Demak, u faqat chempion emas, balki haqiqiy o‘g‘il ham bo‘la olgan.

– Siz uchun baxt nima?

– Men uchun baxt – oilam, farzandlarim bilan birga bo‘lish. O‘g‘limning dunyo kezib, O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarishi. U meni butun dunyoga tanitdi. Ko‘chada odamlarning Bahodir Jalolovning onasi ekanligimni tanib qolishi – eng katta baxtim. Turmush o‘rtog‘im vafotidan so‘ng, o‘zimni yolg‘iz his qilgan paytlarim bo‘lgan. Lekin Bahodir va qizlarim hayotimga yana yorug‘lik olib kirdi. Men bugun baxtni yana boshdan kechiryapman. Buni faqat yurak bilan his qilish mumkin.

– Bahodir haqida ijtimoiy tarmoqlarda ijobiy va salbiy fikrlar aytiladi. Siz bularni qanday qabul qilasiz?

– Bilasizmi, yaxshi gaplar qalbimni quvontiradi, salbiy gaplar esa faqat sabrni o‘rgatadi. Hammaga birdek yoqib bo‘lmaydi. Bu hayot. Bahodir ham buni yaxshi biladi. “Odamlar har doim gapiradi, oyijon, siz faqat duo qiling”, deydi u. Men esa yomon fikrlarga javob berish o‘rniga, o‘zimni tinchlantiraman: “Agar o‘sha odamlar Bahodir qilgan ishni qilishsa edi, balki ularni tushunar edim”. Bahodir hech qachon manman bo‘lmagan. Har bir insonni hurmat qiladi, yordam so‘rasa, imkon boricha ko‘mak beradi. Shuning uchun ham xalq uni yaxshi ko‘radi. Negativ gaplar – yo‘lning bir bo‘lagi, o‘tib ketadigan holat. Muhimi, xalqning duosi va roziligi.

– Farzandlari chempion bo‘lishini orzu qiladigan onalarga qanday maslahatlar berasiz?

– Avvalo, bir narsani unutmaslik kerak: chempionlik – faqat sportdagi g‘alaba emas, bu intizom, mehnat, mehr, sabr va e’tibor bilan quriladigan yo‘l. Farzandlar, ayniqsa, bugungi zamon bolalari, telefon, internet, ijtimoiy tarmoqlarga juda bog‘lanib qolgan. Ota-onalar buni befarq kuzatmasligi kerak. Men onalarga shuni aytgan bo‘lardim: farzandingizni eshiting. U bilan har kuni suhbatlashing. Qiziqishini biling, nima haqida orzu qiladi, o‘sha orzuga siz ham ishoning. Unga “sen qila olasan” deb har kuni ayting. Bu bolani kuchli qiladi. Tarbiya bu – har kuni, har daqiqa bo‘ladigan jarayon. Bir kecha-yu kunduzda emas, balki yillar davomida sabr bilan beriladigan e’tibor. Farzandlarimizni telefon emas, kitob va mehr tarbiyalashi kerak. Ana shunda ular nafaqat chempion, balki chinakam inson bo‘lib ulg‘ayadi.

– Bahodir oxirgi paytlarda reklamalarda chiqmoqda. Siz bunga qanday qaraysiz?

– Sportchining mehnati, yutuqlari, yuzi reklama uchun xizmat qilsa, bu yomon emas. Aksincha, bu uning moliyaviy mustaqilligi, erkinligi uchun kerak. Bahodir bilan bu haqda ko‘p suhbatlashganmiz. "Odamlar seni reklamalarda ko‘rib, yuragingdagi samimiyatni, niyatingni tushunishsin," deyman. U hech qachon pul ortidan quvgan emas. Lekin hozirgi kunda sportchilar ham oila a’zolari, ro‘zg‘orini ta’minlashi kerak. Yaxshi yashashi, boshqalarga yordam bera olishi zarur. Bizga har kuni yordam so‘rab keladiganlar bor. Bahodir ko‘p hollarda bu yordamga shaxsan o‘zi javob beradi. Demak, bunda nafaqat shaxsiy manfaat, balki odamlarga ham yordam berish niyati bor. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/6IIQumvBAok" title="Sabohat Jalolova: “Har bir bola Bahodirdek chempion boʻlishi mumkin”" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Nigora Rahmonova,

Mushtariy  Ikromova,

Abror Sodiqov (video),

Ulug‘bek To‘xtayev (montaj), O‘zA