English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ruminiya elchisi Po‘latxon tog‘ida O‘zbekistonni Mustaqillik bayrami bilan qutladi
14:22 / 2023-09-01

O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan Ruminiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Daniel Kristian Chobanu Toshkent viloyati hududida, 2823 metr balandlikda joylashgan Po‘latxon yassi tog‘iga ko‘tarildi. Elchixonadan O‘zAga ma’lum qilishlaricha, diplomat cho‘qqida turib qisqa videorolik orqali o‘zbek tilida istiqlolimiz kuniga bag‘ishlab xalqimizga qutlov yo‘llagan.

Chobanu ushbu mashhur yassi tog‘ning eng yuqori nuqtasini muvaffaqiyatli zabt etgan birinchi elchi sifatida tarixga kirdi.

Po‘latxon janubi-g‘arbiy Tiyon-Shon tizmasida, Toshkent viloyati Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i hududida joylashgan.

Ruminiyaning Markaziy Osiyo mintaqasidagi ustuvor manfaati O‘zbekiston bilan siyosat, diplomatiya, savdo-iqtisodiyot, madaniyat va ta’lim sohalarida hamkorlikni mustahkamlash maqsadi bilan hamohang. Tabiiyki, diyorimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mavjud sheriklikni kengaytirish uchun yangi istiqbol ochmoqda.

2021 yil O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan elchi Daniel Kristian Chobanu Katta Chimyon tog‘iga, o‘tgan yil esa Qashqadaryo viloyatidagi Hazrati Sulton cho‘qqisiga chiqqan.

2022 yil 18 dekabr kuni Ruminiya elchixonasi O‘zbekiston Respublikasi bilan ikki va ko‘p tomonlama munosabatni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun Tashqi ishlar vazirligidan minnatdorlik maktubini qabul qilgan.

Joriy yil 7 avgust kuni Chobanu Ruminiya diplomatiyasining 161 yilligi va mamlakatimiz mustaqilligining 32 yilligini yana bir o‘ziga xos uslubda nishonlab, havo sharida parvoz qilgan edi.

B.Xudoyberdiyev, O‘zA