Ruminiya Bosh vaziri Marsel Cholyaku 5 may kuni iste’foga chiqishini e’lon qildi. Bu qaror hukumat rahbari mansub bo‘lgan partiyaning prezidentlik saylovi birinchi bosqichida mag‘lubiyatga uchragandan keyin qabul qilindi.
Cholyaku yetakchilik qilgan Sotsial-demokratik partiya (SDP) va hukmron koalitsiya qo‘llab-quvvatlagan nomzod – Krin Antonesku poygada uchinchi o‘rinni egallab, millatchi Jorj Simeon va g‘arbparast nomzod Nikusor Danga yeta olmadi.

Eslatib o‘tamiz, Yevropaning ushbu davlatida avval o‘tkazilgan saylov natijasi bekor qilingan. Rasmiylar bu holatga Rossiyaning aralashuvi va qonunbuzarlik sodir etilganini sabab qilib ko‘rsatgan. Cholyaku yangi prezident saylanishini kutmasdan iste’fo berdi. Uning aytishicha, hukmron koalitsiya xalq ishonchini yo‘qotgan. SDP esa 18 mayga belgilangan ikkinchi bosqichda hech bir nomzodni qo‘llab-quvvatlamasligini bildirdi.
Hozircha prezidentlik poygasi final qismida Simeon va islohotchi Dan o‘zaro raqobatlashishi kutilyapti. Ayrim tahlilchilar esa Cholyakuning iste’fosi siyosiy kuchlar o‘rtasidagi muvozanatni o‘zgartirib yuborishi va yangi koalitsiyalar paydo bo‘lishiga yo‘l ochishi mumkinligini ta’kidlagan.
M.Sayfullayev, O‘zA