Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“SAB’AI SAYYOR” Namangan teatri sahnasida  (+video)
15:29 / 2023-12-25

Namangan viloyati musiqali drama teatri g‘oyat murakkab janrdagi asarni sahnalashtirdi. Gap shundaki, Navoiyning “Hamsa” to‘plamidan joy olgan “SAB’AI SAYYOR” dostonidagi voqelik, g‘oya, shoh Bahrom shaxsiyati turli olimlar tomonidan turlicha talqin etilgan. Chunki Bahromni shoir butun jahonga egalik qiluvchi ammo faqirlikni ixtiyor etib mol-davlatga xirs qo‘ymagan podshoh sifatida tavsiflaydi. Bu bilan buyuk Navoiy dunyoni boshqarayotgan podshohlar avvalo nafsni o‘z izmiga bo‘ysundirishi, yo‘qsa aynan nafs balosi uning yengilmas dushmaniga aylanishini go‘zal g‘azallari, aytishuv va qahramonlar monologlarida izhor etadi.

Voqelik Diloromning musavvir chizgan siymosiga tamomila asir bo‘lib qolgan shoh Bahromning kechinmalari atrofiga qurilgan.

–U shunaqangi chiroyli ediki. Uning chiroyiga mahliyo bo‘lib, badjaxillikni ham, qo‘pollikni ham birdek unitadi. Shohlikni ham goh gohida unutib qo‘yadi. Dunyodan uziladi desak ham bo‘ladi. Sevgi bilan u mast bo‘ladi deb o‘ylayman. Shuni tasvirlashga xarakat qildim,– deydi Bahrom roli ijrochisi akter Rahmatullo G‘aybullayev.

Ammo sevgisiga vafo qilolmagan shoh Diloromni saroydan haydab soladi, keyin esa ayriliq iztirobida xalqqa zulm qiladi, urushga kiradi.

Ishq yo‘lida qurbon bo‘lgan shoh avlodlarga ibratli nasixatlar qoldirgan.

– Men o‘ylaymanki Alisher Navoiyni g‘oyalari, Alisher Navoiy ilgari surgan fikrlar bugun ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan. Navoiyning fikrlariga, o‘gitlariga, nasixatlariga biz bugun muhtojmiz,–deydi Dostonbek Haqberdiyev.

Asar rejissurasida ramzlarga katta o‘rin berilgan. Ular sahnaga sig‘dira olinmagan tarif va tavsiflarni to‘ldiradi. 

Akterlar ijrosidagi yuksak mahoratni ham alohida ta’kidlash lozim. Ayniqsa, shoh Bahrom roli ijrochisi yosh aktyor Rahmatullo G‘aybullayev favqulodda iste’dod egasi ekanini ko‘rsatdi. U hali xalqimiz sevgan obrazlarni ijro etmoqchi. 

–Mening eng buyuk orzuim “Tohir va Zuhra”da Tohir rolini bekamu – ko‘st maromiga yetkazib ustozlarimizdan duo olgan holda ijro etish, – deydi u.

“Sab’ai sayyor” asaridagi qator g‘azallar ilgari O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev tomonidan ijro etilgandi. Rejissyor spektaklga shu qo‘shiqlarni kiritgan va ijrosini mashhur xofizning o‘g‘li Shohjahon Jo‘rayevga ishonib topshirgan. Navoiy g‘azallarining Shohjahon ijrosida sahnada yangrashi asar ta’sirini kuchaytirgan.

Yana bir gapni aytmasak bo‘lmas. Sahna asari ijrosi boshlanishi arafasida teatr binosiga viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov, uning o‘rinbosarlari, barcha shahar-tuman hokimlari kirib kelishdi. Bu ijodiy jamoaga ruhiy kuch berdi.

–Kuni kecha ijodkor ziyolilar bilan yurtboshimiz uchrashganlarida teatr san’atini alohida qayd etib o‘tdilar. Har yili deyarli 40 ta davlat teatrlarida davlat buyurtmalari berib davlat tomonidan pul ajratib, spektakllar sahnalashtirilyapti. Bu biz ijodkorlarga ilhom, ijodiy kuch beryapti, –deydi Dostonbek Haqberdiyev.

<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/Hqk1M0Y1x4Y" title="“SABʼAI SAYYOR” Namangan teatri sahnasida" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Muallif: Muhammadjon Obidov

Tasvirchi: Elyor Olimov