Sablyachilarimiz Osiyo kubogida g‘olib bo‘ldi
Toshkentda qilichbozlik bo‘yicha davom etayotgan kadetlar o‘rtasidagi Osiyo kubogining navbatdagi kuni sablya yo‘nalishida jamoaviy, shpaga bo‘yicha esa yakkalik bahslari o‘tkazildi.
Sablya yo‘nalishida O‘zbekiston terma jamoasi so‘nggi hal qiluvchi final uchrashuvida Qozog‘iston termasini 45:39 hisobida taslim etgan holda oltin medalni qo‘lga kiritdi. Qozog‘istonlik qilichbozlar esa kumush medal bilan taqdirlandi. Iroq va O‘zbekiston-2 terma jamoalari esa kuchli uchlikdan joy oldi.
Osiyo kubogining shpaga yo‘nalishidagi yakkalik bellashuvlarida ikki o‘zbek qilichbozi — Qobiljon Kamolov va Vadim Bagautdinov final bosqichida o‘zaro to‘qnash keldi. Unda Qobiljon 15:14 hisobida zafar quchdi. Shu tariqa Q.Kamolov oltin, V,Bagautdinov kumush medali sohibiga aylandi. Mazkur yo‘nalishda qozog‘istonlik Aleksandr Sheshin va yosh sportchimiz Sardor Suyonov bronza medaliga ega chiqdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA