Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiydan “Gruziya tomonidan ushlab turilgan Ukraina fuqarosi sifatida” Rossiya-Ukraina nizosi doirasidagi fuqarolik asirlari ro‘yxatiga kiritishni so‘radi, deb xabar bermoqda “The Kyiv Independent” nashri.
– Men aniq bilaman, ukrainlar o‘z odamlarini tashlab qo‘ymaydi va sizning ham shunday qilishingizni umid qilaman, - dedi Saaakashvili.
U bu murojaatini 12 noyabr kuni kasalxonadan qamoqxonaga ko‘chirilganidan keyin yo‘llagan. Sobiq prezident jazo muddatini 2034 yilgacha o‘tashi kutilmoqda.
Avvalroq, Kiyev Moskva bilan almashinuvlar chog‘ida ukrainalik asirlarni ozod qilishga muvaffaq bo‘lgandi. 2022 yil mart oyida Saaakashvili qamoqxona xodimlari uni zaharlaganlikda ayblab chiqdi.
Ma’lumot o‘rnida: 2004-2007 va 2008-2013 yillarda Gruziya rahbari bo‘lgan Saakashvili mamlakatni G‘arb bilan yaqinlashtirmoqchi bo‘lgan. Keyinchalik u Ukraina fuqaroligini olgan va ma’lum muddat Odessa viloyati gubernatori bo‘lib ishlagan, 2021 yilda yana Gruziyaga qaytgan va hibsga olingan.
Saakashvili hokimiyatni suiiste’mol qilish, o‘zlashtirish va chegarani noqonuniy kesib o‘tishda ayblanib, alohida qarorlar bilan sudlangan, lekin u ayblovlarni uydirma va siyosiy sabablarga ko‘ra qo‘yilgan, deb hisoblaydi.
Zelenskiy bir necha bor Gruziya rasmiylarini Saakashvilining sog‘lig‘i yomonlashgani va Ukraina fuqaroligiga egaligini ta’kidlab, uni ozod qilishga chaqirgan.
O‘.Alimov, O‘zA