Ko‘p kvartirali uylarni ruxsatsiz qurganlik uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravari, mansabdor shaxslarga esa 450 baravari miqdorida jarima belgilanmoqda. Bunday huquqbuzarlik takroran sodir etilganda, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bo‘yicha jinoiy javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.
Bu «Bino va inshootlarning zilzilabardoshligi va seysmik xavfsizligini nazorat qilishda davlat nazorati va boshqaruvining yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasida o‘z aksini topmoqda. Mazkur qonun loyihasi Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida qizg‘in muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, maxsus ishchi guruh tomonidan 2017-2024 yillarda qurilgan va qurilayotgan 11 ming 834 ta ko‘p qavatli uylarning seysmik holati o‘rganilganda, ularning ayrimlari zilzilaga bardosh bermasligi, ba’zilarida esa noqonuniy ravishda qo‘shimcha qavat qurilgani aniqlangan. Shuningdek, o‘zboshimchalik bilan bino-inshootlar qurish hamon davom etmoqda.
2025 yil 1 iyuldan o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino-inshootlarni Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tkazish to‘xtatilgan bo‘lsa ham, noqonuniy qurilishlar soni 213 taga oshgani aniqlandi. Ko‘rilgan choralar natijasida 128 ta ko‘p qavatli bino-inshootda noqonuniy qurilish qilingani aniqlanib, 58 tasi belgilangan tartibda buzdirilgan, 52 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Shu bois bunday holatlarning oldini olish maqsadida ishlab chiqilgan qonun loyihasi bilan bu boradagi javobgarlik yanada kuchaytirilmoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/qAwmc0NBZl0?si=a6aazx0MD_9RyUEf" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhtarama Komilova,
Oybek Davronov (video),
O‘zA