Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ruhiy quvvat va ishonch ulashish baxt
17:05 / 2025-09-25

Insonlarga yordam faqat moddiy ko‘mak emas. Uni chin dildan tinglay olish, dardini his etish va qalban yordam qo‘lini cho‘zish orqali ruhiy ko‘mak ham berish mumkin.

Ohangaron tumanidagi Tut mahallasida faoliyat yuritayotgan kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodim Mahliyo G‘oyipova har kuni ana shunday mehr va e’tiborga asoslangan yondashuvni o‘z ishida namoyon etmoqda. Hozir Tut mahallasida 2 ming 843 nafar aholi istiqomat qiladi. Bu yerda 652 ta xonadon va 878 ta oila ro‘yxatga olingan bo‘lib, shulardan 45 nafari nogironligi bo‘lgan shaxslardir. Yil boshidan buyon ijtimoiy xizmatlar yo‘nalishida 400 ga yaqin murojaat kelib tushgan va ularning 80 foizdan ziyodi ijobiy hal etilgani tizimning samaradorligini yaqqol ko‘rsatib turibdi. 

Mahallaning Anhor ko‘chasida istiqomat qiluvchi 2-guruh nogironligi bo‘lgan shaxs Fayziddin Bozorovning hayoti ham bu tizim orqali ijobiy tomonga o‘zgardi. Mahliyo G‘oyipova uning xonadoniga borib, yolg‘iz ekanini aniqladi. Shundan so‘ng unga tegishli tartibda amaliy yordam ko‘rsatildi. 

Fuqaroga ijtimoiy assistent biriktirildi, homiylar yordamida uyi ta’mirlandi. Bepul dori-darmon yetkazib berildi va sog‘lomlashtirish uchun sanatoriyga yo‘llanma taqdim etildi. Mazkur mahallaning Yoshlik ko‘chasida istiqomat qiluvchi Rovshan Hamrayev og‘ir xastalikdan so‘ng reabilitatsiyaga muhtoj edi. Ijtimoiy xodim tashabbusi bilan unga hamshira biriktirilib, muntazam tibbiy xizmat ko‘rsatib kelinmoqda. 

– Har bir xonadonga kirib, odamlarning dardini eshitish, ularga ruhiy quvvat va ishonch ulashish ishimning eng asosiy qismi. Odamlar hayotida o‘zgarishlar bo‘layotganini ko‘rish men uchun eng katta mukofot. Shuni aytish kerak, Tut mahallasida ijtimoiy xizmatlar tizimi faqat moddiy ko‘mak emas, balki mehr, insoniy munosabat bilan taqdim etmoqda, – deydi ijtimoiy xodim M. G‘oyipova. 

A.Musayev, O‘zA.