Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Ruhiy yetim” bolalar
11:07 / 2025-10-17

Buyuk Britaniyada 2018 yilda “Yolg‘izlik vazirligi” tuzilgani bejiz emas. Angliya hukumati “yolg‘izlik epidemiyasi”ga qarshi kurashish uchun maxsus vazirlikni tashkil etishga majbur bo‘lgan. Chunki har uchta insondan biri o‘zini “qalban yolg‘iz” deb his qilgan. Bu holat mehr va insonlararo aloqaning yetishmasligi davlat miqyosidagi muammoga aylanganini ko‘rsatadi.

Demak, insonlar o‘rtasidagi mehrsizlik — faqat shaxsiy muammo emas, balki jamiyat, millat darajasidagi og‘riqli masala.

Oddiy bir misol. Atrofga boqing: 30 yoshga ham to‘lmagan ayol uch nafar bolaning onasi. Qaynonasi yoki turmush o‘rtog‘i “bola rizqi bilan tug‘iladi”, deya uni yana farzandli bo‘lishga undaydi. Natijada bolalar orasidagi yosh farqi 6-7 oydan oshmaydi. Bunday vaziyatda tabiiyki, birinchi farzandga e’tibor, mehr kamayadi. Bolaga doimo ukasi yoki singlisiga qarashi kerakligi uqtiriladi.  

Ba’zan ikkinchi yoki uchinchi farzandlar ham adolatsiz munosabat qurboni bo‘ladi. Ular akasining kiyimini kiyadi, uning o‘yinchog‘ini o‘ynaydi, o‘z xohishlariga e’tibor berilmaydi. Shuning natijasida bolada “menga hech kim qaramaydi”, “men ortiqchaman” degan fikr paydo bo‘ladi. Bu tuyg‘ular katta yoshda sevgi va mehrni to‘g‘ri ifoda etish qobiliyatini ham zaiflashtiradi.

Psixologlarning fikricha, bola hayotining dastlabki 5 yilida yetarlicha mehr olmasa, katta bo‘lgach,  o‘ziga bo‘lgan ishonch hissi sust bo‘ladi. Agar yosh oilalar farzandlar orasidagi tug‘ilish vaqtini to‘g‘ri rejalashtirishsa, har bir bola yetarli mehr va e’tibor bilan o‘sadi.  

Psixologlarning ta’kidlashicha, bolalikdagi mehr yetishmovchiligi inson qalbida chuqur ruhiy jarohat qoldiradi. Bu jarayon katta yoshda ham o‘z ta’sirini yo‘qotmaydi. Masalan, AQSHdagi Garvard Universitetining 2020 yilgi tadqiqotiga ko‘ra, bolalikda mehr va e’tibor yetishmagan insonlarda katta bo‘lgach depressiya xavfi 40 foizga, agressiya darajasi esa 2,5 baravarga yuqori bo‘lar ekan.  

O‘zbekistonda ham bu holatni turmushdagi misollarda ko‘rish mumkin. Ko‘plab oilalarda ota yoki ona mehnat migratsiyasi sababli uzoqda bo‘ladi, bola esa buvisi yoki qarindoshlari qo‘lida o‘sadi. U moddiy tomondan ta’minlangan bo‘lsa-da, ruhiy yetimlik holatida yashaydi. Shuning uchun ham u katta bo‘lib jamiyatda hissiz, befarq va mehrsiz shaxs sifatida shakllanadi.

Mehrsizlik nafaqat bolalikda, balki kattalar hayotida ham o‘zining og‘ir izini qoldiradi.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi besh yil ichida O‘zbekistonda ajrimlar soni 40 foizga ko‘paygan, sabablar ichida “bir-biriga e’tiborsizlik” birinchi o‘rinlardan joy olgan. Demak, oilada so‘zlashish, tinglash va o‘zaro g‘amxo‘rlik madaniyati yo‘qolganda muhabbat ham, ishonch ham so‘nadi. Bu esa oilaviy muhitdagi mehrsizlikning ochiq ifodasidir.

Mehrsiz muhit faqat oila bilan chegaralanib qolmaydi — uning ta’siri butun jamiyatga yoyiladi. BMTning 2022 yilgi hisobotida qayd etilishicha, yoshlar orasidagi zo‘ravonlik va qo‘pol xatti-harakatlar, ayniqsa, mehr va nazorat yetishmagan muhitda o‘sganlarda ancha yuqori.  Ma’lumotlarga ko‘ra Londonda  so‘nggi besh yilda yoshlar o‘rtasida sodir bo‘lgan nojo‘ya xatti-harakatlarning 70 foizi tarbiyada mehrsiz muhit ta’siri bilan bog‘liq bo‘lgan.

Buning ildizi — uydagi mehrsizlik va muhabbat yetishmasligida. Demak, mehrsiz muhitda o‘sgan bola nafaqat o‘z hayotini, balki butun jamiyatdagi munosabatlar muvozanatini ham buzishi mumkin.

Aslida mehrsizlik — ko‘zga ko‘rinmas, lekin jamiyatning eng og‘riqli dardi. Agar ota-ona bolasini tinglamasa,  mehr o‘rnini sukut egallaydi. Shu sukutdan esa nafrat, befarqlik va yolg‘izlik tug‘iladi.  

Shuning uchun mehrni boshqadan kutmaylik. Avvalo, o‘zimizdan boshlaylik — uyimizda, ishimizda, ko‘chada. Chunki mehr bor joyda tinchlik bor, mehr bor yurakda umid bor.

Nigora Rahmonova, O‘zA