Ruhim baland, chopqir vaqtdan oʻzgandayman
Koʻngil ozodligi har bir shaxs taqdiriga,Vatan mustaqilligi butun millat taqdiriga daxldor masala.
Koʻngil ozodligi har bir shaxs taqdiriga,Vatan mustaqilligi butun millat taqdiriga daxldor masala.
Ozodlik, erkinlik kabi nekbin tuygʻular avvalo oilada har inson qalbida, ruhiyatida tomir otib,Vatan bagʻrida, jamiyat orasida kurtak otadi, gullab-yashnaydi, meva beradi.
Ota bir tup tut eksa necha avlod marvarid teradi, degan gap bor. Shunga oʻxshash, bugun butun mamlakatimiz miqyosida amalga oshirilayotgan yaratuvchilik ishlari – qad rostlayotgan imoratlar, inshootlar, bogʻu rogʻlar necha-necha avlod koriga yaraydi.
Biz tengi yoshi ulugʻlar bugun 29 yilligi nishonlanayotgan eng ulugʻ, eng aziz bayramimizning ilk yillarini yaxshi eslashadi. Oʻsha davrdagi bayram shukuhi endi takrorlanmaydi, albatta. Bir asrdan ziyod istibdoddan soʻng nasib etgan ozodlik bayramining nashidasi, xursandchiligi ayricha mahobatli edi oʻsha vaqtlar. Keyin-keyin bunday shodiyonalar yoniga Vatanimiz mustaqilligining yaratuvchilik salohiyatini namoyish etuvchi xursandchiliklar qoʻshila bordi: bayram arafasida yangi turar joylar, sanoat korxonalari, madaniy-maishiy binolar qurish anʼanaga kirdi.
Bu mohiyat-eʼtiboran toʻgʻri edi. Soʻnggi yillarda esa bu anʼana beqiyos koʻlam, yil-oʻn ikki oy muntazamlik kasb etdi. Bunyodkorlik ommaviy tus oldi. Har bir insonni izzatini joyiga qoʻyish, qadr-qimmatini eʼzozlash, yaʼni odamlarni rozi qilish, ularning dardu tashvishlari bilan yashash va bu jarayonga ularning oʻzlarini jalb etish, har bir insondagi ilmiy-ijodiy, tadbirkorlik xislatlarini yuzaga chiqarish umumxalq harakatiga aylandi.
Yangi dunyo qarash bilan yashayotgan odamlar mamlakatimiz va dunyo ahli koʻz oʻngida yangi Oʻzbekiston qiyofasini yarata boshladi. Xalqimizning yaratuvchilik qudratini oʻzida mujassam etgan Toshkent metropoliteni bundan qirq uch yil avval ishga tushgan boʻlsa, oʻsha paytda bu yer osti inshooti Markaziy Osiyoda oʻzi bir moʻjiza boʻlgan. Bugun bu moʻjiza endi yer ustida hayratga solmoqda.
Men togʻ qishlogʻi Garashada katta boʻlganman,bolaligimdan ot minib oʻsganman. Ot minsangiz,bamisoli choʻqqiga chiqib olganday oʻzingizni yuksak va magʻrur his etasiz. Ne baxtki, yerdan bir ot emas, balki ikki ot boʻyi baland yer usti metrosining yorugʻ va shinam vagonida kezar ekanman, aynan oʻsha holatni his etganday boʻldim. Tevarak-atrofni tomosha qila turib, bunday “zamonaviy tulporlar” poytaxtimiz yoqalab chopayotganidan bir hissa mamnun boʻlsam, endilikda har bir Toshkent aholisi shunday qulay imkoniyatdan foydalana boshlaganini koʻrib, ikki hissa xursand boʻldim.
Zamonaviy buyer usti xalqa metrosining ishga tushgan “Doʻstlik-2” bekatidan Qoʻyliq bekatigacha boʻlgan mazkur yoʻnalish yetti bekatdan iborat ekan, yuksak yoʻldan suvdagidek suzib borayotgan har bir vagonbamisoli har bir insonning oʻz lasettisi, oʻz kobalti, oʻz malibusiday taassurot uygʻotadi. Darvoqe, u har bir shaharlik taqdiriga daxldor. Kimdir uyiga, kimdir bozorga, kimdir ishxonaga yoʻl olgan. Hammasi unga muhtoj, hammasi undan minnatdor.
Yetti bekatni uzogʻi bilan yigirma daqiqada bosib oʻtasiz. Aytishlaricha, bundan buyogʻi endi toʻrtta vagondan iborat toʻrtta poyezd“tulporlar karvoni”day har ikki tomonga zuvillab borib-kelaveradi. Bekatlar kelinchakning uyiday orasta va koʻrkam,milliy,oʻziga xos bezaklar koʻngilga yoqadi.Turniket deysizmi, eskalator deysizmi, hammasi muhayyo. Hozircha, kuniga 46 ming yoʻlovchi qatnashi mumkin.
Bunday yer usti metrolari dunyoning bir qancha mamlakatlarida bor ekan. Seulda 61 kilometrni, Dubayda 52 kilometrni tashkil etar ekan. Bizning yer usti metromiz salkam 55 kilometr boʻlib, 35 beshta bekat poytaxtimizni xuddi chambarakday qamrab oladi. Bu degani,u har bir shaharlik uchun birday kerak. Ochigʻi, bir chiqqan odamning yana chiqqisi keladi. Koʻnglimdan shunday bir oʻy oʻtdiki, hali zamon bu yer usti xalqa yoʻnalishi toʻliq ishga tushsa, koʻp odam yengil mashinaga qaramay qoʻyadi.
Rivoyatlarda aytilishicha, qadimda avliyolar bir manzilda koʻzdan gʻoyib boʻlib, hech fursat oʻtmay,ikkinchi manzilda paydo boʻlishar ekan. Albatta, ruhiyat kuchining sehru sinoatiga taraf yoʻq. Ammo bugungi kunda yuksak insonparvarlik siyosati, ilmu tafakkur samarasi tufayli har bir inson bir manzildan ikkinchi manzilga avliyolarcha shiddat bilan yetib borayotgani aniq gap. Bunga ishonch hosil qilish uchun Toshkent yer usti metrosida sayr etish kifoya:
Osmonlarda uchgandayman,
bir qarasam,
Bir qarasam, yer yuzida
kezgandayman,
Chiqib olib,yer ustida
metrosiga,
Ruhim baland, chopqir
Vaqtdan oʻzgandayman!
Saʼdulla HAKIMOV,
Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi