Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ruhiy holati buzilgan shaxslarning huquqlari qanday qonunlar asosida himoya qilinadi?
14:21 / 2023-08-07

Huquqiy munosabat

"Psixiatriya yordami to‘g‘risida"gi qonunga ko‘ra, ruhiy holati buzilgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida, qonunlarida nazarda tutilgan fuqarolarning barcha huquqlari va erkinliklariga egadir. Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Javohir Eshonqulov bu borada batafsil ma’lumot berdi.  

– Ruhiy holati buzilgan shaxslar o‘zlariga psixiatriya yordami ko‘rsatilayotganda quyidagi huquqlarga ega bo‘ladi, – dedi J.Eshonqulov. – Xususan, o‘z huquqlari to‘g‘risidagi axborotni, shuningdek, o‘zining ruhiy holati inobatga olingan holda o‘zida mavjud bo‘lgan ruhiy holati buzilishining xususiyati va qo‘llanilayotgan davolash usullari haqidagi axborotni o‘zi uchun tushunarli shaklda, o‘z vaqtida hamda to‘liq olish huquqiga ega. Psixiatriya yordamini eng kam cheklovli sharoitlarda, imkoni boricha, yashash joyida olish hamda statsionar sharoitlarda psixiatriya yordami ko‘rsatadigan tibbiyot muassasasida faqat psixiatriya yordami ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan muddat mobaynida bo‘lish huquqiga egadirlar. Tibbiy ko‘rsatmalar bo‘yicha davolashning barcha turlaridan foydalanish, jumladan, sanatoriy-kurortda davolanish, psixiatriya yordamini sanitariya-gigiyena talablariga javob beradigan sharoitlarda olish, profilaktika, tashxis qo‘yish, davolash va tibbiy jihatdan reabilitatsiya qilish usullarining, dori vositalarining hamda tibbiy buyumlarning, maxsus shifobaxsh oziq-ovqat mahsulotlarining, ilmiy tadqiqotlarning yoki o‘quvning sinovlar ob’ekti sifatida foydalanilishga, shuningdek foto, video yoki kinotasvirga olishga ma’lumotlarni bilgan holda ixtiyoriy ravishda rozilik berish yoki ularni rad etish, shu jumladan tibbiy aralashuvning istalgan bosqichida rad etishi mumkin. Shuningdek, ushbu qonun bilan tartibga solinadigan masalalar yuzasidan istalgan shifokor-psixiatrni shifokor-psixiatrlar komissiyasida ishlash uchun o‘z roziligi bilan taklif etishi va advokatdan yoki qonuniy vakildan yordam olishi mumkin. Ruhiy holati buzilgan shaxslarning huquqlari va erkinliklarini cheklashga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda yo‘l qo‘yiladi. Ruhiy holati buzilgan shaxslarning huquqlari va erkinliklarini faqat psixiatriya tashxisiga, dispanser kuzatuvida, psixiatriya statsionarida yoxud tibbiy-ijtimoiy muassasada yoki davlat ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasida turganlik faktiga asoslanib cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi. Bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno. Ruhiy holati buzilgan shaxslarning huquqlari va erkinliklarini qonunga xilof ravishda cheklaganlikda aybdor bo‘lgan mansabdor shaxslar qonunga muvofiq javobgar bo‘ladi.  

– Ruhiy holati buzilgan shaxslarga majburlov choralarini qo‘llash mumkinmi?  

– "Psixiatriya yordami to‘g‘risida"gi qonunning 16-moddasiga ko‘ra, ruhiy holati buzilgan shaxslarga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Jinoyat-ijroiya kodekslarida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha hamda tartibda sudning qaroriga ko‘ra qo‘llaniladi. Ruhiy holati buzilgan shaxslarga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimining psixiatriya muassasalari tomonidan, ozodlikdan mahrum etish tarzidagi jazoga hukm qilingan shaxslarga nisbatan esa ichki ishlar organlarining jazoni o‘tash joyidagi tibbiyot muassasalari tomonidan qo‘llaniladi. O‘ziga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilgan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimining psixiatriya muassasalarida turgan shaxslar psixiatriya statsionarida turgan ruhiy holati buzilgan shaxslarning huquqlaridan foydalanadi. O‘ziga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilgan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimining psixiatriya muassasalarida turgan shaxslar mazkur muassasada bo‘ladigan butun davrda mehnatga layoqatsiz deb topiladi. Shifokor-psixiatr huzurida majburiy ambulatoriya kuzatuvida va davolanishda turgan shaxslar bilan teng ravishda davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqa olish yoki umumiy asoslarda pensiya olish huquqiga ega.  

– Dispanser kuzatuvida turgan ruhiy holati buzilgan shaxslarning yagona elektron reyestri qaysi tashkilot tomonidan yuritiladi. U qanday ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi ?  

– Ruhiy holati buzilgan shaxsni psixiatriya statsionaridan chiqarish tartibi qanday?  

– “Psixiatriya yordami to‘g‘risida"gi qonunning 39-moddasiga ko‘ra, ruhiy holati buzilgan shaxsni psixiatriya statsionaridan chiqarish u sog‘ayib ketgan yoki uning ruhiy holati yaxshilanib, bundan buyon statsionarda davolanishi talab etilmaydigan, shuningdek, psixiatriya statsionariga yotqizish uchun asos bo‘lgan tekshiruvdan o‘tish yoki psixiatriya ekspertizasi nihoyasiga yetkazilgan taqdirda amalga oshiriladi. Psixiatriya statsionariga davolanish uchun ixtiyoriy ravishda yotqizilgan ruhiy holati buzilgan shaxsni chiqarish uning arizasiga, qonuniy vakilining arizasiga yoki davolovchi shifokor-psixiatrning qaroriga binoan amalga oshiriladi. Psixiatriya statsionariga g‘ayriixtiyoriy tartibda yotqizilgan ruhiy holati buzilgan shaxsni chiqarish shifokor-psixiatrlar komissiyasining xulosasiga yoki sudning statsionarda yotishni uzaytirishni rad etish to‘g‘risidagi qaroriga binoan amalga oshiriladi. Sudning qaroriga binoan o‘ziga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilgan ruhiy holati buzilgan shaxsni chiqarish faqat sudning qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi.  

 

Gulnoza Boboyeva,  

O‘zA