Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rus yozuvchisi Sharof Rashidov to‘g‘risida
12:02 / 2019-11-04

6 noyabr – Sharof Rashidov tavallud topgan kun


6 noyabr – Sharof Rashidov tavallud topgan kun 

O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Markaziy ko‘rgazmalar zalida buyuk davlat va jamoat arbobi, yirik adib Sharof Rashidov tavallud topgan kun arafasida tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Sharof Rashidovni bilgan, u kishi bilan birga xizmat qilgan mehnat faxriylari, yozuvchilar, jurnalistlar, poytaxt jamoatchiligi vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Sharof Rashidovning hayoti va ijodi to‘g‘risida yozilgan bir qator asarlarning muallifi, ajdodlari asli buxorolik bo‘lgan taniqli rus yozuvchisi Fyodor Ibodovich Razzoqov so‘zga chiqdi.

Moskvalik qalamkash Fyodor Razzoqovni o‘zbek kitobxonalari yaxshi bilishadi. U rus adabiyoti va san’atining yirik namoyandalari bo‘lgan kinorejissyor Nikita Mixalkov, mashhur teatr rejissyori Oleg Yefremov, buyuk davlat va jamoat arbobi, taniqli adib Sharof Rashidov, Amerikaning mashhur xonandasi Din Rid, sport ustalari Valeriy Xarlamov, Vladislav Tretyak kabi o‘nlab mashhur shaxslarning badiiy obrazlarini rus adabiyotida, publitsistikasida yaratgan mohir ijodkordir. Yozuvchi Razzoqovning asarlari asosida ko‘plab telefilmlar va ko‘rsatuvlar tasvirga olingan.

Yozuvchining “Spasti Rashidova!” hamda “Delo krasnogo uzbeka” nomli asarlari yozuvchining ijodida alohida o‘rin tutadi. Sharof Rashidovning so‘nggi yillardagi hayoti haqida hikoya qiluvchi bu asarlar 2000 yillar boshida nashrdan chiqqan. Katta hajmdagi mazkur to‘plam yaqinda Moskvadagi “Knijniy mir” nashriyotida qayta chop etildi. Fyodor Ibodovich Razzoqov kitobning bu nashrini “Urushdan qaytmagan o‘zbek bobomga bag‘ishlayman” deb buxorolik o‘zbek bobosi xotirasini chuqur hurmat va ehtirom bilan yodga oladi.

Aytish joiz, Razzaqov asarlarini o‘qir ekansiz, asar muallifini ajdodlarimizning ruhi, urf-odatlari, ota yurt tuprog‘i tortib turganligi va o‘zbek xalqining asl farzandi Sharof Rashidovga bo‘lgan mehri, hurmati cheksiz ekanini sezasiz. Bu asarlarning diqqatga sazovor yana bir tomoni shundaki, “paxta ishi”, “o‘zbeklar ishi” va Sharof Rashidov shaxsi o‘zining haqqoniy, ob’ektiv talqini va munosib bahosini topgan.