Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ruxsatsiz uy qurish BHMning 400-450 baravari miqdorida jarimaga sabab bo‘ladi
13:52 / 2026-01-13

Noqonuniy qurilishlarning oldini olish, sohadagi huquqbuzarliklarni kamaytirish borasidagi chora-tadbirlarga qaramay, vakolatli organlar ruxsatisiz, o‘zboshimchalik bilan turar-joy binolarini qurish holatlari davom etmoqda. Ayrim ob’ektlarda seysmik xavfsizlik talablariga to‘liq rioya etilmayapti.

Shu bois, bino va inshootlarning zilzilabardoshligi hamda seysmik xavfsizligini ta’minlash sohasida davlat nazorati va boshqaruvini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi bilan ko‘p kvartirali uy-joylarni ruxsatsiz qurganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish nazarda tutilmoqda.  

Mazkur qonun loyihasi Qonunchilik palatasining majlisida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Bosh prokuror o‘rinbosari Dilmurod Qosimovning qayd etishicha, ko‘p kvartirali uylarni ruxsatsiz qurganlik uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravari, mansabdor shaxslarga esa 450 baravari miqdorida jarima belgilanmoqda. Bunday huquqbuzarlik takroran sodir etilganda, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bo‘yicha jinoiy javobgarlik belgilash taklif etilyapti.  

Shaharsozlik kodeksida esa “master reja” tushunchasi shaharsozlik hujjatlarining alohida turi sifatida mustahkamlanmoqda. Ushbu hujjat hududlarning aniq muammolarini bartaraf etish, shaharsozlik, ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik yechimlarni uyg‘unlashtirish, shuningdek, hududlarni qisqa, o‘rta va uzoq muddatli rivojlantirishni rejalashtirishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, qonun loyihasida ko‘priklar va tonnellar, shuningdek, potensial xavfi yuqori bo‘lgan ob’ektlarni loyihalashtirish va qurish uchun berilgan litsenziyalarning amal qilish muddatini cheklanmagan holda belgilash amaliyoti bekor qilinmoqda. Qurilish-montaj ishlarini boshlashda xabardor qilish tartibidan ruxsatnoma berish tizimiga o‘tish nazarda tutilmoqda.

Ushbu tartiblar shaharsozlik faoliyati sohasida noqonuniy qurilishlarning oldini olish, aholining huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, xavfsiz va sifatli uy-joylar barpo etilishini ta’minlash, shuningdek, seysmik xavfsizlik sohasiga zamonaviy va samarali yondashuvlarni joriy etishga xizmat qiladi.  

Qizg‘in muhokamalarda deputatlar tomonidan bir qator savollar o‘rtaga tashlandi va tegishli javoblar olinib, qonun loyihasi qabul qilindi.

Muhtarama Komilova,  

O‘zA