Sablyachi yigitlarimiz Osiyo chempionatida ikkinchi bo‘ldi
Indoneziyaning Jakarta shahrida qilichbozlik bo‘yicha Osiyo chempionati o‘tkazildi. Sablya yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston erkaklar jamoasi jamoaviy bellashuvlarda kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Qit’amizning 15 ta milliy jamoasi ishtirok etgan ushbu musobaqada Alpamis O‘roqboyev, Sardor Abdukarimbekov, Azizbek Karimboyev, Artur Begjanovdan iborat terma jamoamiz 1/8 finalda Avstraliyani 45:40, yarim finalda Hong Kong jamoasini 45:34 hisobida taslim etdi. Afsuski, final bahsida Xitoy terma jamoasiga kichik farq bilan mag‘lubiyatga uchradi.
Shu tariqa, Osiyo chempionatida Xitoy birinchi, O‘zbekiston ikkinchi, Janubiy Koreya va Hong Kong uchinchi o‘rindan joy oldi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA