O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mamlakatimizdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Ruminiyaning Favqulodda va muxtor elchisi Romeo Stanchuni qabul qildi.
Suhbat davomida siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda O‘zbekiston - Ruminiya hamkorligining joriy holati va istiqboli muhokama qilindi.
Uchrashuvda ikki mamlakatning Yevropa Ittifoqi doirasidagi o‘zaro aloqalariga doir masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston tomoni Ruminiya bilan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni rivojlantirishga, jumladan, Ruminiya bozoriga ko‘plab turdagi mahsulotlar yetkazib berishni tashkil qilish orqali o‘zaro savdoni kengaytirishga alohida ahamiyat beradi.
Muloqot so‘ngida vazir elchining O‘zbekiston - Ruminiya munosabatlarini mustahkamlash va rivojlantirishga qo‘shgan hissasini yuqori baholadi.
Romeo Stanchu, o‘z navbatida, Ruminiyaning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonasi rahbari sifatidagi faoliyati doimiy qo‘llab-quvvatlangani uchun minnatdorlik bildirdi.